Hindiston Ozarbayjonning SHHTga to‘laqonli a’zoligini blokladi

Olam

image

Hindiston Ozarbayjonning Shanxay hamkorlik tashkilotiga (SHHT) to‘laqonli a’zolik arizasini blokladi. Bu haqda ushbu masaladan xabardor rasmiylarga tayanib, AnewZ telekanali xabar berdi.

Qayd etilishicha, bu hodisa Pokistonning Armaniston bilan diplomatik munosabatlarni ko‘rib chiqish haqidagi qarori fonida yuz bergan. Rasmiylarning so‘zlariga ko‘ra, Hindistonning pozitsiyasi Ozarbayjonning Pokiston bilan “birodarlik” munosabatlari bilan chambarchas bog‘liq.

Ozarbayjon rasmiylari telekanalga bergan izohida Hindiston qarori ko‘p tomonlama diplomatiya tamoyillari va “Shanxay ruhi”ga zid ekanini, ular ikki tomonlama nizolarni ko‘p tomonlama platformalarga olib chiqmaslikni nazarda tutishini bildirgan.

AnewZ manbalarining xabar berishicha, Islomobodning Armaniston bilan diplomatik aloqalar o‘rnatish haqidagi yaqindagi qarori Baku bilan maslahatlashuvlardan keyin qabul qilingan va bu voqeani Vashingtonda bo‘lib o‘tgan Armaniston-Ozarbayjon muzokaralarining bevosita natijasi sifatida ko‘rish lozim. Joriy yilning 31 avgust kuni Armaniston Tashqi ishlar vaziri Ararat Mirzoyan Xitoyning Tyanszin shahrida bo‘lib o‘tgan SHHT sammitida Pokiston TIV rahbari Muhammad Is’hoq Dor bilan uchrashgan. Tomonlar davlatlar o‘rtasida diplomatik aloqalar o‘rnatish to‘g‘risida kommyunike imzolagan. Bungacha Islomobod Yerevan bilan diplomatik munosabat o‘rnatmagan. Islomobod shu yo‘l bilan Bakuni qo‘llab-quvvatlashini bildirgan.

 “Azertac” nashrining xabar berishicha, kecha, 1 sentyabr kuni Ozarbayjon rahbari Ilhom Aliyev Tyanszinda Pokiston Bosh vaziri Shaxboz Sharif bilan uchrashgan. Uchrashuv davomida Aliyev Hindiston “Pokistonni qo‘llab-quvvatlagani uchun Ozarbayjondan xalqaro tashkilotlarda o‘ch olishga harakat qilmoqda”, deya bayonot bergan. Bundan tashqari, Ozarbayjon rahbari Pokistonni “Hindistonga qarshi g‘alaba ” bilan tabriklagan. Bunda gap joriy yilning may oyida Hindiston va Pokiston armiyalari o‘rtasida bir necha kun davom etgan to‘qnashuvlar haqida ketmoqda.

Armaniston ham SHHTda “muloqot bo‘yicha hamkor” maqomiga ega. Arman matbuotining yozishicha, mamlakatning tashkilotga a’zoligini Pokiston to‘sib qo‘ygan. Armaniston TIV bu ma’lumotni tasdiqlamagan, ammo rad ham etmagan.

“Biz hozircha bu jarayon tafsilotlariga to‘xtalib o‘tmaymiz, ammo shuni ayta olamizki, Armanistonning a’zolikka oid masalasida yetarlicha konstruktiv yondashuv va o‘zaro tushunishni ko‘ryapmiz. Shu asosda biz SHHTga a’zo manfaatdor davlatlar bilan hamkorlikni davom ettiramiz va tashkilot bilan o‘zaro manfaatli sheriklikni yanada rivojlantirish yo‘lida ishlaymiz”, deyiladi vazirlikning “Bagramyan 26” Telegram-kanalida e’lon qilingan OAV savoliga javobida.

Ma’lumot uchun, Shanxay Hamkorlik Tashkiloti – bu o‘nta davlatdan iborat xalqaro birlashma: O‘zbekiston, Rossiya, Hindiston, Eron, Qozog‘iston, Xitoy, Qirg‘iziston, Pokiston, Tojikiston va Belarus. U 2001 yil 15 iyunda ushbu davlatlar rahbarlari ishtirokidagi uchrashuvda Xitoyning Shanxay shahrida tashkil etilgan bo‘lib, tashkilot nomi ham shundan kelib chiqqan.

Afg‘oniston va Mo‘g‘uliston SHHT huzuridagi kuzatuvchi davlatlar hisoblanadi. Shuningdek, Osiyo va Afrikaning 14 davlati “SHHT muloqot bo‘yicha hamkor” maqomiga ega va Ozarbayjon ham shular jumlasidan.


Maqola muallifi

Teglar

Ozarbayjon Hindiston Shanxay hamkorlik tashkiloti

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing