Husiylar Isroildan o‘ldirilgan bosh vazirning xunini olmoqchi
Olam
−
31 avgust 6467 3 daqiqa
Yamandagi husiylar kecha, 30 avgust kuni o‘z bosh vaziri va boshqa siyosiy yetakchilarning hafta boshida Isroil aviahujumlari oqibatida halok bo‘lgani uchun qasos olishga va’da berdi.
Husiylar Yaman poytaxti Sanada 28 avgust kuni amalga oshirilgan havo zarbasida bosh vazir Ahmad ar-Rahaviy halok bo‘lganini, shu bilan birga boshqalar og‘ir yaralanganini tasdiqladi.
“Biz Xudoga, aziz yamanlik xalqimizga, shahidlar va yaradorlar oilalariga qasam ichamizki, qasos olamiz va bu jarohatlarni g‘alabaga aylantiramiz”, dedi husiylarning Oliy siyosiy kengashi rahbari Mahdiy al-Mashat videomurojaatida.
Ar-Rahaviy husiylarning Eron qo‘llab-quvvatlaydigan qanotida Isroil hujumlari oqibatida halok bo‘lgan eng yuqori martabaga ega shaxs hisoblanadi. Guruh bayonotida aytilganidek, vazirlar “o‘tgan yildagi faoliyat va ish samaradorligini baholash uchun o‘tkazilayotgan odatiy yig‘ilish” paytida nishonga olingan. Xabarlarga ko‘ra, yig‘ilishda husiylarning sirli yetakchisi nutq so‘zlashi kutilgan va bu Isroil uchun husiylar rahbarlarini bir vaqtda yo‘q qilish uchun qulay fursat bo‘lgan.
Husiylarning mudofaa vaziri general-mayor Muhammad Nosir al-Atifiy hujumdan so‘ng televideniyeda bergan bayonotida husiylar “AQSH qo‘llab-quvvatlaydigan sionist dushmanga qarshi barcha darajada tayyor” ekanini bildirdi.
Sanaga zarbani Isroil Mudofaa vaziri Isroil Kats ham 30 avgust kuni tasdiqladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Isroil armiyasi husiylar rahbariyatiga “benazir hal qiluvchi zarba” bergan.
“Husiylar bosh vaziri, uning ko‘plab vazirlari va boshqa yuqori lavozimli shaxslar yo‘q qilindi va yaralandi. Men “qorong‘ulik balosidan keyin to‘ngichlar balosi keladi”, deb ogohlantirgan edim – biz bu ogohlantirishni amalga oshirdik”, dedi Kats.
Husiylar 7 oktyabrdagi hujumlardan so‘ng falastinliklarga hamdardlik sifatida Qizil dengizdagi tijorat kemalarini nishonga olib kelmoqda va Isroilga bir necha raketa uchirgan, ularning ko‘pchiligi tutib olingan.
Strategiyada o‘zgarish
Gazoda urush boshlanganiga qariyb ikki yil bo‘ldi. Shu vaqt ichida Isroil Eronning eng yaqin proksilari yetakchilarini yo‘q qilish uchun kuchli razvedka ustunligidan foydalanib kelmoqda.
O‘tgan yili Isroil HAMASning siyosiy yetakchisi Ismoil Xoniyani Eron poytaxti Tehronda o‘ldirdi. Oradan ikki oy o‘tib, “Hizbulloh” yetakchisi Hasan Nasrullohni Beyrutda havo zarbasida yo‘q qildi. O‘tgan oktyabrda esa Isroil qo‘shinlari Gazoda HAMAS rahbari Yahyo Sinvarni, oradan yetti oy o‘tib esa uning ukasi Muhammad Sinvarni o‘ldirdi. HAMAS 30 avgust kuni Muhammad Sinvarning o‘limi haqida rasman tasdiq berib, Isroil tomonidan o‘ldirilgan yetakchilar suratiga uning rasmini ham qo‘shdi.
O‘tgan yil dekabr oyida Mudofaa vaziri Isroil Kats ochiqchasiga husiylar yetakchilariga ham zarba berish bilan tahdid qilgan edi:
“Biz husiy terrorchi tashkilotining strategik infratuzilmalarini yo‘q qilamiz va uning rahbarlarini – xuddi Xoniya, Sinvar va Nasrullohga qilganimizdek – Tehron, G‘azo va Livanda yo‘q qilamiz. Xuddi shuni Hudeyda va Sanada ham qilamiz”, degan edi u.
Birinchi zarba
28 avgust kuni amalga oshirilgan hujum Isroilning husiylar rahbariyatini ilk bor nishonga olishi hisoblanadi. Bundan avval Isroil asosan Yamandagi harbiy ob’ektlar va husiylar foydalanayotgan deb aytiladigan fuqarolik infratuzilmalarini urib kelgan.
Strategiya o‘zgarganidan dalolat sifatida, bu safar Isroil havo kuchlari prezident saroyi joylashgan harbiy bazani nishonga oldi. Shuningdek, ikki elektr stansiyasi va yoqilg‘i omboriga ham zarba berdi.
Husiylar Yaman shimolining katta qismini nazorat qiladi. Ular 2014 yilda Sanani egallagan. Shundan beri Saudiya qo‘llab-quvvatlaydigan koalitsiya ularni hech yo‘qota olmadi va husiylar o‘z hokimiyatini yanada mustahkamlab oldi.
Live
Barchasi