Hibsdagi Nargis Muhammadiy BMTga maktub yo‘lladi

Olam

image

Tehrondagi Evin qamoqxonasida saqlanayotgan 2023 yilgi Nobel Tinchlik mukofoti laureati, siyosiy mahbus Nargis Muhammadiy BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrishga maktub yozdi. Bu haqda 26 yanvar kuni uning Instagram sahifasida ma’lum qilindi.

Muhammadiy Antoniu Guterrishdan Eron hukumatining ayollarga nisbatan jinsiy kamsitish siyosatini xalqaro hujjatlarda jinoyat sifatida tan olishni so‘ragan.

“Islom respublikasi hukumatning barcha imkoniyatlaridan tizimli va maqsadli foydalanmoqda, ayniqsa, qonunlar yaratish orqali ayollarni o‘ziga bo‘ysundirish siyosatini ilgari surmoqda va ularni inson huquqlaridan mahrum qilmoqda”, deydi Nargis.

Uning aytishicha, bunday vaziyatda nafaqat ayollar, balki butun Eron aholisi keng ko‘lamli diskriminatsiyaning dahshatli va chidab bo‘lmas oqibatlaridan aziyat chekmoqda.

“Biz zudlik bilan bu g‘ayriinsoniy va xavfli repressiyani to‘xtatish uchun choralar ko‘rishimiz kerak”, deydi Nobel mukofoti laureati.

Nargisga ko‘ra, gender va jinsiy aparteidni jinoiylashtirish, xalqaro qonunlarda aniqroq huquqiy ta’rif berish, Eron va Afg‘onistondagi gender aparteid tizimini qoralovchi bayonotlar berish, buzg‘unchi zulmga tobora ko‘proq duchor bo‘layotgan ayollarning boshdan kechirgan hikoyalarini ommaga yetkazish, Eron va Afg‘oniston jamiyatlarida ayollar fuqarolik institutlarini qo‘llab-quvvatlash, rejimlar tomonidan bosim ostida qolgan ayollar huquqlari himoyachilarini qo‘llab-quvvatlash va himoya qilish uchun zarur chora-tadbirlarni ko‘rish kerak.

“Bizga kerak bo‘lgan narsa – BMTdagi Insoniyatga qarshi jinoyatlar to‘g‘risidagi shartnoma loyihasiga jinsiy va gender aparteidini kiritish uchun o‘zgartirish kiritish. Bu qiyin yo‘l emas va erishish mumkin. Eron va Afg‘onistondagi ayollar Birlashgan Millatlar Tashkilotining zudlik bilan e’tiborini va muqarrar bo‘lib qolgan choralarini kutishmoqda”, deya qo‘shimcha qilgan u.

Eslatib o‘tamiz, Janubiy Ozarbayjon viloyatining Zanjon shahrida tug‘ilgan Nargis Muhammadiy 12 yil-u uch oy qamoq, 154 darra, ikki yil surgun va turli cheklovchi jazolarga hukm qilingan.


Maqola muallifi

Teglar

Eron BMT maktub Nargis Muhammadiy

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing