Hozirgacha gender tenglikni qabul qilolmayotganlar bor – Norboyeva
Jamiyat
−
13 noyabr 2020
4543O‘zbekistonda erkaklar va ayollarning teng huquqliligini qabul qilolmayotganlar hamon saqlanib qolyapti. Bu haqda kecha, 12 noyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Gender tenglikni ta’minlash masalalari bo‘yicha komissiyasi tashabbusi bilan mamlakatda xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlarni ta’minlash sohasida olib borilayotgan ishlarga bag‘ishlangan matbuot anjumanida Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Norboyeva aytib o‘tdi.
QALAMPIR.UZ muxbirining ayollarga teng imkoniyatlar berilishi bilan birga bu huquqlar ularning majburiyatlari soyasida qolayotgani, bundan tashqari davlat tashkilotlarida ishlaydigan erkak xodimlarning orasida hali ham gender tenglikni tan olmayotganlar borligi haqidagi savoliga Tanzila Norboyeva shunday javob qaytardi:
“Haqiqatan gender tenglikni qabul qilmaslik bor. Shu sababdan, qolganlar gender tenglikni qabul qilishini ta’minlash uchun Gender komissiyasi Senat raisi rahbarligida tashkil etildi. Hamma aynan shu masalaga munosabatini miyasida shakllantirishi, dunyoqarashini o‘zgartirishi uchun ham komissiya tuzilgan. Hozir har bir vazir o‘ziga gender tengligi masalasi bilan shug‘ullanadigan o‘rinbosarini belgilab qo‘ygan. Gender bo‘yicha o‘rinbosarlar albatta ayol bo‘lshi shart emas, balki, erkak kishi bo‘lsa ham bo‘ladi” deydi Senat Raisi.
U so‘zida davom etar ekan, gender degani faqat ayol degani emasligi, balki ayol va erkakka teng imkoniyatlar berilishi demakdir deya ta’kidladi.
“Bu borada Oliy ta’lim vazirligi maslahat kengashlari tuzishni birinchi bo‘lib amalga oshirdi. Hozirgi kunda esa butun tizim bo‘yicha maslahat kengashlari bor. Biroz vaqt kutamiz va biz sekin-sekin o‘rganishni boshlaymiz. Maslahat kengashi ayol va erkakka maoshni qanchalik teng to‘layapti, ayollarni qo‘llab quvvatlayapti, tizimda qiynalgan ayollarga qanchalik yordam beryapti, tenglik bormi yo‘qmi aynan shularni o‘rganamiz. Senatdagi Gender qo‘mita aynan shu masalalarni o‘rganishni boshlaydi va parlament nazorati tartibida, ijro organlari rahbarlarini xisobotini eshitamiz” deydi Tanzila Norboyeva.
Senat raisi so‘zi so‘nggida gender tengligi masalasida biror chora ko‘rilishi kerak bo‘lsa, davlat rahbariga tegishli tavsiyalar berib borilishini ma’lum qildi.
LiveBarchasi