Hibsdagi hokim nomidan pul ajratish bo‘yicha 5 ta qaror chiqarilgani aniqlandi
3-sahifa
−
22 iyul 12145 2 daqiqa
Jizzax viloyati Sharof Rashidov tumani hokimi Mahmud Xolbo‘tayev 8 iyul kuni hibsga olingan edi. U hibsda bo‘lishiga qaramasdan hokim nomidan qarorlar chiqarilgani aniqlandi. e-qaror platformasida shunday qarorlardan 5 tasi joylashtirilgan.
Jumladan, xalq deputatlari tuman kengashining 2025 yil 8 iyuldagi qarori bilan tuman Obodonlashtirish boshqarmasiga 9 may – Xotira va qadrlash kuni munosabati bilan o‘tkaziladigan bayram tadbirini yuqori saviyada tashkil etish maqsadida tuman markaziy ko‘chasini tartibga keltirish va bayroqlar sotib olishga 42 mln so‘m, tumandagi ko‘p qavatli uy-joylarning ta’mirtalab holatga kelib qolgan tom qismini ta’mirlash uchun shifer sotib olishga 70 mln so‘m ajratish belgilangan. O‘sha kungi yana bir qaror bilan esa tuman hokimligi moddiy-texnik bazasini mustahkamlash maqsadida, devonxona mollarini xarid qilish jarayonida vujudga kelgan qarzdorliklarni qoplash, org-texnika vositalarini ta’mirlash hamda xo‘jalik mollari xarid qilishga 150 mln so‘m ajratilgan.
Shuningdek, 9 iyuldagi qarorlar bilan tumanda tashkil qilingan oila va xotin-qizlar bo‘limlari moddiy texnik bazasini mustahkamlash maqsadida 100 mln so‘m, Toqchiliq mahallasi Otchopar massivida sun’iy qoplamali mini futbol maydonini qurish uchun 200 mln so‘m va Qulpisar mahallasidagi madaniyat bo‘limiga qarashli binoni joriy ta’mirlash uchun 400 mln so‘m, tuman hokimligi moddiy texnik bazasini mustahkamlash maqsadida devonxona mollarini xarid qilish jarayonida vujudga kelgan qarzdorliklarni qoplash, org-texnika vositalarini ta’mirlash hamda xo‘jalik mollari xarid qilishga 255 mln so‘m ajratish belgilangan.
Holat yuzasidan Jizzax viloyati prokuraturasi rasmiy munosabat bildirib, Sharof Rashidov tumani prokuraturasi tergovga qadar tekshiruv harakatlarini olib borayotganini ma’lum qildi. To‘plangan hujjatlar bo‘yicha qonuniy qaror qabul qilinishi viloyat prokuraturasi tomonidan nazoratga olingan.
Ma’lumot uchun, Mahmud Xolbo‘tayev bundan avval – birinchi ma’muriyat davrida ham – 2012 yilda aynan poraxo‘rlik ayblovi bilan jinoiy javobgarlikka tortilgan. U 2004 yilda Jizzax viloyatining Do‘stlik tumani hokimi bo‘lgan. O‘sha yilda u O‘zbekiston Oliy Majlisining senatori etib prezident tomonidan tayinlangan.
2019 yil oktyabrdan Sharof Rashidov tumani hokimi lavozimiga tayinlangan Xolbo‘tayev, mamlakat mustaqilligining 33 yilligi munosabati bilan “Do‘stlik” ordeni bilan ham taqdirlangan edi.
Live
BarchasiNamanganda yana zilzila bo‘ldi
06 dekabr