Hindistonda “Ajdarho tili” sikloni 8 kishini hayotdan olib ketdi
Olam
−
17 may 2021
5327Kecha, 16 may kuni Hindistonning g‘arbiy sohilida “Tauktae” (Ajdarhol tili) tropik sikloni kuzatildi. Oqibatda kamida sakkiz kishi halok bo‘ldi, elektr uzatish tarmoqlari va ko‘plab daraxtlar qulab tushdi, minglab odamlar elektr energiyasisiz qoldi.
Bugun, 17 may kuni “Times of India” nashrining xabar berishicha, Arab dengizida paydo bo‘lgan siklon Kerala, Karnataka, Maharashtra va Goa shtatlariga zarar yetkazgan. Dovul shamollari va kuchli yomg‘irlar odamlarning halok bo‘lishiga va vayronagarchiliklarga olib kelgan.
Xabarga ko‘ra, shtatlarning hokimiyat organlari siklon zonasidagi shifoxonalarda davolanayotgan koronavirus bilan kasallangan bemorlarning xavfsizligini ta’minlash uchun favqulodda choralar ko‘rgan.
Maharashtra shtatida davolanayotgan 580 nafar bemor qirg‘oqdagi klinikalardan boshqa sog‘liqni saqlash muassasalariga evakuatsiya qilingan. Mumbay shahrida kuchli yomg‘ir yog‘ishi sababli, dam olish kunlari aholini COVID-19’ga qarshi emlash vaqtincha to‘xtatilgan.
Hindiston meteorologiya idorasi ma’lumotlariga ko‘ra, “Tauktae” sikloni 165 km/soat tezlikda shimolga Gujarat shtati tomon harakat qilmoqda. Shu sabab ushbu hududda yashovchi 150 mingga yaqin aholi xavfsiz joylarga evakuatsiya qilingan. Hindiston Qurolli Kuchlarining dengizdagi va quruqlikdagi kuchlarining bo‘linmalari aholiga yordam berish maqsadida shay holatga keltirilgan. Barcha baliqchilarga baliq ovlashni to‘xtatish va uylariga qaytish tavsiya etilgan.
LiveBarchasi