Hokim o‘rinbosarlari pora bilan ushlandi
3-sahifa
−
02 iyul
13193Andijon, Toshkent viloyatlari hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasida hokim o‘rinbosarlari pora bilan qo‘lga tushdi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Taxiatosh tumani hokimining qurilish, kommunal xo‘jalik, ekologiya va ko‘kalamzorlashtirish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari o‘zining mansab vakolatini suiiste’mol qilgan holda, hokimlik balansida bo‘lgan va rejaviy buzilishga tushgan uyni mahalliy fuqaroga buzish ishlarini olib borish hamda buzish davomida chiqqan materiallardan o‘z xohishiga ko‘ra foydalanish (sotish) vakolatini beruvchi hujjatlarni rasmiylashtirib berishni va’da qilgan. Buning evaziga 35 million so‘m talab qilgan. So‘ralgan pul mablag‘idan 32 million so‘mni o‘zining xizmat xonasida olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Shuningdek, Andijon viloyati Bo‘ston tumani fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi raisi o‘zining nomida bo‘lgan va chorvachilikka ixtisoslashgan fermer xo‘jalik tasarrufidagi 10 gektar yer maydonini eksportbop mahsulotlar yetishtiriluvchi yer toifasiga o‘zgartirib, shuningdek, bu haqida tuman hokimining ekin maydonlarini joylashtirish to‘g‘risidagi qarorini chiqartirib, uni kavrak o‘simligi yetishtirmoqchi bo‘lgan tadbirkorga 3 yilga foydalanishga berish evaziga 20 ming AQSH dollari talab qilgan. U oldindan 10 ming AQSH dollari olgan vaqtida ushlandi.
Uchinchi bir holatda esa, Toshkent viloyatida Favqulodda vaziyatlar vazirligining Bo‘ka tumani bo‘limi boshlig‘i 2022 yilda qurilgan ko‘p qavatli uy uchun “Qurilishi tugallangan ob’ektni foydalanishga qabul qilish to‘g‘risida davlat qabul qilish dalolatnomasi”ni tasdiqlatib berish evaziga 2500 AQSH dollari talab qilgan. Uning topshirig‘iga ko‘ra, talab qilingan pul mablag‘ini olgan vaqtida tuman favqulodda vaziyatlar bo‘limi xodimi ashyoviy dalillar bilan ushlandi.
Tergovga qadar tekshiruv davomida, Bo‘ka tumani favqulodda vaziyatlar bo‘limi boshlig‘i 1200 AQSH dollarini Bo‘ka tumani hokimining qurilish, kommunikatsiya, ekologiya va ko‘kalamzorlashtirish masalalari bo‘yicha o‘rinbosariga berishi kerakligi ma’lum bo‘lgach, tezkor tadbir davom ettirilgan hamda mansabdor shaxs pul mablag‘ini o‘zining xizmat avtomashinasida olgan vaqtida qo‘lga olingan.
LiveBarchasi