Hirotda ayollarga shifoxonalarga paranjisiz kirish taqiqlandi

Olam

image


 Afg‘onistonning Hirot viloyati gubernatori Zana Vohid endilikda birorta ham ayol o‘qituvchi maktab hududiga paranjisiz kira olmasligini, shuningdek, paranjisiz yuradigan ayollar shifoxonalarga kiritilmasligini va taksilarga chiqarilmasligini e’lon qildi. Bu haqda “Atlas Press” xabar berdi.

 Qayd etilishicha, cheklovlar faqat maktablarga emas, boshqa muassasalarga ham tatbiq qilinmoqda. So‘nggi kunlarda paranjisiz ayollar viloyat shifoxonasi, markaziy qamoqxona, fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish organlari, ta’lim boshqarmasi, hatto banklarga ham kiritilmayotgani bildirilgan. Guvohlarning aytishicha, ayollar hijobda bo‘lsa ham ko‘plab hollarda ular ichkariga kiritilmay, ko‘cha tomonda soatlab kutishga majbur qilinyapti.

“Kabul Now” nashrining yozishicha, Afg‘onistondagi “Tolibon” muvaqqat hukumati rasmiylari taksi haydovchilariga ham paranjisiz ayollarni olib yurmaslik haqida buyruq bergan. Mahalliy manbalarga ko‘ra, Hirot bo‘ylab ko‘plab nazorat punktlari o‘rnatilib, paranjisiz ayollarni tashigan haydovchilar jazolanyapti. 

Eslatib o‘tamiz, o‘tgan yilning oktyabr oyida “Tolibon” Hirot shahridagi ayollar kafesining faoliyatini to‘xtatgandi. Aniq bir sabab ko‘rsatilmay, kafe muhrlab qo‘yilgan.

Shuningdek, avvalroq “Tolibon” muvaqqat hukumatining oliy ta’lim vazirligi universitet professorlari va past darajadagi ma’muriy xodimlarga ish vaqtida smartfonlardan foydalanishni taqiqlagan edi. Vazirlik hujjatida aytilishicha, smartfondan foydalanish ish jarayonini murakkablashtiradi va xodimlarni chalg‘itadi.

Mohichehra Qadamova


Maqola muallifi

avatar

.

Teglar

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing