Husanov eng yaxshi transfer – Gvardiola
Sport
−
14 yanvar 16400 2 daqiqa
“Manchester Siti” bosh murabbiyi Xosep Gvardiola jamoa himoyachisi Abduqodir Husanovning o‘yiniga yuqori baho berdi va o‘zbekistonlik futbolchini klubning eng muvaffaqiyatli transferlaridan biri sifatida e’tirof etdi. Bu haqda klub matbuot xizmati xabar berdi.
“Husanov — eng yaxshi transfer. U bu yerga kelishidan oldin Fransiyada besh oy davomida eng yuqori saviyada o‘ynadi. Abduqodirga yangi jamoaga moslashish oson bo‘lmadi, biroq u o‘zgacha futbolchi”, deydi Gvardiola.
Ispaniyalik mutaxassis Husanovning jamoa o‘yinidagi ahamiyatini alohida ta’kidladi:
“Biz juda yuqori himoya chizig‘i bilan o‘ynaymiz va Husanov bu vazifani juda a’lo darajada uddalayapti. U jamoaga katta foyda keltirmoqda. Abduqodir to‘p bilan o‘ynash mahoratini bosqichma-bosqich oshirib borishi kerak. U hali juda yosh va o‘rganishda davom etmoqda. Mashg‘ulotlarga jiddiy yondashadi va har doim 100 foiz tayyor bo‘ladi. Husanov allaqachon tezkor futbolchi bo‘lsa-da, tobora harakatlariga tezlik qo‘shmoqda. Eng muhimi, u juda ishonchli”, deya qo‘shimcha qildi murabbiy.
Gvardiolaning so‘zlariga ko‘ra, klub Husanovni sotib olishda to‘g‘ri qaror qabul qilgan:
“O‘tgan yili ham shuni aytgandim: agar Husanov hozir transfer bozoriga chiqarilsa, o‘nlab top-klublar uni sotib olishga harakat qilgan bo‘lardi. Chunki u himoyachi uchun noyob fazilatlarga ega. Ingliz tilida yetarlicha gaplashishni o‘rganib olgan, hamma narsani tez o‘zlashtiradi. Biz uni doim ruhlantiramiz va u o‘ylaganidan ham yaxshiroq futbolchi ekanini ayta olaman”, deydi Gvardiola.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Abduqodir Husanov Angliya Liga kubogi yarim finali doirasida “Nyukasl” va “Manchester Siti” jamoalari o‘rtasidagi uchrashuvning eng yaxshi o‘yinchisi deb topilgan edi.
Live
Barchasi