Hindistonda Beruniyga haykal qo‘yiladi
Jamiyat
−
02 Sentabr 2023
5963Hindiston poytaxti Nyu-Dehlida buyuk mutafakkir va qomusiy olim Abu Rayhon Beruniyning haykali o‘rnatiladi. Bu haqda “Dunyo” axborot agentligi xabar berdi.
Qayd etilishicha, O‘zbekistonning Hindistondagi elchisi Dilshod Ahatov va Jamiya Milliya Islamiya (JMI) universiteti rektori, professor Najma Axtar uchrashuvi chog‘ida Beruniyning haykalini universitet hududida o‘rnatish bo‘yicha kelishuvga erishilgan.
Uchrashuv chog‘ida professor Najma Axtar Abu Rayhon Beruniyning boy ilmiy merosiga yuqori baho berib, uning “Kitob ul-hind” asari Hindiston haqida yozilgan ilk noyob ilmiy asarlardan biri ekanini ta’kidlagan. Shu bois qomusiy olim haykali uning jahon hamjamiyati, jumladan, hind xalqi oldidagi xizmatlarining yuksak e’tirofi ramzi bo‘ladi. Abu Rayhon Beruniy haykalini oliy bilim yurtining huquqshunoslik, xorijiy tillar departamenti, dizayn va innovatsiya departamenti, arab-hind madaniyat markazi va boshqa bo‘linmalari tutashgan gavjum maydonchada o‘rnatish rejalashtirilmoqda. Haykal universitetga O‘zbekiston tomonidan taqdim etiladi.
Muloqot chog‘ida O‘zbekiston oliy o‘quv yurtlari va JMI o‘rtasidagi hamkorlik aloqalarini rivojlantirish masalalari ham muhokama qilingan. Jumladan, Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti (TDSHU) va JMI o‘rtasida imzolangan Ahdlashuv memorandumi doirasida Toshkentga hind va urdu tillari bo‘yicha ikki nafar mutaxassisni jo‘natish va TDSHUning ikki nafar mutaxassisini hind universitetiga yuborish bo‘yicha yakdil fikr bildirilgan.
Aytilishicha, O‘zbekistonlik o‘qituvchilar Jamiya Milliya Islamiya huzurida 2004 yilda ochilgan o‘zbek tili kurslarida yoshlarga saboq beradi.
Shuningdek, O‘zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti (O‘zJOKU) va JMI huzuridagi Ommaviy kommunikatsiyalar tadqiqot markazi o‘rtasida hamkorlikni yo‘lga qo‘yish istiqbollarini o‘rganish uchun ikki oliy o‘quv yurtlari o‘rtasida o‘zaro delegatsiya almashiniladigan bo‘ldi.
Qayd etish joizki, Jamiya Milliya Islamiya universiteti Hindistonning yetakchi oliy ta’lim maskanlaridan biri hisoblanadi. U 2020 yilda faoliyatining 100 yilligini nishonlagan. Universitet faoliyati markaziy hukumat tomonidan moliyalashtiriladi. Bu yerda huquq, gumanitar fanlar va tillar, nafis san’at, tabiiy fanlar, ijtimoiy fanlar, injeneriya va texnologiyalar, ta’lim, me’morchilik, stomatologiya, boshqaruv tadqiqotlari kabi qator yo‘nalishlarda mutaxassislar tayyorlanadi. 20 ming nafar talabaga 1000 nafar professor va o‘qituvchilar dars beradi. O‘quv jarayonida Sharq olimlari, jumladan, buyuk o‘zbek allomalarining noyob asarlarini o‘rganishga ham katta e’tibor qaratiladi. Ta’lim maskanining ikkita binosi Abu Rayhon Beruniy va Abu Ali ibn Sino nomlari bilan atalgan.
Ma’lumot uchun, avgust oyi oxirida O‘zbekiston Prezidentining “Abu Rayhon Beruniy nomidagi UNESCO – O‘zbekiston xalqaro mukofotini ta’sis etishni qo‘llab-quvvatlash to‘g‘risida”gi qarori qabul qilingan. Shuningdek, 4-8 sentyabr kunlari Parij shahrida Abu Rayhon Beruniy tavalludining 1050 yilligini nishonlash doirasida xalqaro ko‘rgazma hamda tadbirlar o‘tkazilishi rejalashtirilgan.
LiveBarchasi