Hisobot uchun emas, natija uchun ishlash kerak – Prezident ilm-fanni rivojlantirish masalalarini ko‘rib chiqdi

Jamiyat

image

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida bugun, 3 dekabr kuni ilm-fan va innovatsiyani rivojlantirish borasida oliy ta’lim muassasalari, ilmiy tashkilotlar, tarmoq va hududlar oldidagi ustuvor vazifalar muhokamasi yuzasidan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi. 

Mamlakatda ilm-fan rivojiga alohida e’tibor qaratilmoqda. So‘nggi to‘rt yilda 28 ta ilmiy tashkilot va 4 ta innovatsion texnopark tashkil etildi. Davlat rahbari akademik va tadqiqotchilar bilan bir necha bor uchrashib, ular ko‘targan barcha masalalarni hal qilib berdi. Olimlarning ish haqi 3 baravar oshirildi. Ilmiy tashkilotlarning moddiy-texnik bazasini yangilash uchun katta mablag‘lar yo‘naltirildi.

Bir so‘z bilan aytganda, soha uchun ham moddiy, ham tashkiliy jihatdan barcha sharoit yaratilmoqda. Lekin, yig‘ilishda ta’kidlanganidek, 100 dan ziyod ilmiy tashkilotlar faoliyatida, ular tomonidan olib borilayotgan izlanishlarda hali sezilarli o‘zgarish bo‘lgani yo‘q. Masalan, 24 ta muassasa o‘tgan yili xalqaro tan olingan jurnallarda birorta ham ilmiy maqola chop etmagan. Innovatsiya vazirligi ilmdan ishlab chiqarishgacha bo‘lgan jarayonlarni o‘zaro bog‘lovchi yaxlit tizim va muhitni yo‘lga qo‘ya olmayapti.

Misol uchun, innovatsion ishlanmalar uchun byudjetdan 100 milliard so‘m ajratilayotgan bo‘lsa-da, tanlov natijasi bo‘yicha bor-yo‘g‘i 29 milliard so‘mlik 51 ta loyiha shakllantirildi, xolos. Fanlar akademiyasi tizimidagi 33 ta ilmiy institut tomonidan o‘tgan yili atigi 59 ta patent olingan.

Oliy ta’lim muassasalarida ilmiy tadqiqotlar darajasi o‘ta past, ilm va innovatsiya masalalari bo‘yicha mas’ul prorektorlar umuman ishlamayotgani qayd etildi.

"Oliygoh, ilmiy tashkilotlar, tarmoq va hududlar o‘rtasidagi muloqot qanday? Bugun kun tartibida mana shu savol turibdi. Afsuski, muloqot talab darajasida emas", dedi Shavkat Mirziyoyev.

Videoselektor yig‘ilishida ilm-fan bilan ishlab chiqarish o‘rtasidagi hamkorlikni ta’minlash, ilmiy institutlarga buyurtmalarni shakllantirish bo‘yicha dolzarb yo‘nalishlar ko‘rsatib o‘tildi.

Xususan, qishloq xo‘jaligida hosildorlikni oshirish, hududlarni ixtisoslashtirish, yuqori qiymatli mahsulotlarni ko‘paytirishga xizmat qiladigan ishlanmalar zarurligi ta’kidlandi. Chunki hududlar iqlimiga mos ekin navlarini yaratish, sifatli urug‘lik tayyorlash ishlari mutlaqo qoniqarsiz ahvoldaligi qayd etildi. Oxirgi ikki yilda 108 million dollarlik ko‘chat va urug‘lar import qilingan. Bu yil birgina kartoshka urug‘ining importi o‘tgan yilgiga nisbatan 2 baravar oshgan.

Hududlarda xususiy urug‘chilik korxonalari tashkil etish, chet eldan bozorbop navlarni olib kelib, mahalliy sharoitlarga moslashtirgan holda, urug‘ brendlari yaratish zarurligi ta’kidlandi. Qishloq xo‘jaligi vazirligi hamda Innovatsion rivojlanish vazirligiga ekinlarning yangi avlod gibrid urug‘larini yetishtirish va urug‘shunoslik laboratoriyalari tashkil etish vazifasi qo‘yildi.

Suv xo‘jaligi sohasidagi muammolarni ham ilmiy yechimlar orqali hal qilish mumkin. Xususan, sug‘orishda suv tejovchi texnologiyalarni qo‘llash kengayib bormoqda. Lekin bunda o‘g‘itlarni to‘g‘ri eritish, sug‘orish vaqtini aniqlash, muddatida texnik xizmat ko‘rsatish bo‘yicha tizim tashkil etilmagan. Yomg‘irlatib sug‘orish bo‘yicha ilmiy tadqiqotlarni amaliyotga joriy etish ham oqsamoqda.

Shu bois Namangan, Samarqand, Qashqadaryo va Toshkent viloyatlarida suv tejovchi texnologiyalarga xizmat ko‘rsatadigan qo‘shma korxonalar tashkil etish bo‘yicha topshiriq berildi.

Xorijiy moliya tashkilotlari mablag‘lari hisobidan amalga oshirilayotgan irrigatsiya ob’ektlarini loyihalashtirish ishlariga chet ellik mutaxassislar bilan birga mahalliy olimlarni ham jalb qilish muhimligi aytildi. Misol uchun, Qoraqalpog‘istonda suv resurslarini boshqarish bo‘yicha 215 million dollarlik loyihaning 8 millioni ilmiy izlanishlarga yo‘naltirilgan.

