Tadqiqot. 90 foiz o‘zbekistonlik propiskaga qarshi chiqdi
Jamiyat
−
14 yanvar 2020
9932Jahon banki tadqiqotchisi Uilyam Seiz o‘tkazgan tadqiqotga ko‘ra, O‘zbekiston ichki migratsiya darajasi bo‘yicha jahonda eng quyi o‘rinlarda turadi. Ta’kidlanishicha, Respublikadagi urbanizatsiya ko‘rsatkichlarida 2009 yildan buyon turg‘unlik kuzatilmoqda.
Tadqiqot muallifi ichki migratsiyaga to‘siq bo‘layotgan propiska rejimi va shaharda yashash xarajatlarining qishloq hududlarga nisbatan ancha yuqoriligi kabi ikki asosiy omilni keltirib o‘tgan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Toshkent shahrida yashash xarajatlari O‘zbekiston bo‘yicha o‘rtacha ko‘rsatkichdan 5,5 barobarga ko‘p. “Bu esa qishloqlarda yashayotgan deyarli barcha fuqarolarning poytaxtda hayot kechirishga qurbi yetmasligini bildiradi” – deyiladi taqdim etilgan ma’lumotda.
2018 yilda Toshkent shahridagi o‘rtacha maosh miqdori qishloq joylardagi o‘rtacha oylikdan 88 foizga, respublika miqyosidagi o‘rtacha maoshdan 61 foizga yuqoriroq bo‘lgan. Aholining taxminan 90 foizi – barcha registratsion cheklovlarni bekor qilish tarafdori.
O‘zbekistonliklar o‘rtasida o‘tkazilgan so‘rovda qatnashganlarning 80 foizi fikriga ko‘ra, propiska rejimini bekor qilish bilangina urbanizatsiya faollashishiga erishib bo‘lmaydi. Buning uchun shaharlarda arzon uy-joylar qurish sur’atini oshirish kerak.
Tadqiqotchining fikricha, aholining ko‘chish sur’atlari sustligi mamlakatda mehnat unumdorligi va bandlik darajasi o‘sishiga salbiy ta’sir qiladi. Buning uchun quyidagi choralar tavsiya etilgan:
- shaharlarda keng miqyosda arzon ijara uylarini qurish va ijara uy-joy bozorini shakllantirish (Singapur, Hongkong va Xitoy tajribasi);
- ko‘chmas mulk daxlsizligini ta’minlash (bu o‘z navbatida investorlarni uy-joy qurishga rag‘batlantiradi);
- ham uy-joy qurilishi bilan shug‘ulanuvchi korxonalar, ham uy-joy sotib oluvchilar uchun maqsadli subsidiyalar ajratish;
- shaharlarni rejalashtirishga (maktab, shifoxona va boshqa ijtimoiy ob’ektlar joylashuvi) alohida e’tibor qaratish va hk.
Sarvar Anvar o‘g‘li
LiveBarchasi