Homanaiy Isroilga neft va oziq-ovqat sotmaslikka chaqirdi
Olam
−
01 noyabr 2023
9159Eron oliy rahnamosi Oyatulloh Ali Homanaiy Isroilning G‘azo sektorida HAMASga qarshi olib borayotgan harbiy operatsiyasi fonida Isroilga neft va oziq-ovqat eksportini to‘xtatishga chaqirdi. Bu haqda u bugun, 1 noyabr kuni Milliy talabalar kuni va Global takabburlikka qarshi milliy kurash kuni oldidan talabalar bilan uchrashuvda so‘z ochdi.
"G‘azoni bombardimon qilish zudlik bilan to‘xtatilishi kerak va sionistik rejim uchun neft va oziq-ovqat eksport qilish yo‘llari yopilishi kerak”, degan Homanaiy.
U HAMAS va Isroil o‘rtasidagi qurolli to‘qnashuvni “yaxshilik va yovuzlik o‘rtasidagi urush” deb atagan.
"Bu G‘azo va Isroil o‘rtasidagi urush emas, bu yaxshilik va yomonlik o‘rtasidagi urush, iymon va takabburlik o‘rtasidagi urush. Albatta, takabburlik bu urushda harbiy kuch, bombardimon va jinoyatni qo‘llaydi, lekin yakuniy g‘alaba Falastin xalqiga bo‘ladi”, degan Eron oliy rahnamosi.
Shuningdek, Homanaiy G‘arb davlatlarida Falastinni qo‘llab-quvvatlovchi namoyishlar Eron razvedka xizmatlari tomonidan uyushtirilgani haqidagi ayblovlarni ham rad etgan.
"Dunyoda nima sodir bo‘layotganiga qarang: odamlar ko‘chaga chiqib, AQSH va Isroilni tanqid qiluvchi shiorlar aytmoqda. Bu ikki davlatning obro‘si tobora yomonlashib borayotganini ko‘rsatadi, ularning xatti-harakatlarini oqlab bo‘lmaydi. Nahotki London yoki Parijdagi namoyishlar Basij (Eron harbiylashtirilgan kuchlari) a’zolari tomonidan uyushtirilgan bo‘lsa?” deydi Homanaiy.
Ma’lumot uchun, 18 oktyabr kuni Eron Tashqi ishlar vaziri Husayn Amir Abdullohiyon Islom hamkorlik tashkiloti (IHT) Bosh kotibi Hissayn Brahim Taha bilan uchrashuvda Isroilga qarshi sanksiyalar, jumladan, neft importiga embargo joriy etishga chaqirgan. Shuningdek, u G‘azo sektorida “harbiy jinoyatlar” sodir etganlik uchun Isroil rahbariyatini javobgarlikka tortish uchun IHT shafeligida maxsus tribunal yaratishni taklif qilgan.