Xorazmda tashkil etilgan Suv muammolari ilmiy-tadqiqot markazi orqali viloyatdagi irrigatsiya inshootlarini qayta loyihalashtirish, suv resurslarini to‘g‘ri rejalashtirish lozimligi qayd etildi.  

Ilm-fan natijalari kimyo sanoati va neft-gaz tarmoqlari uchun ham juda zarur. Mamlakat ko‘p miqdorda kimyoviy reagentlar, polimerlar va boshqa mahsulotlarni import qilayotgani bu boradagi ahvolni yaqqol ko‘rsatadi.  

Shu munosabat bilan, xorijiy tajriba asosida neft va tabiiy gazni chuqur qayta ishlab, yuqori qo‘shilgan qiymatli mahsulotlar tayyorlaydigan markaz tashkil etish vazifasi qo‘yildi. Kimyo sanoatiga zarur reagentlar uchun ilmiy institutlarga buyurtmalar berish va ularni ishlab chiqarishga grant ajratish muhimligi ta’kidlandi.

Yana bir masala – bugungi kunda Navoiy va Olmaliq kon-metallurgiya kombinatlarida 3 milliard tonnaga yaqin texnogen chiqindilar yig‘ilib qolgan. Yiliga ularning 20 million tonnasi qayta ishlansa, 2 tonna oltin, 8 tonna kumush, 10 ming tonna mis hamda volfram, molibden kabi nodir metallar olish mumkin. Mutasaddilarga shu borada aniq ko‘rsatmalar berildi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev energetika tarmog‘idagi muammolarga alohida e’tibor qaratdi.

Bu sohada 3 ta oliygoh, 2 ta ilmiy tashkilot, o‘nlab olimlar bo‘lsa-da, muammolarni hal qilishda o‘rni sezilmayapti. Yirik korxonalarda yoqilg‘i-energetika resurslari iste’molini tahlil qiladigan ilmiy tadqiqotlar yo‘q.

Misol uchun, bir yilda 100 million kilovatt soat elektr ishlatadigan Toshkent truba zavodi o‘rganilganda, jarayonlarni optimallashtirish hisobiga 20 million kilovatt soat energiyani iqtisod qilish mumkinligi aniqlangan. Buning hisobidan qanchadan-qancha xonadonlarga yorug‘lik yetkazish mumkin.

Shu maqsadda “Issiqlik elektr stansiyalari”, “Navoiyazot”, “Farg‘onaazot”, “Qizilqumsement”, “Bekobodsement”, “Quvasoysement” kabi yirik korxonalarda ilmiy tashkilotlar bilan birga elektr energiyasi sarfini optimallashtirish bo‘yicha vazifa qo‘yildi. 

Shuningdek, har yili gaz transport tizimi va yirik sanoat korxonalaridan chiqayotgan ikkilamchi gazlar 730 megavatt elektr energiya salohiyatiga ega bo‘lib, bu imkoniyatdan umuman foydalanmay kelinmoqda. Shunday ekan, ilmiy tashkilotlar bilan hamkorlikda Muborak, Sho‘rtan va Gazli konlarida yo‘ldosh gazlardan elektr energiyasi olish bo‘yicha loyihalar ishlab chiqish zarurligi qayd etildi.

Farmatsevtika sanoati import substansiyalariga bog‘lanib qolgan. Aslida, mamlakatda ularni ishlab chiqarish uchun ilmiy salohiyat mavjud. Misol uchun, O‘simlik moddalari kimyosi instituti o‘tgan ikki yilda Rossiya, AQSH va Fransiyaga  4 million dollarlik substansiya eksport qilgan. Mazkur institutda dorivor o‘simliklar tarkibini o‘rganish va standartlashtirish bo‘yicha maxsus laboratoriya hamda klinikagacha tadqiqotlar markazi tashkil etish, olimlarga grantlar ajratish choralari belgilandi.

"Bir narsani bilishimiz kerak: ilmsiz, innovatsiyasiz oldimizga qo‘ygan maqsadlarga hech qachon erisha olmaymiz. Hisobot uchun emas, natija uchun ishlash kerak", deya ta’kidladi Prezident.

Xorijiy klinikalar bilan hamkorlikda Respublika ixtisoslashtirilgan xirurgiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazida jigar, buyrak, ilik transplantatsiyasini, Respublika kardiologiya markazida yurak bilan bog‘liq innovatsion amaliyotlarni yo‘lga qo‘yish zarurligi ta’kidlandi.

Ilm-fanni ishlab chiqarish bilan bog‘lash uchun texnoparklar imkoniyatidan keng foydalanish lozimligi aytilib, bu borada oliy ta’lim muassasalari, ilmiy-tadqiqot institutlari va Innovatsion rivojlanish vazirligiga tegishli ko‘rsatmalar berildi.

Yig‘ilishda ilm-fan va oliy ta’lim muassasalari, tarmoq va hudud rahbarlari kelgusi yili qaysi yo‘nalishlarda ilmiy loyihalarni amalga oshirishi va qanday natijalarga erishishi yuzasidan axborot berdi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

44

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing