Husayn va Qazzofiyning ayanchli qismati yoxud taxtdan to‘ntarilgan davlat rahbarlari

Tahlil

image

“Tarix o‘tmishdagi siyosat, siyosat esa bugungi tarixdir”.

Deni Didro

Qadim o‘tmish tarixiga nazar tashlasak, ko‘plab xalq qo‘zg‘olonlari, inqiloblar bo‘lganini ko‘ramiz. Ba’zi inqiloblar natijasida amaldagi hukmdor hokimiyatdan ag‘darilgan va qatl etilgan. Ushbu maqolamizda inqilob yo‘li bilan hokimiyatdan ag‘darilib, o‘limga hukm etilgan davlat rahbarlari haqida ma’lumot beramiz.

Nikolay II

1894 yil 20 oktyabr kuni Rossiya imperatori Aleksandr III vafot etdi. Taxtga uning to‘ng‘ich o‘g‘li Nikolay II o‘tiradi. 1914 yil 28 iyul kuni Birinchi jahon urushining boshlanishi podshoh hukumatiga qimmatga tushdi. Urushning cho‘zilib ketishi aholining turmush darajasiga qattiq ta’sir qildi. Mamlakatda yegulik tanqisligi boshlandi. Och qolgan xalq podshohdan norozi bo‘la boshladi.

1917 yil 28 fevral kuni Rossiya imperiyasida yuz bergan inqilob 300 yildan ortiq vaqt mobaynida hukmronlik qilib kelayotgan Romanovlar sulolasini ag‘darib tashladi. 1917 yil 2 mart kuni podshoh Nikolay II taxtdan voz kechganini e’lon qildi. 

1917 yilning oktyabr oyida hokimiyatni Vladimir Lenin boshchiligidagi  Bolsheviklar partiyasi egallab oldi. Shundan so‘ng, Bolsheviklar rahbari Lenin podshoh va uning oila a’zolarini yo‘q qilish uchun maxfiy tarzda buyruq berdi.

1918 yil 16 iyul kuni tunda, podshoh Nikolay II uning rafiqasi Aleksandra Feyodorovna va imperatorning qizlari Olga, Tatyana, Mariya hamda 13 yoshli merosxo‘r shahzoda Aleksey saroy yerto‘lasiga olib tushilib, vahshiylarcha otib tashlanadi.

Benito Mussolini (duche)

Benito Andrea Mussolini 1883 yil 29 iyul kuni Italiyaning Varano di-Kosta qishlog‘ida tug‘ilgan. Uning onasi Roza Maltoni o‘qituvchi bo‘lgan. Otasi esa temirchi edi. 1902 yilda Mussolini Lozanna shahrida taniqli iqtisodchi va sotsialist professor Vilfredo Pareto bilan uchrashadi. Uning ma’ruzalarini tinglab, Mussolini sotsialistik g‘oyalarni o‘rganadi. 

1914 yilda Birinchi jahon urushi boshlangach, Benito Mussolini 1916 yilda frontga ketadi. Ammo, u jang vaqtida oyog‘idan og‘ir yaralanib, 1917 yilda frontdan qaytib keladi.

1919 yilda Italiyada frontdan qaytgan sobiq askarlar o‘z manfaatlarini himoya qilish uchun “Fashi di kombattimento” (Quroldoshlar uyushmasi), deb atalgan tashkilotini tuzadilar. Bu tashkilotga Benito Mussolini boshchilik qiladi. Tashkilot Italiyada fashizm g‘oyalarini keng targ‘ib qildi. Shu tariqa, Mussolini siyosiy kurash maydoniga chiqib keldi.
 
1919–1920 yillar Italiya tarixiga “qizil ikki yillik” nomi bilan kirdi. Ushbu ikki yilda sotsialistlar Shimoliy Italiyadagi zavod va fabrikalarni egallab oladi. 1920 yilda mamlakatda ro‘y bergan “qizil ikki yillik” hukmron doiralarini cho‘chitib yubordi. Italiya qirol Viktor Emmanuel III kommunistik qizil to‘ntarish xavfidan dahshatga tushib, mamlakatda kuchli diktatura o‘rnatishga harakat qiladi.

1922 yilda yirik sarmoyadorlar qirol Viktor Emmanuel III ga telegramma yuborib, undan hokimiyatni Mussoliniga berishni talab etadilar. Qirol bunga javoban Mussolinini Bosh vazir etib tayinlaydi. 1922 yil 30 oktyabr kuni Benito Mussolini koalitsion hukumat tuzdi. Shu tariqa, Italiyada fashistik davlat tashkil etilib, uning rahbari Mussolini bo‘ldi.

Italiyada fashizmning tezda muvaffaqiyat qozonishida Mussolinining shaxsiy sifatlari juda katta rol o‘ynadi. U kuchli notiqlik qobiliyatiga ega edi. Mussolini fashizmni Italiyada o‘ziga xos dinga aylantirdi. U Italiyaning Qadimgi Rim imperiyasi davridagi qudratini tiklashga va’da berdi. O‘zini esa bo‘lajak imperiyaning “dohiysi”, deb e’lon qildi. Shuning uchun ham qadimgi rimliklarning “duche”(dohiy) so‘zini o‘ziga laqab qilib oldi.

Italiya 1937 yilda Germaniya va Yaponiya o‘rtasida imzolangan “Antikomintern pakti”ga qo‘shildi. Italiya dohiysi bu paktni “butun Yevropa uning atrofida birlashsa arziydigan ahdnoma”, deb atadi. Ikkinchi jahon urushida Italiya, Germaniya tarafidan jangga kirdi. Ammo, urushda tub burilish bo‘lib, Germaniya mag‘lubiyatga uchray boshladi.

1943 yil 10 iyul kuni ingliz-amerika armiyasi Italiyaning janubini ishg‘ol etdi. Italiya hukmron doiralari Mussoliniga nisbatan fitna uyushtirdi. 1943 yil 25 iyul kuni Italiya qirolining buyrug‘i bilan dohiy hibsga olinadi. Benitto Musollini va uning rafiqasi 1945 yil 28 aprel kuni Mezzegra qishlog‘ida otib o‘ldirildi, jasadlari daraxtga osib qo‘yiladi.

Zulfuqor Ali Bxutto

Zulfiqor Ali Bxutto 1928 yil 5 yanvar kuni Pokistonning Larkana shahrida tavallud topgan. U o‘zining siyosiy faoliyatini 1957 yilda Birlashgan Millatlar Tashkilotida Pokiston vakili sifatida boshlagan. Zulfiqor Ali Bxutto 1963 yilning 23 yanvarida Pokiston Tashqi ishlar vaziri lavozimiga tayinlanadi. Aynan shu vaqtda Pokiston va Hindiston o‘rtasida Kashmir muammosi avj olgan edi. U Kashmir bo‘yicha qo‘shni davlat bilan kelishishga harakat qiladi. Bxutto Pokiston Prezidenti Ayub Xonni 1966 yil 11 yanvar kuni Toshkent deklaratsiyasini imzolagani uchun tanqid qiladi va Tashqi ishlar vaziri lavozimidan o‘z ixtiyori bilan ketadi.

Zulfiqor Ali Bxutto 1967 yilda muxolif Pokiston Xalq partiyasiga asos soladi. Bxutto mamlakat bo‘ylab ushbu shiorni ilgari suradi: “Islom – bu bizning e’tiqodimiz, demokratiya – bizning hokimiyat shaklimiz, sotsializm – bizning iqtisodiy tizimimiz”. U “islom sotsializmi” deb nomlangan iqtisodiy islohotlar dasturini ilgari surib, mamlakatda demokratiyani tiklashga urinadi.

1971 yilda Pokistonda boshlanib ketgan fuqarolar urushi vaqtida amaldagi mamlakat rahbari Yahyo Xon iste’foga chiqdi. 1971 yil 21 dekabr kuni Zulfiqor Ali Bxutto Pokiston Prezidenti lavozimini egalladi. U 1972 yilda Hindiston Bosh vaziri Indira Gandi bilan Kashmir muammosini qisman hal etadi. Shundan so‘ng, Zulfiqor Ali Bxutto bir vaqtning o‘zida Pokiston Ichki va Tashqi ishlar vaziri lavozimini egallaydi.

Zulfiqor Ali Bxutto 1977 yil 5 iyul kuni Ziyo ul-Haq tomonidan mamlakatda amalga oshirilgan harbiy inqilob vaqtida qamoqqa olinadi. 1977 yil 24 oktyabr kuni Bxutto ustidan sud jarayoni boshlanadi. 1978 yil 18 mart kuni Pokiston Oliy sudi Zulfiqor Ali Bxuttoni “o‘zining siyosiy raqiblarini o‘limida aybdor”, deb topadi va uni o‘lim jazosiga hukm etadi. Bu hukmni yumshatishlarini so‘rab Rim papasi, AQSH Prezidenti Jimmi Karter, Sovet Ittifoqining rahbari Lionid Brejnev Ziyo ul-Haq nomiga maktub yozadi. Lekin, bu murojaatlarga qaramay, Zulfiqor Ali Bxutto 1979 yil 4 aprel kuni Ravalindi qamoqxonasida qatl etiladi.

Harbiy to‘ntarish qurboni

Ali Adnan Ertekin Menderes 1899 yil Turkiyaning g‘arbidagi Aydin shahrida tug‘ilgan. U 1944 yilda mamlakatdagi Jalol Bayar boshchiligidagi muxolifat partiyaga qo‘shiladi. Ammo, Menderes partiya liderlari bilan kelisha olmasdan 1944 yilning sentyabr oyida bu harakat a’zoligidan chiqadi. Adnan Menderes 1946 yilgi saylovda g‘alaba qozonib Turkiya Bosh vaziri lavozimiga saylanadi. U 1961 yilga qadar Turkiya Bosh vaziri lavozimida ish olib boradi.

Menderes davrida (1946-1961) Turkiya iqtisodiyoti sekin-asta oyoqqa tura boshlaydi. AQSH va Buyuk Britaniyaning ishbilarmon doiralari bilan yaxshi aloqada bo‘lgan Adnan Menderes ushbu mamlakatlar yordamida Turkiya iqtisodiyotiga, ayniqsa, qishloq xo‘jaligiga zamonaviy texnologiyalarni olib kiradi. 1959 yilda AQSH hukumati o‘rta masofadagi ballistik raketalarini Turkiya hududiga joylashtiradi.

1960 yil 25 may kuni general Kamal Gursel boshchiligidagi harbiy to‘ntarish natijasida Menderes hokimiyatdan ag‘dariladi va hibsga olinadi. 1960 yilning oktyabr oyida unga nisbatdan sud jarayoni boshlanadi. U Turkiya jinoyat kodeksining deyarli barcha bandlari bilan ayblangan.

1961 yilning 17 sentyabrida Turkiya harbiy sudi Menderesni o‘lim jazosiga hukm qiladi. Shundan so‘ng, Adnan Menderes sud hukmi bilan osib o‘ldiriladi.

Ruminiya diktatori

Nikola Chaushesku 1918 yil 26 yanvar kuni Ruminiyada tug‘ilgan. U o‘zining siyosiy faoliyatini 1948 yildan boshlagan. Chaushesku 1948-1950 yillarda Ruminiya Qishloq xo‘jaligi vazirining o‘rinbosari lavozimida ish olib borgan. 1950 yilning 20 martidan, 1954 yilning 19 apreligacha Ruminiya Qurolli kuchlar vazirining o‘rinbosari sifatida ish yuritadi.

1965 yil 19 mart kuni Ruminiya rahbari George Dej saraton kasalligidan vafot etdi. Uning o‘limi natijasida mamlakatda hokimiyat uchun kurash boshlandi. Bu kurashda Nikola Chaushesku g‘alaba qozonib, 22 mart kuni Ruminiya Kommunistik partiyasining Birinchi kotibi etib saylanadi. Uning taklifiga binoan, mamlakatning rasmiy nomi “Ruminiya Sotsialistik Respublikasi”ga o‘zgartiriladi.

Chaushesku Ruminiyada haqiqiy diktatura tuzumini o‘rnatdi. U o‘zining ko‘plab siyosiy raqiblarini qamoqqa olib, qatl ettirdi. Hatto, Chaushesku o‘zini Ruminiyada Xudo darajasiga ko‘tardi.

1977 yilda Ruminiyada pensiya yoshi ko‘tarilib, nogironlik nafaqasi bekor qilindi. Bu holat katta noroziliklarga sabab bo‘ldi. Mamlakatdagi 35 ming nafar konchi ish tashlab, norozilik namoyishlariga chiqdi. Chaushesku bu mitingni qonli yo‘l bilan bostiradi.

1989 yilda mamlakatda boshlangan inqilob oqibatida, Chaushesku va uning rafiqasi qo‘lga olindi. Nikola va Elena Chaushesku Jinoyat kodeksining 145-moddasi (milliy iqtisodiyotni yo‘q qilish), 163-moddasi (xalq va davlatga qarshi qurolli harakatlar), 165-moddasi (davlat muassasalarini yo‘q qilish), 356-moddasi (genotsid) bilan ayblandi.

Oliy sud Nikola Chausheskuni o‘limga hukm qildi. Shundan so‘ng, 1989 yil 25 dekabr kuni Nikola va Elena Chaushesku Tirgovishte saroyida otib tashlandi.

Saddam Husayn

Saddam Husayn 1937 yilning 28 aprelida Iroqning Tikrit shahrida tug‘ilgan. U 1979 yilda Iroq rahbari Hasan al-Bakr hukumatini ag‘darib mamlakat Prezidentiga aylandi. Saddam Husayn Iroqda rivojlangan diktatura tizimini o‘rnatdi. Husayn davlat rahbari bo‘lishdan oldin Iroq iqtisodiyoti asta-sekin rivojlanayotgan edi. Ammo, hokimiyat tepasiga kelgan  Saddam Husayn 1980-1988 yillarda qo‘shni mamlakat Eronga qarshi urush olib bordi. Bu urush Ikkinchi jahon urushidan so‘ng, eng ko‘p insonlar qurbon bo‘lgan urush sifatida tarixga kirdi. Husayn jang vaqtida kimyoviy qurollardan keng foydalandi. Shia a’zolariga qarshi qatag‘onlar o‘tkazildi. Urush Iroq iqtisodiga katta zarar keltirdi. Bundan tashqari, Iroq boshqa mamlakatlardan olgan qarzini o‘z vaqtida to‘lay olmagani uchun og‘ir moliyaviy inqirozga uchradi.

1990 yilda Iroq rahbari Saddam Husayn qo‘shni davlat Kuvaytni chegaradagi “Rumayla” neft bulog‘idan noqonuniy ravishda neft qazib olishda ayblab, undan 2,5 milliard dollar miqdorida tovon puli talab qiladi. Biroq, Kuvayt amiri shayx Jobir Al-Ahmad bu talabni bajarishdan bosh tortadi. Shundan so‘ng, 1990 yil 1 avgust kuni Iroq armiyasi Kuvaytga bostirib kiradi. Ammo, BMT Xavfsizlik kengashi Iroq qo‘shinlarini 1991 yilning 15 yanvarigacha Kuvaytdan chiqib ketishini talab qiladi. Bu urushda Iroq mag‘lubiyatga uchradi. Bu mag‘lubiyatdan so‘ng, Iroq iqtisodiyoti oyoqqa tura olmaydi. 1991 yilda mag‘lubiyat sababli mamlakatda qo‘zg‘olon boshlanib ketdi. Saddam Husayn bu isyonni qonli yo‘l bilan bostirdi.

BMT Xavfsizlik kengashi Iroq rahbarini xalqaro terrorizmni qo‘llab-quvvatlashda va ommaviy qirg‘in qurollaridan foydalanganlikda aybladi. 2003 yil aprel oyida AQSH va NATO boshchiligidagi xalqaro koalitsiya kuchlari Iroqqa bostirib kirdi. Husayn hukumati ag‘darilib, uning o‘zi qo‘lga olindi. 2006 yil 30 dekabr kuni Iroq Oliy sudi Saddam Husaynni o‘lim jazosiga hukm etdi. Iroq rahbari o‘sha kunning o‘zida osib o‘ldirildi.

Liviya diktatori

Muammar al-Qazzofiy 1942 yil 7 iyun kuni Liviyaning Sirt viloyatida badaviy oilasida tug‘ilgan. Bu oila arablarning al-Qazzof qabilasiga mansub edi. Qazzofiy 1969-1977 yillar oralig‘ida mamlakatdagi inqilobiy harakatning kengash raisi bo‘lgan. Muammar Qazzofiy 1969 yilda qirol Idrisni inqilob yo‘li bilan ag‘darib hokimiyatni qo‘lga kiritdi. U mamlakat boshqaruvini o‘z qo‘liga olgach, qo‘shni mamlakat Chadga hududiy da’volarni e’lon qildi. Qazzofiy da’vo ortidan Chadga qo‘shin kiritdi. Bu o‘z navbatida Xalqaro kuchlarning noroziligiga sabab bo‘ldi.

2000 yillarga kelib Qazzofiy Yevropa mamlakatlari bilan yaqinlasha boshladi. Yevropa magnatlariga Liviyaga kirishi uchun ruxsat berildi. Bu harakatlar mamlakatning iqtisodiy siyosiy hayotini biroz liberallashtirishga olib keldi. 2004 yilning 23 aprelida AQSH Liviyaga qarshi iqtisodiy sanksiyalarni qisman bekor qildi. 

2008 yilning avgust oyida Afrikaning 200 dan ortiq qirollari, sultonlari, amirlari, shayxlari va qabila boshliqlarining yig‘ilishida Muammar Qazzofiy “Afrika qirollar qiroli”, deb e’lon qilinadi.

2010-2011 yillarda arab mamlakatlarida hokimiyat boshqaruviga qarshi “Arab bahori”, deb nomlangan norozilik namoyishlari boshlandi. 2011 yil 15 fevral kuni Liviyada ham Qazzofiy boshqaruviga qarshi bo‘lgan muxolif kuchlar bosh ko‘tardi. Ular Qazzofiydan iste’foga chiqishini talab etdi. Mamlakatda fuqarolik urushi boshlandi. 20 fevral kuni Liviya poytaxti Tripoli muxoliflar tomonidan egallab olindi.

2011 yil 27 iyun kuni Liviyadagi fuqarolar urushi vaqtida Xalqaro jinoyat sudi Muammar Qazzofiyni qotillik va turli jinoyatlarda ayblab qo‘lga olish uchun ruxsat berdi. Shundan so‘ng, AQSH va NATO boshchiligidagi xalqaro koalitsiya kuchlari Liviyaga bostirib kirdi.

Muammar Kaddafiy bunday og‘ir vaziyatda Sirt shahriga yashirinib oladi. Ammo, 2011 yil 20 oktyabr kuni AQSH va NATO harbiylari Sirt shahriga hujum qildi. Ikkala oyog‘idan yaralangan Qazzofiy qo‘lga olinib, xalqqa topshiriladi. Shunda so‘ng, yig‘ilgan olomon Muammar Qazzofiyni urishni, haqoratlashni boshlaydi. Unga qarata turli buyumlarni otadi. G‘azablangan xalq Qazzofiyni urub o‘ldiradi. Keyinchalik, Qazzofiyning murdasi Misrat shahrida muzlatgichga solinib xalqqa namoyish etiladi.
 


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

421

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing