Hokimlik Sirdaryoda majburiy mehnat bo‘lmaganini aytmoqda. Vazirlik hamon jim
3-sahifa
−
02 fevral 2022
4578Avvalroq, Sirdaryo viloyatidagi tashkilotlar va banklar ko‘chalarga tosh to‘qish, tozalash qurilish ishlarini bajarishga biriktirib qo‘yilgani haqida xabar bergan edik. Boyovut tumani hokimligi Matbuot xizmati holat yuzasidan izoh berdi.
Qayd etilishicha, Boyovut tumani “Madaniyat” mahallasida hozirda 516 ta xonadon mavjud bo‘lib, 3 ming 200 nafar aholi istiqomat qiladi. Bu mahalla og‘ir va rivojlanishi past hudud sifatida tanlab olingan. Hududni rivojlantirish, aholini tadbirkorlikka yo‘naltirish maqsadida chora-tadbirlar rejasi ishlab chiqilgan.
Xususan, mahallada mavjud yaroqsiz ko‘chalar va yo‘llar shag‘al yo‘lga aylantiriladi. Ichimlik suvi sifatini oshirish, aholiga toza ichimlik suvi yetkazib berish maqsadida yangi suv qudug‘i kavlanib, yangi tarmoq tortish ishlari olib boriladi. Elektr energiyasini uzluksiz va sifatli yetkazib berish borasida ham qator ishlar amalga oshiriladi. Aholi bepul tibbiy ko‘rikdan o‘tkaziladi. Shuningdek, issiqxona, quyonchilik, asalarichilik kabi yo‘nalishlarga qiziqqan fuqarolarga ham amaliy ko‘mak ko‘rsatiladi. Buning uchun esa mahalliy byudjetdan mablag‘ yo‘naltiriladi.
“Bu jarayonda majburiy mehnat holatini keltirib chiqaradigan hech qanday topshiriq berilmagan. Mazkur ishlarni amalga oshirish davomida nazorat o‘rnatish maqsadidagina tuman va viloyat darajasidagi tashkilot rahbarlari biriktirilgan”, deyiladi xabarda.
Qayd etish kerakki, majburiy mehnatga qarshi kurash uchun mas’ul bo‘lgan Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi holat yuzasidan hamon sukut saqlamoqda.
LiveBarchasi