Husiylar Isroilga hujumlarni qayta boshlaydi

Olam

image

Bugun, 28 fevral kuni Isroil va AQSHning Eronga hujumi ortidan husiylar Tehronni qo‘llab-quvvatlash maqsadida Qizil dengizdagi yuk tashish yo‘llariga hamda Isroil hududiga raketa va dron hujumlarini qayta boshlashga va’da bermoqda. Bu haqda “The Times of Isreal” xabar berdi.

Manbalarga ko‘ra, ilk hujum bugun kechqurun sodir bo‘lishi mumkin. Husiylar avvalroq AQSH Prezidenti Donald Tramp ma’muriyati bilan erishilgan kelishuv doirasida Qizil dengizdagi xalqaro kemachilik yo‘llariga hujumlarni to‘xtatgan edi. Ushbu kelishuv AQSHning husiylarga qarshi harbiy amaliyotlarini ham vaqtincha to‘xtatishni nazarda tutgan.

Bundan tashqari, husiylar G‘azo sektorida yirik janglar to‘xtatilganidan so‘ng, 2025 yilning oktyabr oyida Isroilga qarshi raketa va dron hujumlarini ham to‘xtatgan. Endilikda esa mintaqadagi keskinlik kuchayib borayotgan bir paytda, ular harbiy harakatlarni qayta tiklashi mumkinligi haqida ogohlantirmoqda.

Tahlilchilarning fikricha, agar husiylar Qizil dengizdagi kemalarga hujumlarni qayta boshlasa, bu global savdo yo‘llariga jiddiy ta’sir ko‘rsatishi, yuk tashish narxlarining oshishiga olib kelishi mumkin. Shuningdek, bu mintaqadagi harbiy-siyosiy vaziyatni yanada murakkablashtirishi ehtimoli bor.

AQSH–Isroil–Eron urushi

Bugun, 28 fevral kuni Isroil kutilmagan vaqtda Eronga qarata havodan zarbalar yo‘lladi. Ushbu zarbalar Eronning muhim ob’ektlari – Prezident qarorgohi, davlat idoralari va yadro inshootlariga tekkani iddao qilinmoqda. Eronning “Mehr” axborot agentligi Tehrondagi Eron razvedka binosiga ham hujum qilinganini yozgan. Isroil tomonidan start berilgan operatsiya “Yehuda qalqoni” deb nomlangan. Dastlabki manbalarga ko‘ra, Eronga o‘ttizdan ortiq raketalar yo‘llangan bo‘lishi mumkin.

Oradan biroz vaqt o‘tib Isroil Mudofaa kuchlari Eronga hujumni rasman tasdiqlagan. Shuningdek, Mudofaa vazirligi Isroil fuqarolaridan xavfsiz joyga yashirinishni so‘ragan. Mamlakatda shoshilinch ravishda favqulodda holat e’lon qilingan.

Shu orada AQSH Prezidenti Donald Tramp Eron bo‘yicha operatsiyalar haqida 8 daqiqalik bayonot bergan va unda Eronga qilingan hujumda AQSHning ishtirok etganini tasdiqlagan. Uning qayd etishicha, Eronga qilingan harbiy opreatsiyalar Amerika xalqini himoya qilish uchun amalga oshirilmoqda. U o‘z bayonotida eronliklarni amaldagi tuzumni ag‘darishga chaqirgan. Tramp Eron harbiy xizmatchilariga taslim bo‘lishni va buning evaziga «immunitet» olishni taklif qildi yoki “muqarrar o‘lim”ni tanlashlari mumkinligini aytgan.

Qolaversa, barcha voqealarni bir chetdan kuzatib turgan Eron sobiq valiahd shahzodasi Rizo Pahlaviy ham Eron xalqiga murojaat qilib, mamlakat uchun hal qiluvchi lahzalar kelganini ta’kidlagan. Shuningdek, u bu so‘nggi jang ekanini va unfda Eron xalqi Islom Respublikasi tuzumi ustidan g‘alaba qozonishini ta’kidlagan.

Oradan ko‘p vaqt o‘tmay endi Eron Isroil davlati hududiga qarata zarba yo‘llashni boshladi.

Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxu ham hujumlarni tasdiqlab, bayonot bergan. Unga ko‘ra, Isroil va AQSHning Eronga qarshi qo‘shma operatsiyasi Eron terror rejimi keltirib chiqarayotgan tahdidni bartaraf etishga qaratilgan. Netanyaxu maxsus murojaatida so‘nggi 47 yil davomida Eron rahbariyati Isroil va AQSHga qarshi ochiq tahdidlar qilgan hamda mintaqada zo‘ravonlik siyosatini yuritganini aytgan.


Maqola muallifi

Teglar

AQSh Eron Isroil Qizil dengiz Husiylar

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing