“Hizbulloh” portlab ketgan peyjerlarni qayerdan olgani ma’lum bo‘ldi
Olam
−
18 Sentabr
17789Isroilning “Mossad” razvedka xizmati kecha, 17 sentyabr kuni peyjer portlashlaridan bir necha oy oldin Livandagi “Hizbulloh” harakati tomonidan buyurtma qilingan Tayvanda ishlab chiqarilgan 5000 peyjerga oz miqdorda portlovchi moddalar o‘rnatgan. Bu haqda bugun, 18 sentyabr kuni Livan xavfsizlik xizmatidagi yuqori martabali manba va boshqa suhbatdoshiga tayanib, “Reuters” xabar berdi.
“Hizbulloh” Tayvanning Gold Apollo kompaniyasiga peyjerlarga buyurtma bergan. Bir qancha manbalarga ko‘ra, uskuna Livanga bahorda olib kelingan.
Nashr suhbatdoshining iddao qilishicha, qurilmalar Isroil razvedka xizmati tomonidan “ishlab chiqarish bosqichida” o‘zgartirilgan.
“Sky News Arabia” manbalariga ko‘ra, peyjerlarda detonator qopqoqlarini jihozlash uchun ishlatiladigan nitrat kislota efirini o‘z ichiga olgan portlovchi modda – pentayeritritol tetranitrat bo‘lgan. Portlash “Mossad” akkumulyatorlarning haroratini oshirganda sodir bo‘lgan.
“Axios” ma’lumotlariga ko‘ra, Isroil AQSH Prezidenti Jo Bayden ma’muriyatini operatsiya haqida oldindan xabardor qilmagan.
“Bu hafta boshida Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxu, uning Vazirlar Mahkamasining yuqori martabali a’zolari va xavfsizlik boshliqlari ishtirokidagi xavfsizlik uchrashuvlarida ma’qullangan”, deydi voqeadan xabardor manba.
Isroil Mudofaa vaziri Yoav Galant kecha, 16 sentyabr kuni AQSH Prezidenti yordamchisi o‘rinbosari va Davlat departamentining energiya xavfsizligi bo‘yicha katta maslahatchisi Amos Xokstin bilan uchrashuvda Livan bilan chegarada deyarli har kuni ro‘y berayotgan to‘qnashuvlar tufayli “Hizbulloh” bilan diplomatik kelishuvga erishish imkoniyatlari kamayib borayotganini aytgan.
“Hizbulloh” o‘zini HAMAS bilan bog‘lashda davom etar ekan va mojaroga barham berishdan bosh tortar ekan, kelishuv ehtimoli kamayib bormoqda. Isroilning shimoliy chegarasida o‘n minglab isroilliklar o‘z uylariga qayta olmayapti. Ularning xavfsizligini ta’minlashning yagona yo‘li – bu yirik harbiy operatsiya”, degan vazir.
Portlash oqibatida to‘qqiz kishi, jumladan, sakkiz yoshli qiz halok bo‘lgan. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, 2750 ga yaqin kishi jarohat olgan.
LiveBarchasi
Putin xalqiga murojaat qildi.
21 noyabr