Haj ziyoratiga noqonuniy yuborishni va’da qilgan shaxslar ushlandi (video)

3-sahifa

image

Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari tomonidan boshqa huquq-tartibot organlari bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbirlarda fuqarolarni Haj ziyoratiga noqonuniy yuborishni va’da qilgan shaxslar ushlandi. Bu haqda DXX xabar berdi.

Toshkent shahrining Chilonzor tumanida o‘tkazilgan tezkor tadbirda, 1966 va 1968 yillarda tug‘ilgan aka-uka o‘zaro til biriktirib, yuqori lavozimda ishlovchi tanishlari orqali 2 nafar fuqaroning Saudiya Arabistoniga Haj safariga borishlari uchun talab etiladigan viza hujjatlarini tayyorlab berish va ularni ziyoratga yuborish evaziga 12 ming AQSH dollari olgan vaqtlarida ashyoviy dalillar bilan ushlangan. Tergovga qadar tekshiruv davomida, ushbu noqonuniy ishga Toshkent shahridagi sayyohlik firmasining muqaddam firibgarlik jinoyatlari uchun 2 marotaba sudlangan ijrochi direktori aloqador ekanligi ma’lum bo‘lgan.

Andijon viloyatining Izboskan tumanida esa sayyohlik firmasi xodimi mazkur tumanda istiqomat qiluvchi fuqaroni aldov yo‘li bilan ishonchiga kirib, uni va onasini joriy Haj mavsumida muborak safarga yuborish evaziga 15 ming AQSH dollari talab qiladi. Ammo, u so‘ralgan pul mablag‘idan 7 ming AQSH dollarini olgan vaqtida ushlandi. Shuningdek, u mazkur noqonuniy ishni sayyohlik firmasi rahbari bilan kelishgan holda amalga oshirganligi aniqlandi.

Yana bir holatda Farg‘ona viloyatining Bag‘dod tumanida yashovchi, 1990 yilda tug‘ilgan shaxs ijtimoiy tarmoqlar orqali fuqarolarni 8700 AQSH dollari evaziga Haj ziyoratiga jo‘natishini aytib, Buvayda tumanida istiqomat qiluvchi, 1981 yilda tug‘ilgan fuqaro va uning 1959 yilda tug‘ilgan onasini hoji maqomini olishlari uchun Saudiya Arabistoniga yuborish evaziga 17 400 AQSH dollari talab qiladi. Lekin, u so‘ralgan pul mablag‘idan 10 ming AQSH dollarini olgan vaqtida ushlandi.

Marg‘ilon shahrida faoliyat yurituvchi sayyohlik firmasi rahbari esa Qo‘shtepa tumanida yashovchi fuqaroni Haj amallarini bajarishi uchun Saudiya Podshohligiga yuborish evaziga 14 ming AQSH dollari talab qilib, oldindan 10 ming AQSH dollari olgan vaqtida ushlandi. 

Hozirda mazkur shaxslarga nisbatan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.


Maqola muallifi

Teglar

Haj

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing