Hostelda yong‘in. 13 kishi qurbon bo‘ldi
3-sahifa
−
30 noyabr 2023
8829Qozog‘istonning Olmaota shahridagi hostelda sodir bo‘lgan yong‘inda 13 kishi halok bo‘ldi. Bu haqda mahalliy matbuot yozmoqda.
Qayd etilishicha, bugun, 30 noyabr kuni soat 05:33 atrofida yong‘in xavfsizligi bo‘limiga Olmaota shahridagi Adi Sharipov ko‘chasida joylashgan binoda yong‘in kelib chiqqani haqida xabar tushgan.
Birinchi o‘t o‘chirish bo‘limi voqea joyiga 7 daqiqada yetib kelgan.
Aniqlanishicha, uch qavatli turarjoy binosining 1-qavati va yerto‘lasi hostelga aylantirilgan bo‘lib, yong‘in aynan shu yerda sodir bo‘lgan. Yong‘indan zararlangan joyning umumiy maydoni taxminan 30 kvadrat metrni tashkil etadi.
Ko‘rilgan choralar natijasida yong‘in soat 06:22 da o‘chirilgan. Yong‘inni o‘chirish va tekshiruv ishlari jarayonida 13 kishi qurbon bo‘lgani aniqlangan. Dastlabki taxminlarga ko‘ra, ular karbon monoksit (is gazi)dan zaharlanish oqibatida vafot etgan bo‘lishi mumkin.
Birlamchi ma’lumotlarga ko‘ra, yotoqxonada 72 kishi bo‘lgan, 59 kishi evakuatsiya qilingan.
Yong‘in sodir bo‘lgan hududga o‘t o‘chirish xizmatining 46 nafar xodimi va Olmaota Favqulodda vaziyatlar boshqarmasining 13 ta texnikasi jalb qilingan.
Yong‘in va o‘lim sabablari aniqlanmoqda.