QALAMPIR.UZ aralashuvi bilan namozxonlarni bezovta qilgan reklama olib tashlandi

Jamiyat

image

Kuni kecha QALAMPIR.UZ’ga murojaat kelib tushdi. Unda muqaddas Islom diniga e’tiqod qiluvchi bir guruh jamoatchilik vakillari shahar markazidagi masjidlardan birida o‘zlari duch kelgan holatni bayon etib, bu ularning diniy amallarni bajarishlariga qiyinchilik tug‘dirayotgani, qolaversa, Islom dini arkonlariga to‘g‘ri kelmasligini yozishgan.

Gap shundaki, poytaxt markazidagi ko‘p qavatli Chorsu mehmonxonasi devoriga vertikal shaklda FONON zargarlik buyumlalari reklama banneri joylashtirilgan bo‘lib, unda tilla taqinchoqlarni taqib olgan ayol surati aks etgan. Ushbu surat shaharning bir necha chaqirimidan yaqqol ko‘rinadi. Jumladan, reklama banneri joylashtirilgan binoga yaqin bo‘lgan Xo‘ja Ahror Vali masjididan ham. Surat aynan qiblaga qarama-qarshi joylashtirilgan va ibodatchilarning noroziliklariga sabab bo‘lgan. Masjid ichiga sig‘may, tashqarida ibodat qilayotganlar esa ancha vaqtgacha qibla tomonda ushbu ayol suratiga qarab yuzlanib, ibodat qilishga majbur bo‘lganlar.

Darhaqiqat, Islom dini shariatida namozxonning kiyimida, sajdagohida va orqa tarafidan boshqa joylarda jonli narsalar, jumladan inson va hayvon surati bo‘lishi makruhdir, deb ta’kidlab o‘tilgan. Shuningdek, hadisi shariflarda jonli narsaning surati bor uyga farishtalar kirmasligi, bunday surat bor joyda namoz o‘qish namozning durustligiga xalal bermaydi, ammo namozda chalg‘ishni istamagan kishi ibodat mahal surat va haykalchalarni o‘zidan uzoqroq qilishi kerakligi aytilgan.

Yuqorida aytib o‘tilgan murojaat yuzasidan QALAMPIR.UZ tahririyati darhol FONON zargarlik zavodining reklama bo‘yicha mas’ul xodimiga bog‘landi. Ushbu masala bo‘yicha joriy yilning 29 aprel kuni QALAMPIR.UZ rahbari FONON zavodiga borib, mas’ullar bilan uchrashdi va banner yuzasidan murojaatni yetkazib, uni olib tashlash bo‘yicha chora ko‘rishga chaqirdi. Murojaat mazmuni batafsil tushuntirilgandan so‘ng, zavod mas’ul xodimlari reklama banneri joylashtirilayotganda uning atrofdan, xususan masjid hovlisidan qanday ko‘rinishi hisobga olinmaganini ma’lum qildilar. Zavod rasmiylari ushbu masala ertagayoq ijobiy hal qilinishini va’da qildi.

Qo‘shma harakatlar natijasida bugun, 30 aprel kuni “Chorsu” mehmonxonaning tashqi devor qismiga o‘rnatilgan FONON zargarlik zavodiga tegishli ayol kishining rasmi tushirilgan reklama banneri o‘zgartirildi.

Biz tadbirokorlar faoliyatiga to‘sqinlik qilinishini oqlamaymiz, aksincha, bugungi kunda tadbirkorlar davlatga madodkor. Tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirishning asosiy quroli bu narx, sifat va reklama ekanini ham yaxshi bilamiz. Albatta, tadbirkorlar ishlab chiqargan mahsulotlarning xaridorgir bo‘lishida reklamaning o‘rni beqiyos. Ammo O‘zbekiston aholisining aksari Islom diniga e’tiqod qiladi. Ishbilarmonlar masjidlar atrofida reklama bannerlarini joylashtirishda shu omillarni ham inobatga olsa, nur ustiga a’lo nur bo‘lardi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

338

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing