Hukumat narxlarni barqaror ushlab turish bo‘yicha qaror qabul qildi

Jamiyat

image

Joriy yilning 31 mart kuni O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Oziq-ovqat xavfsizligi va ichki bozorda narxlar barqarorligini ta’minlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.

Qaror bilan O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi, Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi va Moliya vazirligining O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat zaxiralarini boshqarish qo‘mitasi (keyingi o‘rinlarda — “O‘zdavzaxira” qo‘mitasi) “O‘zdonmahsulot” AK va xususiy korxonalar bilan birgalikda 2022 yil aprel — iyul oylarida Qozog‘iston Respublikasidan 100 ming tonna 3-sinf bug‘doyini (bir qismi un) maqbul narxlarda import qilish bo‘yicha taklifiga rozilik berildi.

O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining investitsiyalar va tashqi iqtisodiy aloqalar masalalari bo‘yicha o‘rinbosari — Investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Sardor Umurzoqov hamda Qishloq xo‘jaligi vazirligi Qozog‘iston Respublikasi Hukumati, Qozog‘iston Respublikasining “Prodovolstvennaya kontraktnaya korporatsiya” milliy kompaniyasi aksiyadorlik jamiyati va bug‘doy (un) eksport qiluvchi boshqa korxonalari bilan O‘zbekiston Respublikasiga 100 ming tonna bug‘doyni (bir qismi un) maqbul narxlarda import qilish bo‘yicha kelishuvga erishishni ta’minlashi belgilandi.

Bunda, “O‘zdavzaxira” qo‘mitasi tomonidan Qozog‘iston Respublikasining “Prodovolstvennaya kontraktnaya korporatsiya” milliy kompaniyasi aksiyadorlik jamiyati va bug‘doyni eksport qiluvchi boshqa korxonalaridan 2022 yil aprel — iyul oylarida 100 ming tonna 3-sinf bug‘doyni (bir qismi un) yetkazib berish bo‘yicha import shartnomalari imzolanadi.

O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi import qilingan bug‘doy (un)ni saqlash xarajatlarini qoplashga amaldagi me’yorlar doirasida mablag‘ ajratilishini ta’minlaydi.

Qishloq xo‘jaligi vazirligi hamda Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi ichki va tashqi bozorlardagi vaziyatdan kelib chiqib, mazkur qaror doirasida ajratiladigan mablag‘lar hisobidan yana 500 ming tonna bug‘doyni import qilish zarurati yuzasidan asoslantirilgan taklif kiritadi.

Qarorga muvofiq ajratiladigan mablag‘lar “O‘zdavzaxira” qo‘mitasiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri foizsiz ssuda shaklida, bug‘doy (un) va o‘simlik yog‘i import qiluvchi xususiy tadbirkorlik sub’ektlariga Vazirlar Mahkamasining “Aholini asosiy turdagi oziq-ovqat mahsulotlari bilan kafolatli ta’minlash va ichki bozorda narxlar barqarorligini saqlashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” 2021 yil 7 oktyabrdagi qarorida belgilangan shartlarda ajratiladi.

“O‘zdavzaxira” qo‘mitasi:

“O‘zdonmahsulot” AK, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda import qilingan bug‘doy (un) hamda o‘simlik yog‘ini omborxonalarda sifatli saqlanishini;

import qilingan bug‘doy (un) va o‘simlik yog‘ini sotishdan tushgan mablag‘lar o‘z vaqtida O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjetiga qaytarilishini ta’minlaydi.

Import qilingan bug‘doy (un) va o‘simlik yog‘i hajmlari Vazirlar Mahkamasi bilan kelishilgan holda Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligining takliflari asosida birja savdolari orqali sotilishi belgilab qo‘yildi.

Shu bilan birga, Vazirlar Mahkamasining “Aholini asosiy turdagi oziq-ovqat mahsulotlari bilan kafolatli ta’minlash va ichki bozorda narxlar barqarorligini saqlashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” 2021 yil 7 oktyabrdagi qarori doirasida ajratilgan imtiyozli kreditlarni qaytarish muddati 2022 yil 31 dekabriga qadar uzaytirildi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

104

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing