Hokimlarning vakolatini “qirqadigan” yangi qonun loyihasi ishlab chiqildi, ammo...
Jamiyat
−
03 Sentabr 2020
12254O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi tomonidan yer uchastkalarini olib qo‘yish vakolatini hokimlardan olib Xalq deputatlari viloyat Kengashlariga berish bo‘yicha qonun loyihasi ko‘rib chiqilib, birinchi o‘qishda qabul qilindi. Bu haqda deputat Rasul Kusherboyev o‘z Telegram kanalida ma’lum qildi.
Kusherboyevning ta’kidlashicha, bir jihatdan olganda, ko‘p vaqtdan beri odamlarda jiddiy e’tirozlar paydo qilib kelayotgan yer uchastkasi va ko‘chmas mulklarni hokimlar tomonidan buzib tashlanishi yoki olib qo‘yilishiga chek qo‘yish, o‘zboshimchalikka yo‘l qo‘ymaslik masalasida yangi yechimdek tasavvur paydo qilayotgan ushbu qonun loyihasi amalda vaziyatni o‘zgartirmaydigan oddiy hujjatga aylanib qolishi mumkin. Chunki loyihaga ko‘ra, yer uchastkalarini olib qo‘yish hokim emas, Kengash qarori bilan amalga oshiriladi, Kengashga esa hokim boshchilik qiladi. (Tahr. Ali – xo‘ja, xo‘ja – Ali)
“Bir tomondan masalaning bir shaxs yakkahokimligi orqali emas, kollegial tarzda, ko‘pchilikning ovozi bilan hal etish progressiv harakat bo‘lishi mumkin, har qalay mulk masalasini saylovchilarning vakillari hal etishi “bir zo‘ravon”ning hal etishidan ko‘ra ijobiyroq. Ammo eng katta xavf bundamas: loyiha qabul qilinsa, kelib chiqadigan asosiy muammo bu –fuqaro Kengash qaroridan norozi bo‘lgan taqdirda nima qiladi, degan savol”, deb yozadi deputat.
Qonun loyihasida Yer kodeksining 37-moddasida yer uchastkasi yoki uning bir qismini davlat va jamoat ehtiyojlari uchun olib qo‘yish Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesining, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlari qaroriga yohud Vazirlar Mahkamasi qaroriga binoan amalga oshirilishi ko‘zda tutilmoqda. Amaldagi qonunchilikka ko‘ra, bu tuman, shahar, viloyat hokimining yohud Vazirlar Mahkamasining qaroriga binoan qilinishi mumkin.
Yangi qonun loyihasida yer egasi, yerdan foydalanuvchi va ijarachi yer uchastkasini olib qo‘yish haqida deputatlardan iborat Kengashning yoki Vazirlar Mahkamasining Qaroriga rozi bo‘lmagan taqdirda qaror ustidan belgilangan tartibda shikoyat qilishi mumkinligi ko‘rsatilmoqda. Bu haqda gapirarkan, Kusherboyev shunday deydi:
“Vazirlar Mahkamasi qarori ustidan sudga shikoyat qilishku amalda natijasi “nol” bo‘lsa-da tushunarli. (Shu joyida yaqinda Qibray tumani Ma’muriy sudida shuncha dalil, qonun, kafolatga ishonib hukumat a’zolarini sudga bergan “Sulton tex group” MCHJ klasteri bilan bog‘liq vaziyatni kuzatib borgan jamoatchilikning qonunlarni qo‘llashga “duxi” yetmagan“mustaqil sud”dan xafsalasi pir bo‘lgani esga tushadi). Lekin Xalq deputatlari viloyat Kengashi qarori ustidan shikoyat berish tartibining o‘zi bormi? Agar bo‘lsa, shikoyat aynan kimning ustidan beriladi, 60 nafar deputatningmi? Mana bu savollar ochiq.
“Mahalliy davlat hokimiyati to‘g‘risida”gi Qonunning 26-moddasida xalq deputatlari viloyat Kengashi qarorlari Oliy Majlis tomonidan belgilangan tartibda bekor qilinishi mumkinligi keltirilgan. Demak fuqaro o‘z-o‘zidan Kengash qarori ustidan sudga shikoyat qila olmaydi. Chunki bu Oliy Majlis vakolatida qilinadigan ish, agar Oliy Majlisning bunday tartibi bo‘lsa albatta.
Shuningdek, mamlakat bo‘yicha “snos epidemiyasi” ko‘lamining kattaligi boshqa hokimiyatlar kabi “katta armiya”ga ega bo‘lmagan Oliy Majlisning har bir norozi fuqaro shikoyati bo‘yicha ishlay olish imkoniyatini ham shubhaga qo‘yadi.
Bu esa o‘z o‘rnida fuqarolarning Konstitutsiyada kafolatlab qo‘yilgan har qanday organ harakati ustidan shikoyat berish huquqini cheklaydi. Chunki Konstitutsiyaning 44-moddasida “Har bir shaxsga o‘z huquq va erkinliklarini sud orqali himoya qilish, davlat organlari, mansabdor shaxslar, jamoat birlashmalarining g‘ayriqonuniy xatti-harakatlari ustidan sudga shikoyat qilish huquqi kafolatlanadi”, deb belgilangan”, deb yozadi Kusherboyev.
Deputatning fikricha, yangi qonun loyihasi fuqarolarning konstitutsiyaviy huquqini amalga oshirishga mone’lik qilishi mumkin. Bu holatda Konstitutsiyaga o‘zgartirish kiritish yoki loyihadan voz kechish kerak.
“Ammo so‘nggi vaqtlarda mulk huquqi bilan bog‘liq bo‘layotgan muammolar qonunsizlik yoki qabul qilinayotgan qonunlarning mazmunida emas, balki qonunlarga amalda ijrochi va nazoratchilar tomonidan amal qilinmasligida. Mulkka doir qancha qonun qabul qilmaylik, unga mas’ullar ham amal qilmasa bari befoyda”, deydi deputat.
LiveBarchasi