Husiylar Saudiyaning qiruvchi samolyotini urib tushirdi (video)

Olam

image

Kecha, 16 sentyabr kuni “Ansorulloh” husiylar harakati Yamanning Marib provinsiyasi osmonida Saudiya Arabistoni Harbiy-havo kuchlariga tegishli F-15 qiruvchi samolyotini urib tushirdi. Bu haqda harakatning harbiy vakili, general Yahyo Sariga tayanib, “The National” xabar berdi. 

Sarining ma’lumotlariga ko‘ra, qiruvchi samolyot mahalliy ishlab chiqarilgan zenit raketasi bilan urib tushirilgan. Uning qo‘shimcha qilishicha, shundan so‘ng mamlakat havo hududiga urib tushirilgan samolyotni qidirayotgan Saudiyaning F-15 va Eurofighter Typhoon qiruvchi samolyotlari kirgan, biroq husiylar ularga raketalar bilan hujum qilib, chekinishga majbur qilgan.
 
Bundan tashqari, Sari o‘tgan hafta davomida Saudiya Arabistoni HHK Yamanga 450 dan ortiq aviazarba berganini ma’lum qilgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, Al-Baydo, Marib, Taiz, Haddja, Al-Jauf va Lahj provinsiyalari hujumga uchragan.

Arab koalitsiyasi vakili general-mayor Turki al-Malikining ma’lum qilishicha, Havo hujumidan mudofaa kuchlari (HHM) 15 sentyabr kuni husiylarning dronini Saudiya Arabistonidagi musulmonlar uchun muqaddas bo‘lgan Makka shahri yaqinida, u Makka osmonidagi havo hududiga kirishidan oldin urib tushirgan. U Makka, ziyoratchilar va shahar mehmonlarining xavfsizligi “qizil chiziq” ekanini aytgan. U ushbu holat husiylarning 2017 yil iyul oyida ushbu hududga ballistik raketa uchirganidan so‘ng Makkaga hujum qilishga bo‘lgan ikkinchi urinishi ekanini eslatib o‘tgan. Husiylar bu ayblovlarni yolg‘on deb atagan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Saudiya Arabistoni husiylar zarbalari ortidan mamlakatning bir qator hududlarida, jumladan, muqaddas Makka shahri va mamlakatning ikkinchi yirik shahri Jiddada xavfsizlik ogohlantirishlarini e’lon qilgandi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing