Hindistonda ushlab qolingan oltinlar O‘zbekistondan olib chiqib ketilganmi?

Olam

image

Avvalroq Hindistonning Dehli shahridagi Xalqaro aeroportda oltin kontrabandasi bilan shug‘ullangan sakkiz nafar O‘zbekiston fuqarosi qo‘lga olingani haqida xabar bergan edik. QALAMPIR.UZ mazkur holat yuzasidan O‘zbekiston Davlat bojxona qo‘mitasi matbuot kotibi Husan Tangriyev bilan bog‘landi.

Unga ko‘ra, 2022 yil 23 dekabrda qabul qilingan va joriy yilning 11 yanvaridan kuchga kirgan “Zargarlik buyumlarini ishlab chiqarish quvvatlarini kengaytirish va mahalliy zargarlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Prezident qaroriga binoan jismoniy shaxslar qiymati 100 million so‘mgacha bo‘lgan tayyor zargarlik buyumlarini yo‘lovchi bojxona deklaratsiyasini to‘ldirmasdan, 100 million so‘m va undan ortiq bo‘lganlarini yo‘lovchi bojxona deklaratsiyasi asosida O‘zbekiston bojxona hududidan tashqariga olib chiqishi mumkin.

Zargarlik buyumlarini ishlab chiqaruvchi yakka tartibdagi tadbirkorlar zargarlik buyumlarini yo‘lovchi bojxona deklaratsiyasini to‘ldirgan holda, ma’lumotlarni Tashqi savdo operatsiyalarining yagona elektron axborot tizimiga kiritmasdan O‘zbekiston bojxona hududidan tashqariga tijorat maqsadlarida olib chiqishlariga ruxsat etiladi.

“Ya’ni erta xulosa chiqarishga shoshilmang, qaysidir mamlakatda noqonuniy olib kirishda to‘xtatib qolingan tovar boshqa mamlakatdan ham noqonuniy ravishda olib chiqilganini anglatmasligi mumkin”, deydi Tangriyev.

Shuningdek, bojxona xodimi mazkur taqinchoqlarning aynan O‘zbekiston hududidan olib chiqib ketilgani yoki yo‘qligidan bexabarligini ma’lum qildi. Unga ko‘ra, ushbu vaziyatga aniq izoh berish imkonsiz va O‘zbekiston hududidan erkin olib chiqib ketilishi mumkin bo‘lgan buyumlar qat’iy nazorat talab qilmaydi. 

“Xalqaro aeroportlarning uchib ketish zallarida masofaviy bojxona nazorati qo‘llaniladi. Ya’ni, barcha yo‘lovchilar yoppasiga bojxona ko‘rigidan o‘tkazilmaydi. Qolaversa, amaldagi tartiblarga ko‘ra, 100 million so‘mgacha, tayyor zargarlik buyumlarini respublikamizdan emin-erkin olib chiqish mumkin. 

Dehli aeroportidagi hodisa yuzasidan har jihatdan o‘rganib, so‘ngra xulosa qilgan ma’qul. Jumladan, yo‘lovchilar tillani aynan bizdan olib chiqqanmi yoki aeroportda kimdandir qabul qilib olganmi (tilla bagajdan emas, aeroportga tegishli aravachadan topilganiga e’tibor qaratish kerak)  - bular batafsil o‘rganilishi kerak, deb hisoblayman”, deydi Husan Tangriyev.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Hindiston-Nepal chegarasining Bihar shtati hududidan noqonuniy tarzda o‘tayotgan paytda qo‘lga olingani uch nafar o‘zbekistonlik ayol diplomatik missiya ko‘magida O‘zbekistonga qaytarilgan edi.


Maqola muallifi

Teglar

Hindiston Dehli tilla zanjirlar

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing