Hokimlar xalqning oldidagi qarzini uzish uchun 7:00 da emas, 5:00 da tursa ham ulgurmaydi – Mirzayev

Jamiyat

Mansabdorlar va hokimlar xalqning oldidagi qarzini uzish uchun, nafaqat soat 7:00 da, balki 5:00 da tursa ham ulgurmaydi. Bu haqda Toshkent viloyati hokimi Zoyir Mirzayev o‘z o‘rinbosari tomonidan soat 7:00 da majlis o‘tkazilganiga izoh berayotib gapirgan. Ayni vaqtda Toshkent viloyatining Bo‘stonliq tumanida joylashgan, 30 yildan buyon hokimlar qadam bosmagan Piskom qishlog‘iga borgan Zoyir Mirzayev QALAMPIR.UZ muxbiri Feruza Najmiddinova bilan muloqot qildi. 

Avvalroq, Toshkent viloyati hokimining tayinlanganiga hali bir hafta ham bo‘lmagan birinchi o‘rinbosari Xolmirza Niyozov tonggi soat 07:00 ga yig‘ilish chaqirgani aytilgan xabar tarqalgandi. Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi haqiqatan ham majlis o‘tkazilganini tasdiqladi. 

“Xabarim bor. Men ushbu holatni yoritgan yigitga rahmat dedim. Hokimiyatda bo‘layotgan ishlarni ko‘rsatib berdi. Agar o‘sha [majlis] kun tartibidagi masalani ko‘targanida edi, bunday bo‘lmas edi. Kun tartibidagi masala esa yoshlarni ish bilan ta’minlash va yerni bo‘lib berish masalasi bo‘lgan. Sababi 20 kun vaqtimiz qoldi, shu vaqt ichida yoshlarga yerni bo‘lib bermasak, ekin ekishga kechikamiz”, deydi Mirzayev. 

Viloyat hokimining ta’kidlashicha, yer bo‘lib berish nafaqat soat 7:00 da, balki kechasi uxlamay muhokama qilinadigan masaladir. 

“Bu narsa nafaqat 7:00 da, balki kechasi uxlamay muhokama qilinadigan masaladir. Hokimiyat shunday dargoh. Ertalab soat 7:00 da xohlagan joyingizga boring-chi... Masalan, men hokim sifatida kechqurun soat 23:00 dan oldin hokimiyatdan chiqib keta olamanmi? Keta olmayman. Umuman olib qaraganda, hozir yurganimiz ham qonuniy jihatdan qaralsa, noqonuniy. “Nima uchun viloyat hokimi o‘rinbosarlarini majburlab, Piskom qishlog‘iga olib keldi?”, deb gapirishadi. Qonun bunga ham yo‘l qo‘ymaydi”, deya so‘zida davom etdi u. 

Zoyir Mirzayevning aytishicha, u va unga o‘xshaganlar xalqning oldida qarzini uzish uchun soat 7:00 da emas, balki 5:00 da tursa ham ulgurmaydi.

“Men roziman ertalab 7:00 da turib, masalani bir soat  muhokama qilib, yoshlarga yerni ertaroq bo‘lib beraylik, dedim. Biz uch oy rosa dam oldik. Hokimlar uxladi. Bahorning bir kuni yilni boqadi. Bir soat oldin kartoshkani ekib olsak, ikkinchi ekinga zamin yaratiladi. Shuning uchun bu bo‘lgan narsa. Xatosiz rahbar yo‘q. Hali biz u qadar dam olib, bemalol rejimga tushib ishlashimizga vaqt bor. Bugun Oliy Majlisda 08:30 dan keyin ishni boshlab, talabalarni 10:00 dan o‘qitaylik, degan fikr ham bo‘ldi. Bu ham zamon talabi, balki bunga ham kelarmiz. Lekin bizga o‘xshaganlar hali xalqning oldida qarzini uzish uchun nafaqat soat 7:00 da balki, 5:00 da tursa ham ulgurmaydi”, deydi hokim.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

378

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing