Hokim yordamchilari davlat granti asosida o‘qishga kirishi mumkin

Jamiyat

image

Oliy ma’lumotga ega bo‘lmagan hokim yordamchilari davlat OTMlarining sirtqi ta’lim shakli iqtisodiy ta’lim yo‘nalishlariga hokimning tavsiyasi bilan davlat granti asosida o‘qishga qabul qilinishi mumkin.

Bu bo‘yicha Vazirlar Mahkamasining tegishli qarori regulation.gov.uz portaliga muhokamaga uchun qo‘yildi.
Qaror loyihasiga ko‘ra, hokim yordamchilarining o‘qitish xarajatlari Davlat byudjetidan qoplab berilib, ulardan faqat suhbatdan o‘tish talab etiladi.

Suhbat jarayonida esa hokim yordamchilarining har biriga quyidagi mavzular bo‘yicha bittadan jami to‘rtta savol beriladi:
1.  Mamlakatda amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlarning mohiyati va ahamiyati;
2.  Belgilangan bakalavriat ta’lim yo‘nalishini tanlashdan asosiy maqsad;
3.  Belgilangan bakalavriat ta’lim yo‘nalishiga mos mehnat faoliyati davomida erishgan yutuq va natijalari;
4.  Belgilangan bakalavriat ta’lim yo‘nalishi sohasida bilim va kasbiy ko‘nikmalarning mavjudligi.

Har bir savolga 25 balldan ajratilib, jami to‘plash mumkin bo‘lgan eng yuqori ball 100 ballni tashkil etadi. 

“Suhbat komissiyasi tomonidan tasdiqlangan qaydnomaga asosan Suhbat komissiyasining ishtirok etgan a’zolari tomonidan qo‘yilgan ballarning o‘rtachasi 55 balldan yuqori bo‘lganda abituriyent suhbatdan o‘tgan hisoblanadi”, deyiladi Qaror loyihasida.

Qaror loyihasini qabul qilishiga esa hokim yordamchilarini tayinlash jarayonida iqtisodiy bilimlarni ega bo‘lgan kadrlar yetishmovchiligi yuzaga kelayotgani sabab sifatida ko‘rsatilgan.

“Ushbu loyihaning qabul qilinishi namuna ko‘rsatib kelayotgan oliy ma’lumotga ega bo‘lmagan hokim yordamchilariga oliy ta’lim berish, ularni ish sifatini oshirishi hamda aholi va tadbirkorlik sub’ektlariga davlat xizmatlari ko‘rsatish sifatini yanada oshirish imkonini beradi”, - deyiladi qaror tahlilida.

Mazkur qarorning muhokamasi esa 19 noyabrga qadar davom etishi belgilangan.

Ma’lumot uchun, 2022 yilning yanvar oyidan mahallalarda jami 9 ming 309 nafar hokim yordamchilari ish boshlagan edi. 

Respublika bo‘yicha eng ko‘p hokim yordamchilari Samarqand viloyatida bo‘lib, ularning umumiy soni 1120 nafarni tashkil qiladi. Shuningdek, Farg‘ona viloyatida 1055 nafar, Toshkent viloyatida esa 1014 nafar hokim yordamchilari lavozimga tayinlangan.

Bundan tashqari, boshqa hududlarda hokim yordamchilari soni quyidagicha:
Qoraqalpog‘iston Respublikasida 424 nafar ;
Sirdaryo  viloyatida 236 nafar;
Jizzax viloyatida 299 nafar;
Navoiy viloyatida 330 nafar; 
Andijon viloyatida esa 887 nafar; 
Qashqadaryo viloyatida 796 nafar;
Namangan viloyatida 780 nafar;
Surxondaryo viloyatida 721 nafar;
Toshkent shahrida 579 nafar;
Buxoro viloyatida 544 nafar;
Xorazm viloyatida 526 nafarni tashkil qiladi.

Ularning maoshi esa o‘rtacha 5 mln 343 ming so‘mga teng.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq 2022/2023 o‘quv yilidan boshlab oliy ma’lumotga ega bo‘lmagan hokim yordamchilarini davlat oliy ta’lim muassasalarining iqtisodiy ta’lim yo‘nalishlariga Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlarining tavsiyasiga ko‘ra davlat granti asosida sirtqi ta’lim shakliga suhbat asosida o‘qishga qabul qilish amaliyoti joriy etilishi haqida Prezident qaror qabul qilgan edi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

46

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing