Rashid Qodirov va Ixtiyor Abdullayevga qamoqxonada qiynoq bo‘lgani rostmi?
Intervyu
−
17 may 2021
30925Ma’lumki, ayni vaqtda O‘zbekiston Respublikasining sobiq Bosh prokurori Rashdi Qodirov va sobiq DXX raisi Ixtiyor Abdullayev sud tomonidan tayinlangan jazo muddatlarini o‘tamoqda. Ular jinoiy javobgarlikka tortilib, jazoga hukm etilgan kundan to bugungacha ijtimoiy tarmoqlarda dastlabki tergov va jazoni ijro etish muassasasida qiynoqlar bo‘layotgani haqida gap-so‘zlar ham paydo bo‘ldi.
Shuningdek, Ixtiyor Abdullayevning otasi va o‘g‘li videomurojaat bilan chiqib, sobiq DXX raisining betobligi, unga nisbatan qiynoq bo‘lganini ma’lum qildi.
Qodirov va Abdullayev saqlanayotgan 22-sonli jazoni ijro etish muassasasida bo‘lgan O‘zbekiston inson huquqlari “Ezgulik” jamiyati raisi Abdurahmon Tashanov QALAMPIR.UZ bilan suhbatda ushbu nomdor ikki mahbusning bugungi holati haqida ma’lumot berdi.
“Birlashgan Millatlar Tashkilotining turli tuzilmalariga Rashid Qodirovga nisbatan dastlabki tergovlar davrida qiynoqlar bo‘lgani haqida murojaatlar bo‘lgan. Men bu haqda uning o‘zidan so‘radim. Haqiqatan ham shikoyat yozganmisiz, chunki delegatsiya a’zolari bizdan ham so‘ragan, deb aytganimda, “yo‘q, men yozmaganman”, deb javob qildi. Bu menga ishonmaganidanmi yoki komissiyamizning kuchi ko‘p narsaga yetmasligini bilganidanmi, bilmadim...
O‘zining aytishicha, u bir oydan keyin, ya’ni 5 iyun kuni manzil koloniyaga chiqariladi. Men unga OAVda uning yuragi bilan bog‘liq muammosi borligini yozishganini eslatdim va hozirgi ahvoli bilan qiziqdim. U yana gapni qisqa qildi va ahvoli yaxshiligini aytdi. Xayrlashayotib, “men yana ikki soat davomida shu yerda bo‘laman, agar jurnalistlarga, jamoatchilikka, kerak bo‘lsa, xalqaro jamoatchilikka aytishni xohlagan gaplaringiz bo‘lsa, menga murojaat qiling”, dedim va xursand bo‘lib xayrlashdik.
Mahkum sifatida u odamni ham tushunaman. Unga nisbatan hech qanday adovatimiz yo‘q, u ham tezroq oilasi bag‘riga qaytsin. U hammaga jazo muqarrarligi va hamma qonun oldida bir ekanini ko‘rdi”.
Tashanov so‘zida davom etarkan, Ixtiyor Abdullayevning bugungi ahvoli xususida ham ma’lum berdi. U shunday deydi:
“Xalq orasida Ixtiyor Abdullayev, hatto, maishiy moddalarda ham ayblanibdi, degan gaplar chiqib ketgandi. Men bu odamning hujjatlarini ko‘rib amin bo‘ldimki, bunday narsa yo‘q. U Jinoyat kodeksining 242 va 301-moddalari bilan qamalgan.
Yaxshi xabaringiz bor, Ixtiyor Abdullayevning otasi va o‘g‘li unga nisbatan dastlabki tergovlar davrida qiynoqlar bo‘lganini aytib chiqishgan edi. Ayniqsa, otasi BBC jahon xizmatiga intervyu berib, qiynoqlar va Abdullayevning salomatligi og‘irligi haqida gapirgandi.
Ixtiyor Abdullayev bilan uchrashishdan avval men bilan gaplashishda ehtiyotkor bo‘lishini taxmin qilgandim. Shuning uchun suhbatdan avval uning tibbiy ma’lumotlari va shikoyatlarini o‘rganib chiqdim. Ishontirib aytamanki, bunda hech qanday to‘siqlar bo‘lmadi. Tibbiy ma’lumotlariga ko‘ra, Abdullayev bo‘yin qismidagi og‘riqlardan shikoyat qilar ekan va surunkali xastaligi bor mahkumlar toifasiga kiradi. Otasi va o‘g‘li aytganidek, Ixtiyor Abdullayevda ko‘z bilan bog‘liq kasalliklar ham mavjud. Qamalishidan 4 yil avval Germaniyada ko‘z gavhari bilan bog‘liq jarrohlik amaliyotini ham o‘tkazgan ekan.
Men u bilan uchrashuvda salomatligidan oila a’zolari va jamoatchilik xavotirda ekanini aytdim. Gaplarini jamoatchilikka yetkazishni va’da qildim. “Hech qanday shikoyatim yo‘q”, deb javob qildi. Uch-to‘rt marta “Bizning ishimiz davlatimiz rahbarining e’tiboriga tushsa, u kishi adolat qiladilar, u adolatli odam”, deb aytdi.
Men jurnalistligimga borib, kasbim nuqtayi nazaridan undan qiynoqlar xususida so‘radim. “Bugungacha nima bo‘lsa bo‘lgan, hozir qiynoqlar yo‘q”, deb javob berdi".
Eslatib o‘tamiz, sud hukmiga ko‘ra, Ixtiyor Abdullayev jinoiy uyushma tashkil etib, mansab vakolatini suiste’mol qilib, uyushgan guruh va jinoiy uyushma manfaatlarini ko‘zlab, juda ko‘p miqdorda pora olish, O‘zbekiston Respublikasining manfaatlariga xilof ravishda bitimlar tuzish, tovlamchilik, o‘zlashtirish yo‘li bilan talon-toroj qilish, bojxona to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini buzish va shu kabi bir qator jinoyatlarni sodir etganlikda aybli deb topilib, jinoyatlar majmui tariqasida 18 yil muddatga ozodlikdan mahrum etilgan.
2019 yil 26 iyun kuni O‘zbekiston Respublikasining sobiq Bosh prokurori Rashid Qodirov va boshqalarga oid (jami 13 nafar shaxs) jinoyat ishi bo‘yicha ayblov hukmi e’lon qilindi.
Sudning hukmi bilan, 2000-2015 yillarda O‘zbekiston Respublikasining Bosh prokurori lavozimida faoliyat ko‘rsatib kelgan Rashid Qodirov, shu davrlarda prokuratura va boshqa huquqni muhofaza qiluvchi idoralarda katta lavozimlarida ishlagan M. Mirzayev, J. Fayziyev, U. Sunnatov, R. Pulatov, A. Musashayxov, U. Xurramov, Yu. Gaipov, A. Mirzayev, M. Mirzayeva, fuqarolar S. Kosimov, A. Ikramov va X. Axmedjanov bilan o‘zaro jinoiy til biriktirgan deb topildi.
Ular bir guruh bo‘lib pora olish, pora berishga dalolat qilish, firibgarlik, soliqlar yoki boshqa majburiy to‘lovlarni to‘lashdan bo‘yin tovlash, tergov qilishga va sud ishlarini hal etishga aralashish, jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish kabi, hokimiyat, boshqaruv va jamoat birlashmalari organlarining faoliyat tartibiga qarshi bir qator og‘ir va o‘ta og‘ir jinoyatlarni sodir qilganlikda aybli deb topildi.
LiveBarchasi
Putin xalqiga murojaat qildi.
21 noyabr