Davlat byudjetiga homilador ayollar uchun qo‘shimcha qiritish taklif qilindi

Jamiyat

image

Homiladorlik va tug‘ish bo‘yicha nafaqa xodim davlat yoki nodavlat tashkilotda ishlashidan qat’i nazar kafolatli ravishda davlat tomonidan to‘lanishi lozim. Bu haqda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Ulug‘bek Vafoyev yozmoqda.

Deputatning qayd etishicha, pandemiyadan keyingi tiklanish davrida Davlat byudjeti loyihasining ijtimoiy yo‘naltirilganligining ahamiyati juda yuqori.

“Mamlakatda pandemiya sharoitida iqtisodiyotni tiklash, aholining turmush darajasini yaxshilash, kambag‘allikni qisqartirish, ijtimoiy sohaga ajratilayotgan mablag‘larning samaradorligini oshirish bo‘yicha olib borilayotgan islohotlarni Xalq demokratik partiyasi fraksiyasi ijobiy baholaydi va byudjet loyihasini to‘liq qo‘llab-quvvatlaydi. Shu bilan birga, qator masalalarga e’tibor qaratish lozim, deb hisoblaydi”, deydi deputat Vafoyev.

U bugungi kunda byudjet tashkilotlarida ishlovchi ayollarga homiladorlik va tug‘ish nafaqasi davlat tomonidan to‘lanayotganiga to‘xtalib, nodavlat tashkilotlarda bunday nafaqa ish beruvchilar tomonidan to‘lanishi belgilangan bo‘lsa-da, amalda aksariyat ish beruvchilar xodimlar, ayollar, onalar oldidagi bu majburiyatni bajarmayotganiga e’tibor qaratgan. 

“Bu nobyudjet sohadagi ish beruvchilar tomonidan ayollarni ishga qabul qilmaslikka (ayniqsa, homiladorlik davrida) va ayollarning mehnat qilish huquqining cheklanishiga sabab bo‘lmoqda. Shu bilan birgalikda, ish bilan band bo‘lmagan ayollarga ushbu nafaqalar to‘lanmaydi. Mazkur holatlar keng jamoatchilikning savol va mulohazalariga sabab bo‘lmoqda.

Fraksiyamiz fikricha, barcha ayollar uchun homiladorlik va tug‘ish bo‘yicha nafaqa xodim davlat yoki nodavlat tashkilotda ishlashidan qat’i nazar kafolatli ravishda davlat tomonidan to‘lanishi lozim. Buni amalga oshirishning eng ishonchli va maqbul yo‘li nafaqaning davlat tomonidan to‘lanishi hisoblanadi”, deydi deputat.

Ulug‘bek Vafoyev so‘zi yakunida Xalq demokratik partiyasi deputatlari hukumatga shunday taklif bilan chiqqanini qo‘shimcha qilgan.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

250

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing