Kreml AQSHning sanksiyalariga norozilik bildirdi
Olam
−
17 mart 2021
8420Rossiya Prezidentining Matbuot kotibi Dmitriy Peskov Vashingtonning Moskvaning AQSHdagi prezidentlik saylovlari natijalariga "ta’siri" haqidagi so‘nggi bayonotlariga izoh berdi.
Uning ta’kidlashicha, Kreml tegishli hisobotning xulosalaridan rozi emas va Moskva hech qachon AQSHdagi biron bir saylovga aralashmagan.
Peskovga ko‘ra, Rossiya na Amerikaning sobiq yetakchisi Donald Trampning, na hozirgi Prezident Jo Baydenning saylovoldi kampaniyasiga aralashgan.
Peskov hisobotni noto‘g‘ri va asossiz deb atagan.
"Mamlakatimizga qarshi navbatdagi sanksiyalarni kiritish to‘g‘risida bunday sifatsiz materiallardan foydalanilayotganidan yana bir bor afsus chekishimizga to‘g‘ri keladi. Bunday yo‘l mamlakatlarimiz o‘rtasidagi shusiz ham og‘ir bo‘lgan munosabatlarga zarar keltiradi", deya ta’kidlagan Matbuot kotibi.
Peskov, shuningdek, Rossiya tomoni kiritilishi mumkin bo‘lgan sanksiyalar bilan bog‘liq xatarlarning oldini olish va Rossiya Federatsiyasini himoya qilish uchun barcha zarur choralarni ko‘rishga majbur ekanini qo‘shimcha qilgan.
Avvalroq, Amerika Hukumati kelgusi haftada AQSHning 2020 yilgi saylov kampaniyasiga aralashgani uchun Rossiyaga nisbatan cheklov choralarini ko‘rishi mumkinligi aytilgandi.
Ta’kidlanishicha, Rossiya go‘yoki AQSHdagi prezidentlik saylovlari paytida Jo Baydenning nomzodini obro‘sizlantirishga uringan.
LiveBarchasi