Hech bir rahbar “men xato qilyapman”, demaydi – Erdo‘g‘an
Olam
−
20 Sentabr 2022
12390Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an hech bir davlat rahbari xato qilsa, o‘z aybini tan olmaydi, deb hisoblaydi. U bu haqda Amerikaning PBS telekanaliga bergan intervyusida aytib o‘tdi.
Suhbat davomida Erdo‘g‘an Amerikaning Samarqandda o‘tkazilgan SHHT sammiti doirasida Rossiya Prezidenti Vladimir Putin bilan qanday muzokara o‘tkazgani haqida gapirdi. Shuningdek, u Ukraina-Rossiya urushi haqidagi o‘z mulohazalarini bildirar ekan, jurnalistning “Sizning-cha, Putin Ukraina xalqining o‘zini himoya qilish irodasini mensimay, noto‘g‘ri hisob-kitob qilayotganidan xabardormi?” degan savolga shunday javob berdi:
“Hech bir rahbar “men xato qilyapman”, deb aytmaydi. Albatta, men bu gap bilan Ukrainani ham nazarda tutdim. Janob Zelenskiy ham shunday qadam tashlaganmi, deb o‘ylayman. U ham xato qilyapman, deb o‘ylaydimi? Albatta, rahbarlar – bu kirgan yo‘lidan qaytishi juda qiyin bo‘lgan odamlardir. Lekin, hozirda faqat Polshaning o‘zida 3 milliondan ortiq ukrainalik qochqinlar bor. Yevropaning ko‘plab mamlakatlariga, hatto bizga ham kelgan ukrainalik muhojirlar bor. Bularning barchasini ko‘rib chiqsak, hozirda 5 millionga yaqin muhojir Ukrainadan tashqarida. Bunga chidash rahbar uchun oson ish emas. Ammo rahbarlar bundan osonlikcha afsuslanmaydilar”.
U Rossiya bosqiniga izoh berar ekan, Putin o‘zining bu ishi uchun uzr so‘ramasligini taxmin qilgan. Uning fikricha, yagona chora davlat rahbarlarining o‘zaro kelishuvga erishishidir.
“Hech bir bosqinni oqlab bo‘lmaydi. Va bu bosqinning oqibatini biz emas, janob Zelenskiy va janob Putin tushuntirishi mumkin. Buning sabablarini eng yaxshi ular bilishadi. Turkiya ushbu sabablarni baholab, muvozanatli siyosatni hurmat qiladigan mamlakat sifatida bu yerda ikkala tomonni ham tinglashni yoqlaydi. Shuning uchun bizda bu rahbarlarni birlashtirish istagi bor. Men ularni bir joyga to‘plamoqchi edim, xohlasangiz ularning o‘zidan so‘rang. Biz hali ham muvaffaqiyatga erisha olmadik, ammo men umidsiz emasman”, deydi Turkiya Prezidenti.
Erdo‘g‘anning ta’kidlashicha, Putin Rossiya Ukraina bilan 200 nafar asirni almashishga kelishganini aytgan.
“Men ular bu ishni imkon qadar tezroq tugatish uchun harakat qilayotganlarini angladim. Bunday harakat katta muammolarga olib kelishi mumkin. Ayni paytda, masalan, 200 nafar asirni almashtirish to‘g‘risida kelishuvga erishildi. Bu yaxshi yutuq... Ammo bu yerda Ukraina Rossiya bilan ham xuddi shunday munosabatda bo‘lishi juda muhim va bundan buyon ushbu mojarolarni to‘xtatish uchun o‘zaro kelishib olish kerak”, deydi Prezident Erdo‘g‘an.
Turkiya rahbarining so‘zlariga ko‘ra, Rossiya va Ukraina o‘rtasida tinchlik o‘rnatilishi uchun bosib olingan hududlarni qaytarish muhim ahamiyatga ega.
“Xohlaganimiz va kutganimiz ham shu. Bu masalada janob Guterrish (BMT kotibi Antoniu Guterrish – tahr.) ning ham harakatlari bor. Biz qo‘ygan qadamlar ham bor. Ushbu qadamlar biz kutgan qaytarishlarning amalga oshishiga haqiqatan ham yordam beradi”, degan Turkiya rahbari.
Ma’lum bo‘lishicha, Turkiya natijaga erishish uchun Rossiya va Ukraina tomonlari bilan muzokaralar olib bormoqda.
“Biz janob Putin va janob Zelenskiy bilan muzokaralar olib boryapmiz. Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibi ham janob Putin va janob Zelenskiy bilan aloqalarni davom ettirmoqda. Bu nimani anglatadi? Agar biz natijaga erishmoqchi bo‘lsak, unda ikkala rahbar bilan gaplashishimiz kerak va ulardan birining yonida turmaslik kerak. Albatta, buni ko‘rish juda muhim, odamlar nafaqat Ukraina tomondan, balki Rossiya tomonidan ham o‘lishmoqda”, deydi Prezident.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Rossiya Prezidenti Putinning shaxsan o‘zi Turkiya rahbari Rajab Toyib Erdo‘g‘anni O‘zbekistonga taklif qilgani, Samarqanddagi Shanxay hamkorlik tashkiloti sammiti doirasida o‘zaro suhbatlashgani haqida xabar bergan edik.
LiveBarchasi