Hindistonda o‘zbekistonlik ayollar tutqunlikda qolgani aytilmoqda. Ular hukumatdan yordam so‘radi
Jamiyat
−
24 Oktabr 2022
29956Turli internet saytlari va ijtimoiy tarmoqlarda Hindistonning Dehli shahrida bo‘lib turgan fuqaro D.Mahmudovaning video murojaati tarqaldi. Videoga keltirilgan izohda o‘zbekistonlik ayollar odamfurushlar qo‘liga tushib, tutqunlikda saqlanayotgani aytilgan.
Dehli shahrida bo‘lib turgan fuqaro D.Mahmudova tomonidan qilingan videomurojaatga O‘zbekistonning Hindistondagi elchixonasi rasmiy munosabat bildirdi.
Qayd etilishicha, joriy yilning 28 avgust kuni fuqaro D.Mahmudova va uning hamrohligida jami 7 nafar O‘zbekiston fuqarosi Hindistondagi elchixonaning konsullik bo‘limiga Vatanga qaytarishda ko‘maklashishni so‘rab murojaat qilgan. Elchixona tomonidan mazkur fuqarolarga tezkor ravishda barcha tegishli konsullik-huquqiy yordami ko‘rsatilgan.
“Xususan, ularning yashash joyi mavjud emasligi va moliyaviy og‘ir ahvolidan kelib chiqib, zudlik bilan Dehli shahrida “Empowering Humanity” nodavlat tashkiloti bilan hamkorlikda boshpana bilan ta’minlashga erishilib, ularga uch mahal issiq ovqat berib kelinmoqda. O‘z navbatida, murojaat qilgan fuqarolarning shaxsini tasdiqlovchi hujjati bo‘lmaganligini inobatga olib, ularga Vatanga qaytish guvohnomasi rasmiylashtirildi”, deyiladi elchixona munosabatida.
Ta’kidlanishicha, yuqorida qayd etilgan fuqarolar Hindiston huquqni muhofaza qiluvchi idoralari tomonidan Hindiston hududiga noqonuniy yo‘llar bilan kirib kelgani va ushbu mamlakatda bo‘lish qoidalarini buzgani aniqlangan. Shu bilan birgalikda, videomurojaat muallifi – D.Mahmudova va uning hamrohlari masalasida Hindiston huquqni muhofaza qiluvchi idoralari tomonidan tegishli tergov va sud jarayonlari davom etayotgani sababli ularning ushbu davlat hududidan chiqishiga vaqtinchalik cheklov qo‘yilgan. Ushbu huquqiy jarayonlar yakunlangach, yuqoridagi fuqarolarning tezkor ravishda O‘zbekistonga qaytarilishi ta’minlanadi.
“Ushbu masala O‘zbekiston Respublikasining Hindistondagi Elchixonasi tomonidan qat’iy nazoratga olingan va qayd etilgan fuqarolar uchun zarur bo‘lgan tegishli konsullik-huquqiy yordam ko‘rsatilmoqda. Mazkur holat yuzasidan Hindistonning vakolatli idoralari bilan muntazam aloqa o‘rnatilgan”, deyiladi rasmiy xabarda.
LiveBarchasi