Hukumatda lavozimiy o‘zgarishlar, Kongressdan pul talab qilgan Tramp, kengayayotgan virus – 24 fevral tunining eng muhim xabarlari
Jamiyat
−
25 fevral 2020
3933Jahon yangiliklari
Yaponiya. 24 fevral kuni Yer yuzidagi eng keksa fuqaro – yaponiyalik Vatanabe Titetsu 112 yoshida olamdan o‘tdi. U Niigata prefekturasidagi qariyalari uyida vafot etgan. Vatanabe Titetsu ikki hafta muqaddam, ya’ni 12 fevral kuni Yer yuzidagi eng keksa odam sifatida “Ginnesning rekorlar kitobi”ga kirgan edi.
AQSH. Donald Tramp ma’muriyati koronavirusga qarshi kurashish uchun kongressdan 2,5 milliard dollar so‘radi. “Bugun ma’muriyat vakillari qo‘shimcha moliyaviy reja bilan kongressga yo‘l oladi. Koronavirusga qarshi vaksina ishlab chiqarishni tezlashtirish, tayyorgarlik ishlarini qo‘llab-quvvatlash va zarur material hamda uskunalarni xarid qilish uchun 2,5 mlrd dollar so‘raladi”, deydi ma’muriyat vakili.
Bahrayn. Bahrayn fuqaro aviatsiyasi boshqarmasi koronavirus sabab Dubay xalqaro aeroporti va BAAning Sharja xalqaro aeroportidan keladigan barcha reyslarni 48 soatga to‘xtatib qo‘yishini ma’lum qildi. Avvalroq mamlakatda 1 kishida virusga chalinish holati kuzatilgani ma’lum qilingan edi.
Peru. Mamlakat janubidagi Arekipa provinsiyasida ikkita avtobusning to‘qnashuvi oqibatida kamida o‘n bir kishi halok bo‘ldi va yana 40 kishi jarohat oldi. 24 fevral kuni Panamericana Sur avtomagistralida ikkita avtobus bir-biriga borib urilgan. Hududiy hokimiyat voqea oqibatida 11 kishi vafot etganini, ulardan olti nafari hodisa joyida, yana besh kishi kasalxonalarda olamdan o‘tganini tasdiqladi.
Ispaniya. Mamlakatda koronavirus infeksiyasining yangi holati qayd etildi. Avvalroq mamlakatda virusga chalinish holati 2 kishida kuzatilgan edi. Keyinroq ularni shifo topib, shifoxonadan chiqarib yuborilgani xabar qilindi. Yangi holat bo‘yicha virusga chalingan erkak izolatsiya qilingan va kerakli muolajalarni olmoqda.
O‘zbekiston xabarlari
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 24 fevral kuni Yaponiya va Koreya Respublikasi bilan ikki tomonlama investitsiyaviy va savdo-iqtisodiy hamkorlikning joriy holati va uni rivojlantirish istiqbollarini muhokama qilishga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazdi. Unda ushbu mamlakatlar bilan o‘zaro savdo va investitsiya ko‘rsatkichlari izchil oshib borayotgani haqida so‘z yuritildi. Yig‘ilishda turli ikki tomonlama tadbirlar, jumladan, ishbilarmon doiralarining o‘zaro tashriflarini tashkil etish, yangi qo‘shma loyihalar ishlab chiqish orqali O‘zbekiston-Yaponiya hamkorligini yanada faollashtirish zarurligi ta’kidlandi.
Namanganda IT Park filiali qurilishi boshlandi. Buning uchun 5,8 kvadrat metr yer maydoni ajratilgan. Qurilish ishlari ishlab chiqilgan bosh reja asosida va mahalliy hokimiyat idoralari nazorati ostida olib borilmoqda.
Lavozimiy o‘zgarishlar
24 fevral kuni O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Aripov boshchiligida o‘tkazilgan yig‘ilishda bir qancha lavozimiy o‘zgarishlar amalga oshirilgan. Jumladan, 2019 yilning fevral oyidan buyon Bosh vazir o‘rinbosari — Moliya vaziri sifatida ishlab kelayotgan Jamshid Qo‘chqorov Iqtisodiyot va sanoat vaziri lavozimiga tayinlangan. Uning o‘rnini birinchi o‘rinbosari Timur Ishmetov egallagan.
Shuningdek, Tashqi ishlar vazirining birinchi o‘rinbosari Ilhom Ne’matov ham lavozimini tark etgan. Uning o‘rnini 2017 yilning may oyidan buyon O‘zbekistonning Hindistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Farhod Arziyev egallagan.
Bundan tashqari, Nodir Otajonov bosh vazir maslahatchisi lavozimidan ozod qilingan. Biroq “O‘zagrotexsanoatxolding” AJ boshqaruv raisi lavozimini saqlab qolgan.
Shu bilan birga, Iqtisodiyot va sanoat vazirligi rahbari Botir Xo‘jayev vazifasidan ozod etilib, Bosh vazirning sanoat va kooperatsiya masalalari bo‘yicha maslahatchisi lavozimiga tayinlangan.
LiveBarchasi