Hindiston Pokistondan tovar importi va tranzitini to‘liq to‘xtatdi

Olam

image

Hindiston hukumati Pokiston bilan bog‘liq har qanday tovarlarning importi va tranzitiga to‘liq taqiq joriy etdi. Bu haqda Hindiston Tashqi savdo bosh direktoratining qarorida so‘z boradi.

Hujjatga ko‘ra, bu cheklov Pokistonda ishlab chiqarilgan yoki u yerdan eksport qilinayotgan barcha tovarlarga, shu jumladan to‘g‘ridan to‘g‘ri va bilvosita yetkazib berish holatlariga ham taalluqli.

“Bu qaror darhol kuchga kiradi va keyingi buyruqqacha amal qiladi”, dedi bosh direktor Ajay Bhadu,

Shuningdek, u bu choralar milliy xavfsizlik nuqtai nazaridan ko‘rilayotganini ta’kidlab, faqat hukumat tasdig‘i bilan ayrim istisnolar qo‘llanishi mumkinligini aytgan.

Pahalgamdagi terakt

22 aprel kuni qurollangan shaxslar Hindistonning Jammu va Kashmir shtatining Pahalgam tumanida sayyohlarga qarata o‘t ochib, 26 kishini o‘ldirdi. Bundan tashqari, ko‘plab odamlar jarohatlangan.

Hujum ortidan Hindiston Bosh vaziri Narendra Modi Saudiya Arabistoniga rasmiy tashrifini to‘xtatib, Nyu-Dehliga qaytdi. Poytaxtga kelgach, Modi vaziyatni baholash uchun yuqori martabali amaldorlar bilan xavfsizlik bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazdi. Hindiston hukumati hujumda Pokistondan kelgan odamlarni aybladi.

Hindiston Hind suvlari shartnomasini to‘xtatdi, Nyu-Dehlida joylashgan pokistonlik maslahatchilardan bir hafta ichida mamlakatni tark etishni so‘radi va Pokiston fuqarolariga berilgan vizani bekor qildi.
Pokiston, o‘z navbatida, ayblovlarni rad etdi va Hindistonning Islomoboddagi diplomatik xodimlari sonini qisqartirdi.

Pokiston hukumati Hindistonning Hind daryosi havzasidagi daryolar oqimini to‘xtatish yoki boshqa yo‘nalishga yo‘naltirishga bo‘lgan har qanday urinishi urush harakati sifatida baholanishini aytdi. Shuningdek, mamlakat Hindiston bilan barcha savdo-sotiqni to‘xtatdi va havo hududini yopdi.

Pokiston hukumati, shuningdek, Hindiston fuqarolariga beriladigan barcha vizalar to‘xtatilganini e’lon qildi.


Maqola muallifi

Teglar

Hindiston Pokiston Kashmir

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing