Yog‘-moy QQSdan ozod qilingani bilan narxlar tushmaydi – mutaxassis

Intervyu

Joriy yilning mart-aprel oylarida o‘zbek oilasi qora qozonining ajralmas bo‘lagi bo‘lgan yog‘-moy mahsulotlari narxining keskin ko‘tarilib ketishi aholining jiddiy e’tirozlariga sabab bo‘lmoqda. O‘zbekiston tomoni yog‘ning narxi ko‘tarilib ketishini jahon bozorida narxlar oshishi va o‘tgan hosil yilida yetishtirish hajmlari nisbatan kamroq bo‘lgani uchun asosiy yetkazib beruvchilardan bo‘lgan qo‘shni davlatlarda kungaboqar yog‘i va urug‘i eksportiga yuqori bojxona bojlari belgilanishini sabab qilib ko‘rsatdi.

Aholi noroziligining ortib borishi Hukumatni harakatga tushishga majbur qildi. Qisqa muddatda yog‘ import qiluvchi va ishlab chiqaruvchilar yukini yengillatish uchun xorijdan olib kelingan moy hamda pista va zig‘ir urug‘ini vaqtinchalik QQSdan ozod qilish to‘g‘risida qonun ishlab chiqildi. Hozirda qonun Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va Senati tasdig‘idan o‘tgan va Prezident imzolashi kerak. Ammo bu qonun qanday natija berishi hozircha mavhum bo‘lib turibdi.

Tabib tabib emas, boshidan o‘tkazgan tabib. Hukumat, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va Senati ushbu qonunni ishlab chiqish va qabul qilishda yog‘ ishlab chiqaruvchi va import qiluvchilarning dardlari va muammolariga qanchalik quloq tutdi? Yog‘ va homashyoni QQSdan ozod qilish bilan muammo hal bo‘ladimi yoki yomg‘irdan qochib do‘lga tutilinadimi? Tadbirkorlarga import uchun yengillik berilganidan so‘ng, mahsulotlar narxi tushadimi yoki ular cho‘ntak g‘ami bilan yuqori narxlarni saqlab qoladimi. Shu va boshqa savollarga javob olish uchun “Ecoborn INC” yog‘ ishlab chiqarish kompaniyasi direktor o‘rinbosari Bahodir Qudratullayev bilan suhbatlashdik.

Feruza Najmiddinova, jurnalist: — Hozir ko‘pchilikdan yog‘ narxi nega ko‘tarilib ketganligini so‘rasak, har xil javob olyapmiz. Siz mutaxassis sifatida bu holatni qanday izohlaysiz?

Bahodir Qudratullayev, “Ecoborn INC” yog‘ ishlab chiqarish kompaniyasi direktor o‘rinbosari: — Bu narsa yangilik emas. Ushbu holat, ya’ni bozorlardagi narxning oshib ketishi 2019 yilning sentyabr va oktyabr oylarida prognoz qilingan edi. BMTning oziq-ovqat xavfsizligi bo‘yicha sektori bir necha marta davlat rahbarlarini aholi soni oshib borayotgani sababli qishloq xo‘jalik mahsulotlarining tanqisligi vujudga kelishi haqida ogohlantirdi. Buni esa muammoning asosiy sababi desak bo‘ladi. Bugungi kunda Rossiya va Ukraina Yer yuzida yetishtiriladigan pistaning 60 foizini yetkazib beradi. Eksport qilinadigan xomashyo va tayyor mahsulotning kamida 40 foizi shu ikkita davlatdan kelib chiqayotgan narxga bog‘liq bo‘ladi. 2020 yilda mana shu ikkita davlatda ob-havo har yilgidan issiqroq bo‘lgani sababli 14 foizga kam hosil olindi. Ya’ni Ukrainada 2019 yilda 16 million tonna, 2020 yilda esa 13 yarim million tonna hosil olindi. Rossiyada ham xuddi shunday, 2019 yilda 15 million tonna atrofida olingan edi, 2020 yilda 13 yarim million tonna hosil olindi. Yana bir ma’lumot, Xitoy oldindan soya yog‘idan foydalanardi. Ammo joriy yildan faol tarzda pista yog‘ini iste’mol qilishni boshladi. Bilamizki Xitoy bozori juda katta. Uni yog‘ bilan tam’minlash mushkul narsa. Shuning uchun ham Xitoy Rossiyadan pista mahsulotlarini olib chiqib ketishni boshladi. Bu esa mahsulotning qimmatlashishiga olib keldi. Yil boshida mahsulot narxi 370 dollardan boshlangan bo‘lsa, savdoga Xitoy kirib kelishi bilan har hafta 10 dollardan qo‘shila boshladi. Natijada Rossiyada yog‘ yetkazib berishda muammolar kelib chiqishni boshlagach, Yog‘ ishlab chiqaruvchilar birlashmasi hukumatga pista mahsulotini sotib olish uchun boj joriy etish taklifi bilan chiqdi. Bundan keyin Xitoy pistani Rossiyadan emas Qozog‘istondan olib chiqib ketishni boshladi. O‘zbekiston uchun ham “yo‘l kira” jihatdan qulay bo‘lgan davlat Qozog‘iston hisoblanadi. Qozog‘istonda esa bor yo‘g‘i 840 ming tonna hosil yig‘ib olingan. Bu esa o‘zining ichki bozorini hamda O‘zbekiston bozorining bir qismini ta’minlashga yetar edi. Bundan tashqari Turkiya ham Qozog‘istondan pista mahsulotini olib chiqib keta boshlagach, ushbu mahsulotning tanqisligi yuz berdi. Yog‘ning qimmatlashishiga sabab esa aynan mana shu holatlar sabab bo‘ldi.

F.N.: – Hozirgina bojxona to‘lovlari oshgani, bu esa mahsulot tannarxiga ta’sir etgani haqida aytib o‘tdingiz. Bojxona to‘lovlari qachondan boshlab oshirildi?

B.Q.: – Bojxona to‘lovlari Rossiyada 9 yanvardan 30 iyungacha 30 foiz miqdorda tatbiq qilindi. Bu taxminan mahsulotning har bir tonnasiga 180 dollar atrofida. Misol uchun o‘sha paytda 500 dollar narx bo‘lgan bo‘lsa 630 dollarga aylanishi kerak bo‘ldi. Shu sababli Xitoy va Turkiya savdogarlari Qozog‘istondan nisbatan arzon narxda pistani olib chiqib keta boshlashdi. Shu bilan birgalikda transport xarajatlari ham mahsulot tannarxining o‘sishiga olib keldi.

F.N.: – Yog‘ narxining oshib ketishi oldindan prognoz qilingani haqida aytdingiz. Nima uchun narx-navo oshib tadbirkorlar “toshbo‘ron” bo‘lmasligi uchun ushbu prognoz to‘g‘ri qilinmagan? Balki yog‘ni zaxira qilib qo‘yishimiz kerak edi?

B.Q.: – Bu holat bo‘yicha dekabr oyida hukumat yig‘ilishi bo‘lib o‘tgan edi. Prezidentimiz barqarorlashtirish fondidan 5 million dollarli un, yog‘ va shakar mahsulotlarini olib kelish uchun Vazirlar Mahkamasiga topshiriq bergan edi. Agar shu narsa amalga oshirilganda edi 2 oygacha eplab tursak bo‘lardi. Bu narsa amalga oshirilgani yoki oshirilmagani haqida bizda ma’lumot yo‘qligi sababli biror aniq fikr ayta olmayman. Lekin boya aytganimizdek pista hosili kamligi haqida oldindan tahmin qilingan edi. Hukumatimiz tomonidan oktyabr oyidan boshlab yog‘ narxi bo‘yicha aholi orasida norozilik bo‘lmasligi uchun 4 oyga har bir litr yog‘ uchun kamida 1 500 so‘m subsidiya berish boshlandi. Bozorlardagi maxsus “Elga xizmat” savdo rastasidagi yog‘lar aynan mana shu subsidiya hisobiga arzonlashtirilgan. Qo‘shimcha qilib shuni aytishimiz mumkinki, tekshiruvchi organlar tarafidan bozorlarga yoki do‘konlarga kirib “Yog‘ni 20 mingdan emas, 17 mingdan sotasan”, deyish noto‘g‘ri deb hisoblayman. Chunki sotuvchi ham zarariga sotmaydi-ku!

F.N.: – Hozir 2 oyga yetadigan yog‘ zaxirasi borligini aytdingiz. Demak bu yog‘ 2 oy oldin transport xarajatlari ko‘tarilmagan va mahsulotning tannarxi oshmagan paytda olib kelingan. Bir savol tug‘iladi: nima uchun arzon olib kelingan mahsulot qimmat narxga sotilmoqda?

B.Q.: – Har bir tadbirkor o‘z faoliyatini boshlayotganda undan ma’lum bir foyda olish uchun harakat qiladi. Shu bilan birgalikda o‘zi ishlab chiqarayotgan mahsulotni sotish barobarida iste’mol bozorini ta’minlaydi. Biz o‘zimizga maqsad qo‘yib olamiz. Masalan, kunlik 150 tonna pista ishlab chiqarsak, demak bir oyga taxminan 4 ming tonna pista ishlatishimiz kerak. Bizda mana shu 4 ming tonna pista uchun mablag‘ ajratiladi va shu mablag‘ asosida ish boshlaymiz. Shu bilan birgalikda ishchilarni ham shunga mos tarzda jalb qilamiz. Bizda 150 kishi ishlaydi va shu ishchilarni ish bilan ta’minlash uchun muntazam ravishda pista olib kelishimiz kerak. Yil boshida biz 4 000 tonna pistaga mablag‘ oldik.

F.N.: – Oliy Majlis Senati “Ayrim turdagi oziq-ovqat mahsulotlariga bo‘lgan ehtiyojni ta’minlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qonun ma’qulladi, 2021 yil 1 maydan 31 dekabrga qadar O‘zbekiston hududiga o‘simlik yog‘i, kungaboqar va zig‘ir urug‘i, shuningdek, soya danagini olib kirish, o‘simlik yog‘ini ishlab chiqarish va (yoki) realizatsiya qilish bo‘yicha mablag‘lar aylanmasi qo‘shilgan qiymat solig‘idan ozod qilinishi belgilandi. Endilikda iste’molchilarda esa 1 maydan boshlab o‘simlik yog‘ini arzonlashtirilgan narxda sotib olish mumkin degan fikr shakllanadi. Qonun tadbirkorlarga qanchalik foyda beradi?

B.Q.: – Senat tomonidan qabul qilingan qonun xalq farovonligi, xalqning iste’mol savatchasining arzonroq bo‘lishi uchun qilindi. Albatta, qonunning natijasini kutishadi. 1 maydan boshlab hamma yog‘ni arzonlashtirilgan narxda olish mumkin deb o‘ylaydi. Afsuski, biz narxni arzon bo‘ladi, deb oldindan aytib berolmaymiz. Tadbirkorlar kamida ikki oylik zaxira bilan ishlaydi va o‘sha zaxiralarning barchasiga QQS to‘langan. Shu singari yog‘ni import qiladigan tadbirkorlar ham 15 foiz QQS to‘lashgan va uni mahsulot tan narxiga qo‘shib sotishlari kerak. Barcha ishlab chiqaruvchilar va yog‘ import qiladigan tadbirkorlarning byudjetga to‘lagan qo‘shimcha qiymat solig‘i masalasi ochiqligicha qolib ketadi. Bunday vaziyatda tadbirkorlar QQSni mahsulotning tannarxiga qo‘shib sotishga majbur bo‘ladi. Bundan tashqari, daromad solig‘i ham to‘lash kerak, bu esa qabul qilingan qonun natijasini bermasligi mumkin. Barcha tadbirkorlarning yog‘ zaxirasini ikki oy deb olsak, to‘langan QQS miqdori ko‘payib ketadi.

F.N.: – Oliy Majlis Senati tomonidan ma’qullangan qonun foydali bo‘lmaydi demoqchimisiz?

B.Q.: – Bizni nazarimizda qonun qabul qilinishidan avval, yog‘ ishlab chiqaruvchilar, tadbirkorlar, soliq organlari, riteylerlar bilan debat uyushtirib, qonunlarning tadbirkorlarga va ishlab chiqaruvchilarga foyda va zararlari muhokama qilinsa yaxshi bo‘lardi Deylik mahsulot olib kelindi, ishlab chiqarildi, pistadan yog‘ va shrot olinadi. Agar pistadan olinadigan yog‘ni 40 foiz, shrotni 45 foiz deb olsak, yog‘ga QQS to‘lamasligimiz mumkin, lekin shrot uchun QQS to‘lanishi kerak bo‘ladi.

F.N.: – Demak shrotning QQS bilan sotilishi go‘sht va tovuq go‘shti mahsulotlarini narxi oshib ketishiga sabab bo‘ladi to‘g‘rimi?

B.Q.: – Albatta shrotning QQS bilan sotilishi, go‘sht va tovuq mahsulotlarining narxiga ta’sir qilish ehtimoli katta.

F.N.: – Yog‘ narxining arzon bo‘lishi uchun QQSdan ozod qilish emas, balki boshqa yo‘l tutish kerak edi deyapsiz, tadbirkor sifatida qanday yo‘l tutishni tavsiya qilasiz?

B.Q.: – Aholi noroziligining asosiy sababi yog‘ narxining oshib ketishi. Hozir OAVda turli so‘rovnomalar qilishyapti, men shaharda va qishloq joylarda alohida so‘rovnoma qilishlarini tavsiya qilardim. Bir oylik maosh qanchaligi va aynan yog‘ mahsuloti uchun bir oyda qancha mablag‘ sarflanishini bilish zarur. Bilamiz davlat tomonidan “Temir daftar”, “Ayollar daftarlari” shakllantirilyapti, shu asosda ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarga 100 ming so‘mdan yog‘ puli ajratilsa, yaxshi bo‘lar edi. Oliy Majlis Senati tomonidan qonun qabul qilindi, lekin yog‘ arzonlashtirib sotiladi, deb aytolmaymiz.

F.N.: – Mazkur qonun bilan 2021 yil 1 maydan 31 dekabrga qadar kungaboqar va paxta urug‘lari, kungaboqar yog‘i va paxta yog‘iga eksport boji joriy etilishi belgilandi. Eksportga boj qo‘yilishi qanchalik foyda beradi?

B.Q.: – 2019 yilda Afg‘oniston Respublikasidagi hamkorlar bilan uzoq muzokaralardan so‘ng, 600 mln dollar atrofida eksport qilishga muvaffaq bo‘ldik. 2020 yilning sentyabr oyigacha 2 mln dollarlik yog‘ eksport qilindi. Sentyabr oyidan eksport taqiqlab qo‘yildi va buning ortidan Afg‘onistonning o‘zi Qozog‘iston va Rossiyadan mahsulot olishni boshladi. Biz esa afg‘on bozorini yo‘qotib qo‘ydik. Eksportni taqiqlash va turli bojlar qo‘yish orqali iqtisodiyot rivojlanishiga juda katta to‘siqlar qo‘yiladi. Turli to‘siq yoki imtiyozlar berilishidan oldin soha xodimlari aloqador tadbirkor, ishlab chiqaruvchilar bilan suhbatlashib ularning fikrini o‘rgangan holda xulosa qilishlarini so‘rar edim.

F.N.: – Yuqorida eksport cheklanganini aytib o‘tdingiz. Balki bu mahsulot narxini mo‘’tadil ushlab turish uchun qilingandir?

B.Q.: – Eksportni cheklash orqali yog‘ narxi pasayadi deb taxmin qilindi, ammo unday bo‘lmadi. Lekin bu aks ta’sir ko‘rsatadi. Ish boshlaganimizga 3 yil bo‘ldi va biz ayni damda O‘zbekistonning qaysi hududida, qaysi oyda qancha yog‘ ishlatilishini bashorat qila olamiz. Afg‘oniston bozoriga eksportga mo‘ljallab xomashyo buyurtma qilingan edi. Eksport to‘xtaganidan so‘ng mahsulot olmadik va bu yog‘ miqdorining kamayishiga olib keldi, ishlab chiqarish pasaydi. Solishtirishingiz mumkinki, rastalarda turgan Rossiya yog‘lari bilan O‘zbekiston yog‘lari har doim bir xil bo‘lib kelgan. To‘g‘ri, yog‘ borgan sari qimmatlashyapti. Xomashyoning narxi oshganligi sababli yog‘ narxi ham oshmoqda. 

Xulosa qilib shun aytishimiz mumkinki, Senat tomonidan qabul qilingan qonun bo‘yicha aholi 1 maydan yog‘ narxi pasayishini kutadi. Lekin bu narsa hozircha o‘z ta’sirini ko‘rsatmaydi. Chunki zaxiradagi 2 oyga yetadigan yog‘ mahsulotlarining qo‘shimcha qiymat solig‘i to‘langan. Ushbu soliqning bosimini tadbirkor o‘z bo‘yniga ololmaydi. Shuning uchun ham mahsulotning ustiga qo‘yib sotishiga to‘g‘ri keladi. Soliq idoralaridan shuni so‘rardikki, zaxiradagi mahsulotlarning qo‘shimcha qiymat solig‘i tadbirkor bo‘ynida qolib ketmasligi haqida ko‘rsatma berishsa.


Maqola muallifi

Teglar

QQS Ecoborn INC

Baholaganlar

297

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing