Husanov po‘latdan yasalgan inson – Morgans
Sport
−
13:45 6392 2 daqiqa
O‘zbekiston terma jamoasi va “Manchester Siti” himoyachisi Abduqodir Husanovning “Liverpul”ga qarshi uchrashuvdagi fidoyiligi po‘latdan yasalgan odamga qiyoslandi. Bu haqda jurnalist Jeronimo Morgans aytib o‘tdi.
Angliya Premer-ligasining 25-turi doirasidagi o‘yin haqida fikr bildirgan Morgans jarohat olganiga qaramay maydonda qolishga harakat qilgan 21 yoshli Husanovning harakatlarini alohida e’tirof etdi.
“U jarohat olgan edi, lekin baribir o‘ynashni davom ettirishni xohladi. U jamoaga yordam bermoqchi edi. Abduqodir Husanov, sen mening askarimsan, ukamsan. O‘zbekiston faxri. Po‘latdan yasalgan inson”, deya yozadi jurnalist o‘z sahifasida.
Husanov “Manchester Siti”ning “Liverpul”ga qarshi safarida asosiy tarkibda maydonga tushdi. Biroq 61-daqiqada jarohat olib, almashtirildi.
Jarohat “Liverpul” hujumchisi Kodi Gakpo bilan to‘p uchun kurash jarayonida yuz berdi. Epizod davomida Husanov darvozabon Janluiji Donnarumma bilan to‘qnashib ketdi. To‘qnashuvdan so‘ng himoyachi maydonga yiqildi va tibbiy yordam ko‘rsatildi. Pep Gvardiola shifokorlar tavsiyasiga amal qilgan holda futbolchi sog‘lig‘ini xavf ostiga qo‘ymaslikka qaror qildi. Uning o‘rniga portugaliyalik himoyachi Ruben Diash maydonga tushirildi. Uchrashuv yakunida “Manchester Siti” 2:1 hisobida g‘alaba qozondi.
Ma’lumot uchun, “Manchester Siti” ushbu o‘yindagi g‘alabadan keyin chempionatdagi ochkolarini 50 taga yetkazib, turnir jadvalida ikkinchi o‘rinda bormoqda. Londonning “Arsenal” jamoasi esa 56 ochko bilan peshqadamlikni saqlab qolmoqda.
Eslatib o‘tamiz, “Liverpul”ga qarshi g‘alabadan keyin Gvardiola Abduqodir Husanovni haqiqiy jangchi deb atagan edi.
Live
Barchasi