Hindiston tarixdagi eng katta aholini ro‘yxatga olish jarayonini boshladi

Olam

image

Bugun, 1 apreldan Hindistonda tarixdagi eng katta aholini ro‘yxatga olish jarayoni boshlandi. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, mamlakatda qariyb 1,5 milliard aholi istiqomat qiladi. Bu haqda “Asia News” xabar berdi.

Qayd etilishicha, jarayonga 3 milliondan ortiq amaldorlarning jalb etilishi rejalashtirilgan. Ro‘yxatga olish bir necha murakkab bosqichni o‘z ichiga olib, to‘liq 1 yil – 2026 yilning 1 aprelidan 2027 yilning 31 mart sanasigacha davom etadi.

Ro‘yxatga olish haqida so‘nggi marotaba 2020 yilda e’lon qilingan. Ammo jarayon COVID–19 pandemiyasi tufayli amalga oshmay qolib ketgan. Ma’sullar dastlab bir oy davomida uyma-uy ma’lumot yig‘ib, fuqarolarning mol-mulki va yashash sharoitlarini hujjatlashtiradi. Keyin esa ma’lumotlar bevosita so‘rovlar va onlayn shaklda to‘planadi, bu esa aholiga smartfonlar foydalanish zaruratini tug‘diradi.

So‘nggi bosqich individual ma’lumotlarni yig‘ish hisoblanib, sentyabr oyidan boshlanadi, unda odamlarning ijtimoiy va individual xususiyatlari, jumladan, dini, kastasi, hamda shaxsiy imkoniyatlari kabi ma’lumotlar batafsil o‘rganiladi.

Amaliyotning boshqa davlatlardan asosiy farqi shundaki, aholini kasta tizimi bo‘yicha taqsimlash faqat Hindistonda mavjud bo‘lgan yagona jarayon hisoblanadi. Hindiston bo‘ylab, xususan, hindlar orasida kasbi va iqtisodiy mavqeiga ko‘ra yuzlab kasta guruhlari mavjud, ammo mamlakatda ularga qancha odam tegishli ekanligi haqidagi ma’lumotlar cheklangan yoki umuman mavjud emas.

Aholini ro‘yxatga olish orqali to‘plangan ma’lumotlar davlat farovonlik dasturlari va Hindistonning siyosiy xaritasini qayta chizishga turtki bo‘lishi mumkin, chunki aholi o‘sishini aks ettirish orqali Hindiston parlamentning quyi palatasi va shtat qonun chiqaruvchi organlaridagi o‘rinlar ko‘paytirilishi mumkin.

Hindistonda o‘tkazilgan so‘nggi aholini ro‘yxatga olish jarayoni 2011 yilda bo‘lib o‘tgan va unda 1,21 milliard aholi qayd etilgan. Hozirda aholining soni 1,4 milliarddan ortiq deb baholanmoqda, bu esa Hindistonni dunyodagi eng ko‘p aholiga ega davlatga aylantiradi.

Birlashgan Millatlar Tashkilotining Aholishunoslik jamg‘armasi ma’lumotlariga ko‘ra, Hindiston 2023 yilning oktyabrida Xitoy aholisini ortda qoldirdi. Bugungi kunda Hindistonda butun dunyo aholisining 19 foizi istiqomat qiladi.

Hojiakbar Muhammadjonov


Maqola muallifi

avatar

.

Teglar

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing