“Hukumat boshqa sayyorada yashaydi, azizim”. Ijtimoiy tarmoqdagilar chang bo‘roni haqida nima demoqda?
Jamiyat
−
05 noyabr 2021
21181Ahvollar qalay? O‘ylaymizki, uyingizga to‘lgan chang, ko‘zlaringizgacha achitib, maqolalarni o‘qishga erinchoq qilib qo‘ymayapti. Siz kabi biz ham changga burkanib yashashga mahkummiz. Ofisimizning eng ozoda ko‘ringan, ammo boshqa xonalar kabi changga to‘lgan makonidan turib, sizlar bilan bir yig‘ilib qolgan gaplarning changini qoqishga ahd qildik.
Yangi O‘zbekistonda kecha, 4 noyabr kuni yuz bergan qum bo‘roni 150 yil davomida kuzatilmagan hodisadir. Bu haqda Gidrometeorologiya xizmati markazi matbuot kotibi Munisa Asilxo‘jayeva ma’lum qilgandi.
Ta’kidlanishicha, respublika hududlaridagi chang-g‘ubor keskin shamollar oqibatida yuzaga kelgan. Ushbu chang shamol to‘xtashi bilan 15-20 daqiqa oralig‘ida shaharlar bo‘ylab tarqalishni boshlagan.
Avvaliga sirdaryoliklar oh chekdi. So‘ng shundoq ham City’lar qurilishi, daraxtlar qirilishi, ko‘llar yo‘q qilinishidan madori bitgan Toshkent aholisining fig‘oni falakka chiqdi.
Mutaxassislar respublikada joriy yilning 12 noyabr kuniga qadar yog‘ingarchiliklar (janubiy viloyatlardan tashqari) kuzatilmasligini taxmin qilyapti. Shu sababli atmosfera havosidagi chang-g‘uborlarning yaqin kunlar ichida saqlanib qolish ehtimoli mavjud. Demak, hali changli ob-havoda yana bir necha kun yashashga majburmiz. Ammo bu vaziyatdan ham yuqori minbarlardan aytilganidek, irodali, kuchli, yengilmas bo‘lib chiqamizmi yo yo‘q, hozircha bunga baho berish qiyin. Oxirgi sutkada changli havodan aziyat chekib, shifonalarga murojaat qilayotganlar soni ortib bormoqda. Ularning aksariyatini allergik kasalligi mavjudlar va keksalar tashkil etadi.
Mazkur holat ijtimoiy tarmoqlarda muhokamalar markaziga aylandi, desak adashmagan bo‘lamiz. Shu munosabat bilan “Qalampir.uz” O‘zbekistondagi bir qator ko‘zga ko‘ringan bloger va jurnalistlarning yuz berayotgan qum-bo‘ron hodisalariga munosabatlarini bir sahifaga jamladi.
Qum-chang bo‘roni — “Qurilishlar mevasi” yoki “Daraxtlarning ko‘z yoshi”
“Kecha kechasi mehmondan uyga qaytguncha “Interstellar”ning saundtreklarini oilaviy eshitib kelgandik. Hozir ishga ham Hans akaning o‘sha zo‘r musiqalarini eshitib ketyapman, chunki kechadan beri hech narsa o‘zgarmagan – hammayoq chang, kamiga tuman.
Bilsangiz kerak, Amerika yo Janubi-Sharqiy Osiyoda okean bo‘ylarida bo‘ladigan to‘fonlarning nomlari bo‘ladi: eng mashhuri — Katrina, shu yaqin yillarda bo‘lgan vayronkorrog‘i — Irma. Bizdagi chang-qum bo‘ronlari u to‘fonlardek kuchli emas (ammo qurilishlarimiz sifatsizligini ko‘rsatish uchun shugina shamollar ham yetarli), lekin alohida nomi bo‘lishga loyiq. Taklif shuki, shu yo‘nalishda o‘z milliy tasnifimiz bo‘lsin (xuddi yaponlarning hammadan alohida tayfun nomlari bo‘lgani kabi), nima dedingiz?
Masalan, shu kecha-bugungi qum-chang bo‘roniga “Qurilishlar mevasi” yoki “Daraxtlarning ko‘z yoshi” deb nom bersa bo‘ladi (xorijdagi kabi bitta so‘zli, bitta ismli qilib, masalan, “Hokimxon” deb nomlasa ham bo‘ladi, to‘g‘ri; ammo, birinchidan, bunaqa qisqa nomlar bizga xos emas, yo‘qsa allaqachon Kambag‘allikka qarshi kurash va iqtisodiy taraqqiyot vazirligini Iqtisodiyot vazirligi deb qayta nomlardik, ikkinchidan, qo‘l bilan bigiz qilib ko‘rsatish bag‘rikeng o‘zbek xalqiga yarashmaydi, abstrakt narsalar, nomlar, tushunchalar esa — aksincha, uzukka ko‘z qo‘ygandek).
Shu yo‘sinda 2022, 2023 va 2024 yillardagi bo‘lajak qum-chang bo‘ronlariga ham nom topib qo‘yish mumkin (bugungisidan ham battar bo‘lsa kerak keyingilari). 2022 va 2023 yildagi bo‘ronlarni qanday nomlash kerak bilmadimu, lekin 2024 yilgilarini “O‘zbekistonning 100 yilligi” deb atasa bo‘ladi, menimcha. Bahorda bo‘ladigan birinchisi “O‘zbekistonning 100 yilligi-1”, yozdagisi “O‘zbekistonning 100 yilligi-2”, kuzdagisi “O‘zbekistonning 100 yilligi-3” va hokazo...
“Interstellar”ni ko‘ring, albatta. To‘g‘ri, hozircha Saturn taraflarga uchib ketish imkoni yo‘q, lekin shunga qaramay pasport stollar ishlayapti, zagranpasportlar uzog‘i bilan ikki haftada chiqyapti, aviakassalar bilet sotyapti, aeroportlarimizdan samolyotlar so‘lim mamlakatlarga hamyurtlarimizni olib ketyapti...”
Muhrim A’zamxo‘jayev, jurnalist-bloger
Hozirgi changli ob-havoga mos kino — “Interstellar”
“Muhrimning yuqoridagi fikrlariga qo‘shimcha ravishda aytmoqchimanki, “Interstellar” filmini hali ko‘rmagan bo‘lsangiz, albatta, ko‘ring. Mazza qilasiz. Hozirgi changli ob-havoga ayniqsa rosa mos tushadi.
Tasodifni qarangki, bugun tong saharda sira uyqum kelmadi, qaysi xonaga kirmay chang ta’qib qilaverdi. Keyin sal chalg‘ish maqsadida shu filmni yana bir marta tomosha qildim.”
Xushnud Xudoyberdiyev, bloger
“Interstellar” degan kinoni ko‘rganmisizlar?
Film ilmiy fantastika janrida suratga olingan. Syujetiga ko‘ra, yer sharidagi ekologik vaziyat yomonlashib, insoniyat qirilib ketish yoqasiga kelib qoladi. Dehqonlar yetishtiradigan mahsulotlar tez-tez bo‘lib turadigan chang bo‘ronlari oqibatida halok bo‘ladi.
Bunday vaziyatdan chiqib ketish, ekologiyani tuzatish imkoniyati qolmaganidan keyin olimlar kosmik kema yaratib, unda sanoqli odamlarni insoniyat uchun mos keladigan boshqa planetalarni qidirishga yuborishadi.
Juda zo‘r kino, tavsiya qilaman. Filmning boshlanish qismlari Albertada olingan ekan, uyimizdan yarim soatlik masofada
Farhod Fayzullayev, bloger
O‘zbekistonda kuzatilayotgan chang bo‘roni — “ekologik fojia”
“Kecha va bugun Toshkent hamda markaziy-g‘arbiy O‘zbekistonda kuzatilayotgan chang bo‘ronini “ekologik fojia” deb atash mumkin. Lekin bu – kelajakda kutiladigan katta va tez-tez uchrab turadigan fojianing boshlang‘ich signali. O‘zbekiston – dunyodagi eng katta qit’a, Yevrosiyo qit’asining qoq markazida, o‘ta quruq va dasht hududda joylashgan. Bu joylashuvning ijobiy va salbiy jihatlari ham bor.
O‘zbekiston davlatchiligi shunday bo‘lishi kerakki, istiqboldagi ekologik muammolarni anglash, ularning oldini olish yoki salbiy jihatlarini pasaytirish borasida kuchli va asosli o‘ylangan davlat-jamiyat siyosati tayyor turishi kerak.
Bu borada, hukumat siyosatidan tashqari, siyosiy partiyalar va ularning fraksiyalarini jiddiy qarashlari, dasturlari va loyihalari bo‘lishi kerak. Misol uchun, mana shunday vaziyatlarda O‘zbekiston Ekologik partiyasi so‘z olib, qilinishi kerak bo‘lgan ishlarni aytishi, davlatning bu boradagi siyosatini va jamiyatning madaniyatini qayta taftish qilishi kerak bo‘ladi. Masalan, hozirgi xolatda Ekologik partiya boshqa partiyalar kun tartibiga quyidagi savollarni qo‘yishi mumkin edi:
— Chang bo‘ronining qancha qismi global ekologiya bilan, yana qancha qismi mintaqaviy va yana qancha qismi O‘zbekiston ichidagi vaziyat bilan bog‘liq? Inson omili, O‘zbekistondagi daraxt kesishlar, suv tanqisligi, ekologik siyosat zaifligi bilan qanchaliq bog‘liq?
— Bu ketishda, 2030, 2040, 2050, 2070 va undan keyingi yillarda vaziyat qanday bo‘lishi mumkin? O‘sha davrda, O‘zbekistonda odamlar normal yashashi uchun bugun nimalar qilish kerak? O‘zbekiston aholisi ekologik qochqinlik tahdidi ostida qolmayaptimi? Dunyo hamjamiyati O‘zbekistonga bu borada qanday yordam bera oladi? O‘zbekiston mintaqa davlatlari bilan birgalikda nimalar qilishi kerak? Va h.k.
Muammolar — ob’ektiv. Ularni eslamasak, ular g‘oyib bo‘lib qolmaydi. Aksincha, kuchayib boradi, kattaroq va kuchliroq o‘ch oladi. O‘zbekiston xalqi, davlatchiligi ekologik muammolarga jiddiy tayyorlanishi kerak. Buning uchun barcha mas’uliyatni faqat hukumatga yuklab qo‘yish — yechim emas. Davlat ham mas’uliyat va malakani imkon qadar kengroq taqsimlashi kerak. Jonli, faol jamiyat va malakali hukumat kerak. O‘rtada kuchli ishonch tarmoqlari, kuchli hamkorlik va o‘zaro ishonch zarur. “Intersteller” filmida tasvirlangan changli va xavfli hayot 21 asrning oxirida emas, bizda bugun yuz ko‘rsatib turibdi”
Fayzbog‘
So‘lim ko‘chalari go‘zal va o‘zgacha tarovatli mayin chang bilan qoplangan Toshkent
“Susambil 24”:
Toshkentning so‘lim ko‘chalari go‘zal va o‘zgacha tarovatli mayin chang bilan qoplandi. Qarang, ikki sevishgan yo‘lak bo‘ylab bir-birini erkalab, kiyimlarini qoqib-qoqib, o‘zida yo‘q xursand kelmoqda. Qiz yigitga ko‘zlarini ishqab, kaftlari orasidan jilmayibgina qarab ham qo‘ymoqda. Ibo deganlari shu bo‘lsa kerak, aziz yurtdoshlar.
Sevinchdan marjon ko‘zlaridan yosh chiqayotgan bo‘lsa, ne ajab. Axir o‘zbek xalqi kutayotgan baxt deganlari shu emasmidi? Bu chang kunlarga yetganlar bor, yetmaganlar bor. Har ne’matni borida qadriga yetaylik, qadrdonlar. Bugun muqaddas juma. Shu kunlar kelishiga o‘z hissasini qo‘shgan, qo‘shib kelayotgan amaldorlarimizni masjidlarimizda yig‘lab-yig‘lab duolar qilsak, biram yarashadiki...
Eh, mehribonlarim, bu mavzuda soatlab gapirishim mumkin edi. Biroq ko‘rsatuvimizga ajratilgan vaqt ham o‘z nihoyasiga yetib bormoqda. Siz bilan xayrlashmaymiz. Keyingi changlarda ko‘rishguncha deb qolamiz. Nolimay, hasadsiz, sevib-sevilib yashang, jannatmakon yurtda, vatandoshlarim.
Zafarbek Solijonov, bloger
“Hukumat boshqa sayyorada yashaydi, azizim”
Muhrimboy bizni yaqin kelajakda kutayotgan bo‘lajak qum-chang bo‘ronlariga ruhan tayyorlagan holda, "Interstellar" filmini qayta ko‘rishni tavsiya etmoqda.Men esa klassika — “Kin-Dza-Dza”ni ko‘rishga buyuraman. Chunki janob PJ va malina ishtonlilar kelajak emas, bugungi ochunimizdir. Aytganday, “Hukumat boshqa sayyorada yashaydi, azizim”
“bakiroo”
Hilton’ning yuqori qavatidan turib changga botgan Toshkentni tomosha qilish boshqacha bo‘lsa kerak
“Qo‘sha-qo‘sha City qurguncha havo tozalash moslamalarini tuzatganinglarda, ekologiyamiz shuncha qurilishdan chiqadigan chang bosimiga bardosh bera oladimi yo yo‘qmi, shuni o‘ylaganlaringda edi, bu kunlar yo‘q edi.
Britaniyada bo‘lgan ana shunday voqea o‘z vaqtida xabar berilmagani uchun bosh vazir Cherchill e’tirozlar qurshovida qolgan. Bu voqea vaqti kelib, uning iste’fo berishiga ham sabab bo‘lgan.
Hozir davr va texnologiya boshqa. Xabar berishning o‘zi kamlik qiladi. Yillar davomida qo‘l qovushtirib o‘tirib, City qurguncha ekologiyani o‘nglash kerak edi. Xo‘sh, endi qay biringiz iste’fo berasiz?
Hilton’ning yuqori qavatidan turib changga botgan Toshkentni tomosha qilish boshqacha bo‘lsa kerak a? Aytgancha, tepadan shahar hokimiyati ko‘rinyaptimi?”
Qamariddin Shayxov, jurnalist
Nimani o‘tkazib yubordik?
Qum bo‘ronlari har doim bo‘lgan. Vaqti-vaqti bilan bo‘lib turgan. Unutilgan. Lekin zamonaviy dunyodagisi ancha xavfli? Nega? Sababi, bu chang-to‘zonlar orasida tuzlar ham uchadi, miqdori ham ancha yuqori. Qum-chang zararli bo‘lmasligi mumkin, lekin tuz uchsa yomon. Birinchidan, o‘simlik va daraxtlarning bargini qoplaydi, zararlaydi, quritadi. Qishloq xo‘jaligi muhim soha hisoblangan O‘zbekiston uchun bu juda jiddiy holat.
Bu safargisida omadimiz sal keldi. Bahor yoki yozda emas, kech kuzda, o‘simliklar uyquga hozirlik ko‘rayotgan bir vaqtda.Bu muammo olimlar tomonidan ancha yillar avval bashorat qilingan, ko‘plab ilmiy ishlar olib borilgan, ishlanmalar taklif etilgandi. Birinchisi, tuz uchadigan hududlarda o‘sha mintaqa o‘simliklarini ekish; ikkinchisi, tuzni uchmaydigan holatga o‘tkazish.
Bir vaqtlar, taxminan, o‘n-o‘n besh yillar avval cho‘l o‘simligini qumda o‘stirish (suratdagi o‘simlik), o‘sha o‘simlikni bakteriyalar bilan oziqlantirish biotexnologiyasi ishlab chiqilgan, lekin ishlanmalar laboratoriyada qolib ketaverdi.
Tuzlar yoki og‘ir metallarni bakteriya polimerlari yordamida “qotirish” (yutish) ishlari ham olib borilgan, jarayon va bu jarayonda qo‘llanadigan biologik vositalarning fundamental natijalari ilmiy nashrlarda ham e’lon qilingan:
Bu tuzli chang-to‘zonlar hali ko‘p o‘zini eslatadi. Qaysi faslda qo‘zg‘alishiga qarab xavf ko‘lami turlicha bo‘ladi. Agar bahor yoki yozning boshida bo‘lsa, unda iqtisodiy zarari juda katta bo‘ladi. Butun boshli dalalardagi o‘simliklar, daraxtlar xavf ostida qoladi. Jiddiy masala shuki, biz potensial tuz zahirasi markazida joylashganmiz.
Yuqorida ham eslatdim, muammo bir kunda yuzaga kelmadi. Yechimi bor, yana yangilari taklif etilishi mumkin bo‘lgan holda, buni nazardan chetda qoldirdik.
Yechim bormi?
Yechim bor, ilmiy asoslangan. Birinchidan, bir yillik, arzon tushadigan o‘simlik qoplamini hosil qilish. O‘simliklar nomenklaturasi, cho‘lda oziqlantirish biotexnologiyasi ma’lum.
Ikkinchidan, o‘sha tuzlarni arzonga tushadigan biomateriallar (olish usuli ma’lum) bilan qotirish.Esdan chiqarmaylik, bu kabi ekologik tahdidlar bor va biz kelajakda ko‘p yuzlashamiz.
Baxtiyor Abdug‘afur
Eh, aytaman desam gap, qilaman desam ish ko‘p...
Tunda Buxoroda edim, chang bo‘roni ichida qoldim, so‘ng Navoiyga qaytdim, taksichi “ikki soat oldin chang bo‘roni bo‘ldi” dedi. Deyarli hamma viloyatlarda ko‘tarilibdi. Glazgoda dunyo mamlakatlari yetakchilari kuyib-pishib iqlim o‘zgarishining oldini olish, oqibatlariga moslashish haqida gapirishyapti. Oldini olish – bu havoga kamroq is gazlarini chiqarish (bizda buning teskarisi nazarimda). Korxonalar tunda filtrlarini olib, zaharli gazlarini havoga chiqarishadi (filtr qimmat, odamlar chang va zahar yutishsa, nima qilibdi? Zato, valyuta kelishga ishlanadi, mashhur atomobil zavodimiz faqat atrofni zaharlaydigan benzinda yuradigan mashinalarni chiqaradi, ekomobil rejalashtirilmagan ham). Daraxtlar kesilishi, ular ekilsa, parvarishlamaslikni aytmasam ham bo‘ladi. Iqlim o‘zgarishining oqibati: biz suv ichib sug‘oradigan daryolar muzliklarning erib tugashi oqibatida quriydi (bunga yaqin qoldi). Hozirdanoq suvni tejamasak, ifloslantirmasak, mashinalarimizni ichimlik suviga yuvmay, suvni qayta tozalashni faqat Toshkent va yirik shaharlarimizda emas, hamma aholi punktlarida amalga oshirish zarur. Qishloq xo‘jaligida to‘liq suvni tejovchi texnologiyalarga o‘tish kerak. Eh, aytaman desam gap, qilaman desam ish ko‘p...
Nargis Qosimova, jurnalist-ekologiya faoli
Azizbek Nahanov
LiveBarchasi