Hokimlarning XDKdagi vakolatlari tugatilmoqda

Jamiyat

image

Mahalliy davlat hokimiyati organlarida hokimlarning xalq deputatlari Kengashlariga rahbarlik qilish amaliyoti tugatilib, kengashlarga hokimdan mustaqil bo‘lgan alohida Kengash raisi rahbarlik qilishi belgilanmoqda. Bu haqda bugun, 9 mart kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasi yalpi majlisida deputat Jahongir Shirinov “O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy qonuni loyihasiga tushuntirish berayotib aytib o‘tdi. 

“Sodda qilib aytganda, endilikda viloyat va tuman (shahar)da xalq saylagan deputatlar hokim faoliyatini bevosita va xolisona nazorat qilish imkoniyatiga ega bo‘ladi”, deydi Shirinov. 

Qayd etilishicha, endi hududda ijro hokimiyatiga hokimlar, vakillik organiga hokimdan mustaqil bo‘lgan mahalliy Kengashlar raislari rahbarlik qiladi. Hokimlar esa mahalliy Kengash oldida hisobot beradi.

“Ta’kidlash lozimki, mahalliy Kengashlarning ish tartibi hozirgi tartibga moslashib ketganligi hech kimga sir emas. Shu sababli, Kengash raisi va hokim lavozimlarini bir-biridan birdaniga ajratib bo‘lmaydi, buning uchun qonunchilik bazasini qayta ko‘rib chiqish, kadrlarni tayyorlash, moddiy-texnika masalalarini hal qilish kerak bo‘ladi. Eng muhimi, hududlarda ikkita organ o‘rtasida vazifalar takrorlanishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun, ularning vakolat va vazifalarini aniq qilib ajratib berish lozim”, deydi deputat Jahongir Shirinov.

Unga ko‘ra, Kengashlar raisi va hokim lavozimlarining bir-biridan ajratilishi – Toshkent shahar va viloyatlarning davlat hokimiyati organlariga nisbatan 2024 yildagi navbatdagi mahalliy kengashlarga saylov natijalari bo‘yicha, tuman va shaharning vakillik va ijro organlariga nisbatan esa 2026 yil 1 yanvardan boshlab qo‘llanilishi belgilanmoqda.

Loyihaning ilgari e’lon qilgan tahririda xalq deputatlari Kengashi tomonidan mahalliy byudjetni ko‘rib chiqish faqatgina hokimning taqdimiga binoan amalga oshirilishi ko‘rsatilgan edi. Bu esa deputatlarning bu boradagi vakolatini bevosita hokimga bog‘lab qo‘ygan edi. Endilikda mana shunday “tobelik” chiqarib tashlanmoqda, ya’ni mazkur normaning yangi matnida xalq deputatlari Kengashi “mahalliy byudjetlarni ko‘rib chiqish va qabul qilish, ularning ijro etilishi ustidan nazoratni amalga oshirish” vakolati hech qanday shartlarsiz va to‘siqlarsiz amalga oshirilishi ko‘rsatilmoqda. Bunday qoida hududiy dasturlarni tasdiqlash jarayoniga nisbatan ham tatbiq etilmoqda.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing