“Hizbulloh” Eronga hujum bo‘lsa, chetda qololmasligini bildirdi
Olam
−
09:20 3324 2 daqiqa
Kecha, 26 yanvar kuni “Hizbulloh” harakati yetakchisi Naim Qosim agar Eronga hujum qilinsa, bu Livandagi harakatga ham ta’sir qilishini aytdi va guruh javob berishga tayyor ekanini bildirdi. Yetakchining bu haqdagi so‘zlarini “Presstv” telekanali keltirdi.
“Biz har qanday ehtimoliy agressiyaning nishoniga aylanamiz va o‘zimizni himoya qilishga tayyormiz”, degan Qosim o‘z tarafdorlariga qilgan murojaatida.
Shu bilan birga, u “Hizbulloh” qachon va qanday harakat qilishini o‘zi belgilashini, harakat neytral tomon emasligini ta’kidlagan.
Qosimning so‘zlariga ko‘ra, Eronga ehtimoliy hujum butun mintaqani alangalantiradi. U AQSHni Eronga qarshi faqat ustunlikka erishish emas, balki global hukmronlikka intilishda ayblagan.
Qayd etish joiz, 2024 yil noyabr oyida Isroil va “Hizbulloh” o‘rtasida kelishuv tuzilgan edi. Unga ko‘ra, “Hizbulloh” Isroilga hujum qilishda ishlatilishi mumkin bo‘lgan infratuzilmani qayta tiklamasligi kerak. Isroil Mudofaa kuchlari esa agar “Hizbulloh” jangchilarini xavf deb hisoblasa, ularga zarba berish huquqini o‘zida saqlab qoladi. Shunga qaramay, keyinchalik Livan hududidan Isroilga o‘q uzilgani, shuningdek Isroilning Livan janubiga bir necha bor zarba bergani haqida xabarlar kelgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSH Harbiy-dengiz kuchlarining Abraham Lincoln aviatsiya tashuvchi kemasi Erondagi mojarolar sabab Yaqin Sharqqa yetib borgandi. Shuningdek, yaqin kunlarda mintaqa yaqinida THAAD raketaga qarshi mudofaa tizimi batareyasi paydo bo‘lishi kutilmoqda.
Live
Barchasi