Andijonda “shovvozlar” soliq tizimini 35,1 mlrd so‘mga “uxlatdi”
3-sahifa
−
13:25 2632 2 daqiqa
Andijon viloyatida bir guruh shaxslar tomonidan “Soliq Mobile” ilovasi orqali 35,1 milliard so‘m mablag‘lar keshbek sifatida talon-toroj qilingani fosh etildi. Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xabar berdi.

Qayd etilishicha, Departamentning Andijon viloyati boshqarmasi tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda 6 nafar fuqaro va boshqalar o‘zaro til biriktirib, fuqaro O‘.Q.ning nomiga 3 ta, fuqaro N.Yu.ning nomiga 5 ta va R.X.ning nomiga 1 ta MCHJ tashkil etgan. Ushbu 9 ta MCHJ o‘rtasida hech qanday moliyaviy aloqalar amalga oshirilmagan bo‘lsa-da, kompyuter texnikasi vositalaridan foydalangan holda 2026 yilning mart-aprel oylarida jami 1,1 trillion so‘mlik mahsulotlar yetkazib berilganligi haqida soxta elektron hisob-fakturalarini rasmiylashtirgan. Shundan so‘ng, go‘yoki savdodan tushgan pul mablag‘larini onlayn nazorat kassa mashinalari orqali kirim qilib, fuqarolarga sotilganligi haqida xarid cheklarini chiqarib, jami 100 458 nafar fuqaroga “Soliq Mobile” ilovasi orqali keshbek sifatida to‘lab berilganligi oqibatida, 35,1 milliard so‘m byudjet mablag‘larini o‘zlashtirish va rastrata qilish yo‘li bilan talon-toroj qilinganligi aniqlangan.
O‘z navbatida, Andijon viloyati soliq boshqarmasi mas’ul shaxslari va boshqalar yuqoridagi MCHJlar tomonidan jami 1,1 trillion so‘mlik hisobvaraq-fakturalar rasmiylashtirilgani holatlari bo‘yicha korxonalarning QQS guvohnomalarini bekor qilish choralarini ko‘rmagani, shuningdek shubhali operatsiyalar haqida departament organlariga xabar bermaganligi ma’lum bo‘lgan.
Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 167-moddasi (o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish), 205-moddasi (hokimiyat yoki mansab vakolatini suiiste’mol qilish) va 228-moddasi (hujjatlar, shtamplar, muhrlar, blankalar tayyorlash, ularni qalbakilashtirish, sotish yoki ulardan foydalanish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergovga tegishliligi bo‘yicha prokuraturaga yuborilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkent shahrining Olmazor tumanida va Toshkent viloyatining Qibray tumani hamda Oxangaron shahrida jami yarim milliard so‘mdan ko‘proq elektr energiyasini talon-taroj qilganlar aniqlangan edi.
Live
Barchasi