Hindistonda Messining 21 metrli haykali qurildi (video)
Sport
−
12:59 1213 1 daqiqa
Argentinalik futbol afsonasi Lionel Messi sharafiga dunyodagi eng katta deb hisoblangan 21 metrlik temir haykal Kalkuttaning Janubiy Dum-Dum shahrida qurib bitkazildi. Bu haqda “Thestatesman” nashri xabar berdi.
Haykalda Messi qo‘lida Jahon chempionati kubogini ushlab turgan holda tasvirlangan va hozirda haykalning sirt ishlari yakunlanmoqda. G‘arbiy Bengal vaziri Sujit Bose haykal atigi 40 kun ichida qurib bitkazilganini ta’kidladi:
“Bu juda katta haykal, balandligi 21 metr. Dunyoda Messining bunchalik katta haykali yo‘q. Kalkuttaga tashrif buyuradigan muxlislar juda ko‘p. Biz bunga shaxsan tayyorlandik”, deydi Sujit Bose.
Tashkilotchilarga ko‘ra, Messi haykali rasmiy ochilish marosimi ertaga, 13 dekabr kuni bo‘lib o‘tadi. Bu tadbirda Messi xavfsizlik va qonun-tartibot sababli shaxsan ishtirok eta olmaydi, shuning uchun marosim virtual tarzda o‘tkaziladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Argentinaning Mar-del-Plata shahri markazidagi El Nuevo Mundial kafesi kirish qismida joylashgan Lionel Messining haykali butunlay vayron bo‘lgan holda topilgan edi.