Husanovni tinch qo‘ying
Tahlil
−
23 mart
21423Ortda qolayotgan hafta tom ma’noda Abduqodir Husanov va futbol bo‘yicha O‘zbekiston milliy terma jamoasi atrofidagi voqealar bilan muxlislar yodida qoldi. Husanov O‘zbekistonga qaytdi, unashtirildi, to‘y sanasi belgilandi, to‘yiga to‘yona tarzda qimmatbaho avtomobillik bo‘ldi, “Siti” a’zosiga aylanganidan keyin O‘zbekistonga qaytib dastlabki intervyusini berdi, terma jamoa bilan birgalikda qo‘shni Qirg‘izistonni yengib, JCH sari katta qadam tashladi va hafta oxirida davlat rahbari Shavkat Mirziyoyevning o‘zi Abduqodir Husanov bilan uchrashdi.
Abduqodir Husanov va milliy terma jamoaga atalgan hafta dayjestimizni boshlaymiz. Assalomu alaykum.
Hafta “Manchester Siti”ning o‘zbekistonlik himoyachisi Abduqodir Husanovning vataniga qaytishi bilan bog‘liq voqea bilan boshlandi. Futbolchi 17 mart kuni O‘zbekiston terma jamoasi safida Jahon chempionati saralash o‘yinlarida qatnashish uchun yurtga qaytdi.
May oyida to‘yi belgilangan Husanovga Toshkentga kelishi bilanoq Mercedes Benz G-klass, boshqacharoq aytganda Gelendvagen avtomobili to‘yona tarzda sovg‘a qilindi.
Ushbu mashinani o‘zbek futboli funksioneri Ulug‘bek Asanboyev Husanovga sovg‘a qildi. O‘z navbatida Husanov narxi 350 ming dollarga baholangan toychoqni dadasiga tuhfa qildi.
O‘z vaqtida “Paxtakor” va “Do‘stlik” jamoalarida to‘p surgan Asanboyev so‘nggi yillarda futbolchilarning xorij klublariga o‘tishini tashkil qilishda jonbozlik ko‘rsatib kelmoqda.
“Manchester Siti” rahbariyati esa Husanovga alohida e’tibor ko‘rsatishda davom etmoqda. “Shaharliklar” rahbariyati Eronga qarshi safardagi o‘yinga borishi uchun Abduqodir Husanovga alohida samolyot ajratgan. Shuningdek, ushbu samolyot futbolchini Erondan Manchesterga olib ketishi kutilmoqda.
17 mart kuni O‘zbekiston milliy terma jamoasi 20 mart kuni bo‘ladigan Qirg‘izistonga qarshi o‘yin uchun mashg‘ulotlarga kirishdi. Jamoaning birinchi kungi mashg‘ulotlarida legioner futbolchilar Abduqodir Husanov, Eldor Shomurodov, Jaloliddin Masharipov va Abbosbek Fayzullayev ishtirok etmadi. Ko‘plab OAV terma jamoaning mashg‘ulotlarini yoritish va albatta Abduqodir Husanovdan intervyu olish maqsadida JAR stadioniga yetib kelgandi, biroq o‘sha kuni Husanov shaxsiy hayotidagi eng muhim voqealardan birida ishtirok etish uchun, biroz vaqtga javob so‘ragani ma’lum bo‘ldi.
Joriy yilning 17 mart kuni “Manchester Siti”ning o‘zbekistonlik himoyachisi Abduqodir Husanovning unashtiruv marosimi bo‘lib o‘tdi.
O‘sha kuni Husanov terma jamoaning umumiy mashg‘ulotlarida ishtirok etmagandi. Ma’lum bo‘lishicha, Husanov zamonaviy talqinda aytganda, “Marry me” marosimida qatnashgan. Marosim Toshkent viloyatining tog‘li hududlarida tashkil etilgan.
Qizig‘i, Husanov kecha, 18 mart kuni bo‘lib o‘tgan mashg‘ulot oldidan jurnalistlarga bergan intervyusida aynan to‘yi haqidagi savolni ochiq qoldirgandi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Husanovning nikoh to‘yi 27 may sanasiga belgilangan. Katta to‘yga “Manchester Siti” futbolchi va xodimlari taklif etilishi mumkin.
18 mart kungi mashg‘ulotlarda kutilganidek Abduqodir Husanov ishtirok etdi va undan intervyu olish uchun butun o‘zbek mediasi JAR stadioniga yopirilib keldi. Husanovning “shov-shuvli” intervyusini ko‘rgan bo‘lsangiz kerak, nega qo‘shtirnoq ichida deyapman, chunki futbolchiga jurnalistlar tomonidan berilgan aksariyat savollar bo‘lajak o‘yin haqida emas, balki uning to‘yi, kuyov jo‘ra kim bo‘lishi, Manchesterdan qaysi jamoadoshlari to‘yga kelishi haqida bo‘ldi. Husanovga savol bergan ayrim jurnalistlarning hatto terma jamoa bilan klubni farqlay olmasligi rostakamiga sharmandali holatdan boshqa hech narsa emas.
O‘zbekiston terma jamoasi safida Husniddin Aliqulov, Sherzod Nasrullayev, Umarbek Eshmurodov va Oston O‘runov kabi futbolchilar Qirg‘izistonga qarshi bahsni o‘tkazib yubordi.
“Rizespor” tarkibida Turkiya chempionati doirasida burnidan jarohat olgan O‘zbekiston terma jamoasi markaziy himoyachisi Husniddin Aliqulov jarohati sabab Toshkentga kelmadi. Terma jamoa ustozi Temur Kapadze Aliqulovning o‘rnini “Nasaf” himoyachisi G‘olib G‘aybullayev bilan to‘ldirdi. Shuningdek, o‘yinga bir kun qolganida “Nasaf” klubi himoyachisi Sherzod Nasrullayevning ham jarohati borligi va Qirg‘iziston termasiga qarshi bahsni o‘tkazib yuborishi ma’lum bo‘ldi. Yana bir markaziy himoyachi Umarbek Eshmurodov diskvalifikatsiyasi borligi uchun o‘yinda qatnasha olmadi. Ya’ni u Shimoliy Koreyaga qarshi o‘yinda qizil kartochkaga loyiq ko‘rilgan va Qirg‘iziston termasiga qarshi uchrashuvni o‘tkazib yuborishga majbur bo‘ldi.
Jarohatidan to‘liq forig‘ bo‘lishga ulgurmagan Oston O‘runov ham Qirg‘iziston terma jamoasiga qarshi uchrashuvni o‘tkazib yubordi. Shu sababdan Kapadze “Al-Vahda” klubi vingeri Xojimat Erkinovni jamoaga jalb qildi.
Nihoyat 20 mart Toshkent shahridagi Bunyodkor stadionida, ya’ni ortimda turgan arenada O‘zbekiston terma jamoasi JCH saralashi 3-bosqich 7-turi doirasida qo‘shni Qirg‘izistonga qarshi saf tortib, qiyinchilik bilan g‘alabaga erishdi.
Doimgidek bu o‘yin oldidan ham biletlar bilan bog‘liq muammo yuzaga keldi. Tarmoqlarda biletlar soxtalashtirilib, ko‘paytirilgani palon pulga chipta xarid qilganlar stadion to‘lib bo‘lgani uchun stadionga kira olmagani va oqibatda stadion tashqarisida qator tartibsizliklar kuzatilgani haqida xabarlar, videolar tarqaldi.
Ha aytgancha, O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi ham o‘yindan oldin qalbaki chiptalar bo‘yicha ogohlantirish bilan chiqdi.
“Aynan mana shu holatlar sababli avvalgi o‘yinlarga ko‘plab insonlar qalbaki chiptalar olgan holda stadionga kira olishmadi. Bunday nopok ishga qo‘l urganlarga qat’iy chora ko‘rilishini ma’lum qilamiz. Futbol muxlislarini chayqovchilar qo‘lidan chipta olmaslikka chaqiramiz. Qalbaki chiptalar bilan stadionga kiritilmasligi haqida ogohlantiramiz!”, deyiladi O‘FA xabarida.
Xo‘sh, qalbaki chiptalar savdosini qanday qilib bartaraf etsa bo‘ladi? Bu bo‘yicha qaysi tashkilot mas’uliyatni o‘z bo‘yniga oladi va balki, bilet oldi-sotdi tizimini isloh qilish kerakdir? QALAMPIR.UZ bu borada bir necha bor O‘FA savol bilan murojaat qilgan, tashkilot esa biletlar bilan bog‘liq barcha ishlarni bilet oldi-sotdisi bilan shug‘ullanuvchi platformaga topshirganini bayon qilgan. Balki, bu bo‘yicha o‘sha bilet oldi-sotdisi bilan shug‘ullanadigan platforma tashabbus bilan chiqar?
Mazkur holat bo‘yicha Telegram’dagi Samvel Karlenovich kanali o‘rinli bir post bilan chiqdi.
“Chiptasi bor ancha odamlar kira olmay qolishgan. Narxlar sun’iy shishirilgan. Zamonaviy QR-kod tizimi yo‘q (soxta chiptani aniqlashga va odamlarni stadionga kirishiga yordam beruvchi) Odamlarda navbat bilan turish, kirish hali rivojlanmagan. Xaus! Chiptani olgan, uzoqdan kelgan va yosh bolalar, ayollar, ko‘ngli o‘ksigan odamlar kasri urmasa bo‘ldi! Chiptasi bo‘la turib, o‘yinga tusha olmagan muxlislarga pul qaytariladi, deb umid qilamiz. Unday bo‘lmasa, bu katta xato bo‘ladi, ayniqsa, muborak oyda bunday ishlar yaxshi emas…” deb yozdi sahifa.
Endi o‘yinga to‘xtalsak.
20 mart kuni Jahon chempionati-2026 turniri Osiyo mintaqasi 3-saralash bosqichi doirasida O‘zbekiston milliy terma jamoasi Qirg‘iziston termasini qabul qildi va 1:0 hisobida g‘alaba qozondi.
O‘yinning 24-daqiqasida mehmonlar himoyachisi Alijonovni jarima maydonchasi ichida yiqitdi va hakam penalti belgiladi. Shuningdek, hakam himoyachiga qizil kartochka ko‘rsatdi. 25-daqiqada belgilangan penaltini Eldor Shomurodov golga aylantira olmadi. Ammo ketma-ket hujumlar tashkil etgan O‘zbekiston terma jamoasi 40-daqiqada Xojiakbar Alijonovning kiritgan goli evaziga hisobda oldinga chiqib oldi. Ikkinchi taym boshida Eldor Shomurodov gol kiritgan edi, ammo hakam ofsayd sabab golni bekor qildi.
Shu tariqa, O‘zbekiston milliy terma jamoasi guruh bosqichida 16 ochko jamg‘arib, 2-o‘rinni mustahkamladi. Navbatdagi o‘yin 25 mart kuni 8-tur doirasida Tehronda Eronga qarshi bo‘lib o‘tadi.
Guruhning ikkinchi o‘yinida Eron BAAni 2:0 hisobida taslim etib, 19 ochko bilan guruhda yakka peshqadam bo‘lishda davom etmoqda.
“SofaScore” portali O‘zbekiston-Qirg‘iziston terma jamoalari o‘rtasidagi o‘yin uchun futbolchilarga qo‘yilgan ballarni e’lon qildi.
Portalga ko‘ra, o‘yinda eng yuqori ballni O‘zbekiston terma jamoasi himoyachisi va bahsdagi yagona gol muallifi Xojiakbar Alijonov qo‘lga kiritdi. U 8.9 ballga loyiq ko‘rildi. Alijonovdan keyingi yuqori natija vinger Abbos Fayzullayevga tegishli bo‘ldi. U 8 ballga loyiq ko‘rildi.
O‘zbekiston terma jamoasi ustozi Temur Kapadze Qirg‘izistonga qarshi bahsdan keyin o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.
“Avvalo, hamyurtlarimizni Navro‘z bayrami bilan tabriklayman. Biz uchun eng muhimi g‘alaba edi. Imkoniyatlarimiz ko‘p bo‘ldi. Agar ertaroq gol urganimizda hisob ham boshqacha ko‘rinish olgan bo‘lar edi. Lekin bunga qaramasdan Qirg‘iziston ham yomon o‘ynamadi. Yaxshi himoyalandi. Biz endi keyingi o‘yinlarga tayyorgarlik ko‘rishimiz kerak”, deydi Kapadze.
Aytish mumkinki, O‘zbekiston guruhdagi eng kuchsiz jamoalardan biriga qarshi o‘yin o‘tkazgan bo‘lsa ham, bir kishi ko‘p bo‘la turib ham juda qiyin g‘alabaga erishdi. Qirg‘izistonga qarshi o‘yin va termaning bo‘lajak bahslari bo‘yicha Samvel Karlenovich kanalidagi quyidagi mulohazali fikrlar ham e’tiborimizni tortdi.
Xo‘p, Katanets sxemasini o‘zgartirmasdan maydonga chiqibmiz. Ammo, voqealar rivojiga qarab, o‘zgartirish qilish to‘g‘ri bo‘lmasmidi? O‘z uyimizda, 11 ga 10 o‘ynayapmiz, 5 ta himoyachi nega kerak? Bitta markaziy himoyachi o‘rniga Bobur yoki hujumkor yarim himoyachi tushsa foyda ko‘proq bo‘lmasmidi? Baribir, raqib oldinga o‘tishga kuchi yetmayapti. Demak, prinsipni muxlislar, o‘yinchilar uchun emas, jamoa foydasi uchun ishlatish kerak. Vaziyat o‘zgardimi (qizil kartochka), prinsipni o‘zgartirsa ham bo‘ladi. Katanets nega “5 ta himoyachi” bilan o‘ynardi. Sababi, 2 ta markaziy himoyachilarimiz kuchi kuchli raqibga qarshi o‘yinlarda xato qilib qo‘yish ehtimolligi ko‘p edi, bittasi xato qilsa, orqaroqda ikkinchisi “yopishi” uchun qilinardi. Kecha, unday vaziyat bo‘lish ehtimolligi juda kam edi. Hujumda ijodkorlik past. Bir xil hujumlarni ko‘rdik. Kapadzening bitta ishi - qanotlardan ko‘proq foydalanish. Bu foyda bergan vaziyatlar ham bo‘ldi. Ammo markazda Eldordan boshqa yaratuvchan o‘yinchi yetishmayapti yoki yangi usullar qo‘llanmayapti. Yana bir gap: jamoadagi «katta» o‘yinchilar va Kapadze aloqalari ijobiy deb umid qilamiz. Unday bo‘lmasa, gapini o‘tkazish juda qiyin bo‘ladi…Aniq vaziyatlar kam bo‘lishi olimpiadadagi Misrga qarshi o‘yin esga soldi…Eron va BAA ga qarshi o‘yinda, kam sonli imkoniyatni golli vaziyatga aylantirmasak, faqat krosslarga tayanish ish bermasligi mumkin”, deyiladi sahifa postida.
Ha, yana bir gap O‘zbekiston terma jamoasi Jahon chempionatiga har qachongidan-da yaqin. O‘zbekiston milliy terma jamoasi Jahon chempionati-2026 turniri Osiyo mintaqasi 3-saralash bosqichi 8-turidayoq mundial yo‘llanmasiga ega chiqishi mumkin.
Uchinchi saralash bosqichi 8-turida Qirg‘iziston terma jamoasi 25 mart kuni o‘z uyida Qatarni qabul qiladi. Ayni vaqtda 3 ochko bilan 5-o‘rinni band etib turgan Qirg‘iziston termasi 10 ochko bilan 4-o‘rinni egallab turgan Qatarni mag‘lub etadigan bo‘lsa, qirg‘izlarning ochkosi 6 taga yetadi. Qatarning ochkosi 10 taligicha qoladi va 4-o‘rindan yuqoriga ko‘tarilmaydi. Bu esa O‘zbekiston yana bir raqobatchisidan qutuladi degani.
25 mart kuni 8-tur doirasida, shuningdek, Shimoliy Koreya o‘z uyida Birlashgan Arab Amirliklarini qabul qiladi. KXDR guruhda 2 ochkoga ega va so‘nggi 6-o‘rinni band etib kelmoqda. O‘zbekistonning eng yaqin ta’qibchisi BAA esa 10 ochko bilan 3-o‘rinda kelmoqda. Agar Shimoliy Koreya BAAni mag‘lub etadigan bo‘lsa, O‘zbekiston va Amirliklar o‘rtasidagi ochkolar farqi yiriklashadi, agar O‘zbekiston Tehronda ijobiy natija qayd etsa...
Agar yuqoridagi ehtimollar amalga oshadigan bo‘lsa, ya’ni Qirg‘iziston Qatarni va eng muhimi Shimoliy Koreya BAAni mag‘lubiyatga uchratadigan bo‘lsa, O‘zbekistonning Eron bilan o‘yindagi durang natijasi ham muddatidan avval 2026 yilda AQSH, Kanada va Meksikada bo‘lib o‘tadigan Jahon chempionatiga olib chiqadi. Chunki agar durang bo‘lsa, BAA va Qatar bilan oradagi farq 7 taga yetadi. Bu esa mundial yo‘llanmasini muddatidan avval qo‘lga kiritilishiga sabab bo‘ladi.
Taxminu tahlillar o‘z yo‘liga barchasi o‘z qo‘limizda. Bo‘lajak o‘yinlardagi ijobiy natija Kapadze shogirdlarini JCHga olib chiqadi.
Aytgancha, siz O‘zbekistonni Olimpiadaga olib chiqqan Temur Kapadzening terma jamoadagi debyutini qanday baholaysiz? Bu bo‘yicha ham izohlarda fikrlaringizni kutib qolamiz.
21 mart kuni Toshkent shahridagi “Yangi O‘zbekiston” bog‘ida bo‘lib o‘tgan Navro‘z tantanasidan keyin O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev “Manchester Siti”ning o‘zbekistonlik himoyachisi Abduqodir Husanov bilan uchrashdi.
21 yoshli Husanov otasi, sobiq futbolchi Hikmat Hoshimov bilan birgalikda dastxati tushirilgan “Manchester Siti”dagi libosini Shavkat Mirziyoyevga sovg‘a qildi.
Qayd etish joiz, yanvar oyida Mirziyoyev Birlashgan Arab Amirliklari davlatiga safari chog‘ida mamlakat shahzodasi va “Manchester Siti” klubi egasi Shayx Xolid ibn Muhammad Ol Nahayon bilan uchrashib, Husanov transferi uchun minnatdorlik bildirgandi.
“Manchester Siti”ning muxlislaridan biri Dominik Kuomo Instagram sahifasiga joylangan Abduqodir bilan bog‘liq post ostiga O‘FAni belgilab, quyidagilarni yozdi.
“Siz Husanovning xavfsizligi va erkinligi bilan bog‘liq noto‘g‘ri boshqaruv uchun qisman javobgarsiz. Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalayotgan ko‘plab videolarda futbolchini olomon qurshab olganini ko‘rish mumkin – u deyarli bilmaydigan yoki yaxshi tanimaydigan odamlar orasida. Bu esa uni aniq ravishda asabiylashtirib, chalg‘itmoqda. Sizning burchingiz – u xavfsiz va nazorat qilinadigan muhitda bo‘lishini ta’minlash, ayniqsa, xalqaro safarda o‘z mamlakatini himoya qilayotganida, xoh O‘zbekistonda, xoh chet elda bo‘lsin. Uning shaxsiy hududiga hurmat bilan yondashing, diqqatini himoya qiling va uning faoliyatini ustuvor sanang. Siz bu jarayonda muhim rol o‘ynashingiz zarur. Bunday noto‘g‘ri boshqaruvni qabul qilib bo‘lmaydi. Yaxshiroq ishlang”.
Oxirgi paytlarda Abduqodir Husanovga ta’sir etuvchi tashqi omillar juda ko‘payib qolganini ko‘rish mumkin. Husanov tadbirlariga chaqirilyapti, O‘zbekiston muxlislar jamiyati rahbari esa Husanovdan bir qadam uzilmasdan u bilan bog‘liq kontentlar chiqarayotganini ko‘rish mumkin. Bularning barchasi futbolchining zarariga ishlamasligiga kim kafolat beradi. Bu ortda qolayotgan hafta sportiga oid eng muhim voqealar edi, QALAMPIR.UZ’ning Telegram’dagi sport kanaliga obuna bo‘ling. Keyingi hafta so‘ngida ko‘rishamiz.
LiveBarchasi
Trenddagilar


