Husiylar G‘arb davlatlariga qarshi Rossiya va Xitoy bilan hamkorlik qilayotganini aytdi
Olam
−
17 mart
11207Yamandagi husiylar harakati Rossiya va Xitoy bilan G‘arb davlatlarini zaiflashtirish va bir qutbli dunyo tushunchasini yo‘q qilish uchun ishlamoqda. Bu haqda harakat Siyosiy byurosi a’zosi Ali al-Kahum ma’lum qildi.
“Yaman, Rossiya, Xitoy va BRICS mamlakatlari o‘rtasida doimiy o‘zaro hamkorlik va aloqalarni rivojlantirish, turli sohalarda bilim va tajriba almashish mavjud. Bu Amerika, Buyuk Britaniya va G‘arbni Qizil dengiz atrofidagi inqiroz botqog‘iga g‘arq qilish, ularni zaiflashib, bir qutblilikni saqlay olmasligi uchun zarur”, deb yozadi husiylar vakili o‘zining X sahifasida.
Al-Kahumning so‘zlariga ko‘ra, global kuchlar muvozanatida ko‘p qutblilikka o‘tish Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishi bilan boshlanganidan keyin sodir bo‘lgan va Falastin-Isroil mojarosining navbatdagi keskinlashuvi davrida tezlashgan.
“Xalqaro iqlim hamda Sharq va G‘arb o‘rtasidagi kuchlar muvozanatining o‘zgarishi kuzatilmoqda, ayniqsa G‘arbning Rossiyaga bostirib kirishi, uni Ukraina botqog‘iga botirib, Xitoy bilan ittifoqlarini zaiflashtirgani, qolgan Sharq va BRICS davlatlari misolida bu yaqqol namoyon bo‘lmoqda”, deydi husiylar siyosiy byurosi a’zosi.
Ma’lumot uchun, yanvar oyi oxirida Moskvada husiylar delegatsiyasining Rossiya Tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Mixail Bogdanov bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Rossiya Tashqi ishlar vazirligining ma’lum qilishicha, tomonlar Falastin-Isroil mojaro zonasidagi voqealar, Qizil dengizdagi keskinlashuvni muhokama qilgan, AQSH va Britaniyaning Yaman hududiga bergan zarbalarini qoralagan, shuningdek, Yamandagi harbiy-siyosiy inqirozni hal qilish masalasiga to‘xtalgan. Fevral oyi oxirida Bogdanov Rossiya delegatsiyasi Yamanga tashrif buyurganini, Moskva Yaman mojarosining barcha tomonlari bilan aloqada ekanligini aytdi.
G‘azo sektoridagi mojaro avj olganidan so‘ng, husiylar Isroilni o‘qqa tutishi va Falastin anklavidagi operatsiya to‘xtatilgunga qadar unga aloqador kemalarning Qizil dengiz va Bob al-Mandeb bo‘g‘ozi suvlari orqali o‘tishiga ruxsat bermasligi haqida ogohlantirdi. O‘tgan yilning noyabr oyidan beri husiylar Qizil dengiz va Adan ko‘rfazida o‘nlab tinch aholi kemalariga hujum qilgan. 14 mart kuni harakat yetakchisi Abdul Malik al-Husiy uning tarafdorlari Hind okeani orqali Yaxshi Umid burnigacha ketayotgan Isroil bilan bog‘liq kemalarga hujum qilish niyatida ekanini aytdi.
Husiylarning harakatlariga javoban Amerika rasmiylari Qizil dengizda navigatsiya erkinligini ta’minlash va kemalarni himoya qilish uchun xalqaro koalitsiya tuzilgani va Prosperity Guardian operatsiyasi boshlanganini e’lon qildi. Keyinchalik Buyuk Britaniya va Qo‘shma Shtatlar Qurolli kuchlari Yamanning turli viloyatlaridagi husiylarning harbiy nishonlariga muntazam zarba bera boshladi.
LiveBarchasi