Husiylar urushga qo‘shildi. Guruh Isroilga hujum qildi

Olam

image

Bugun, 28 mart kuni Eron qo‘llab-quvvatlaydigan yamanlik husiylar ballistik raketalar yordamida Isroil ob’ektlariga hujum qildi. Bu haqda husiylar vakili, brigada generali Yahyo Saria ma’lum qildi.

Bu AQSH fevral oyi oxirida Eron bilan urush boshlaganidan beri guruh tomonidan yo‘llangan ilk zarbalardir.

“Zarbalar avvalgi bayonotda aytilgan maqsadlarga erishilmaguncha va qarshilik ko‘rsatish frontlariga nisbatan tajovuz to‘xtamaguncha davom etadi”, deydi Saria.

Bundan avval, 27 mart kuni general yamanlik husiylarning Isroil bilan urushga kirishga tayyorligini ta’kidlagan. 

“Biz to‘g‘ridan to‘g‘ri harbiy aralashuvga tayyorligimizni tasdiqlaymiz”, degan u.

Shuningdek, general agar Eronga qarshi kurashda AQSH va Isroilga yangi ittifoqchilar qo‘shilsa yoki Qizil dengiz Eronga qarshi “dushmanona amaliyotlar” uchun ishlatilsa, husiylar harbiy harakatlarni boshlashini qo‘shimcha qilgan.

Yahyo Sarianing so‘zlariga ko‘ra, husiylar bugun, 28 mart kuni Isroil janubidagi harbiy ob’ektlarga zarbalar bergan.

Isroil Mudofaa armiyasi (SAXAL) o‘zining Telegram-kanalida havo hujumidan mudofaa tizimlari Yamandan otilgan raketalarni tutib olayotganini ma’lum qilgan. 

“SAXAL Yamandan Isroil hududiga raketa uchirilganini qayd etdi. Havo hujumidan mudofaa tizimlari tutib olish rejimida ishlamoqda”, deyiladi bayonotda.

Ma’lumot uchun, yamanlik husiylar – rasman “Ansorulloh” deb ataluvchi Yaman Respublikasidagi diniy-siyosiy harakatning qurolli tuzilmalaridir. Husiylar Eron tomonidan norasmiy ravishda qo‘llab-quvvatlanadi va Tehrondan qurol-yarog‘ oladi. Eron Yamanni Saudiya Arabistoniga qarshi proksi-urush maydoni sifatida ishlatadi, bu esa Tehronga to‘g‘ridan to‘g‘ri aralashmasdan turib Ar-Riyodga bosim o‘tkazish imkonini beradi.


Maqola muallifi

Teglar

Eron Isroil Husiylar Yahyo Saria

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing