Hayraton – Naibobod – Mozori Sharif temiryo‘l liniyasi ishga tushdi
Olam
−
08 avgust
3874Kecha, 7 avgust kuni Afg‘onistonda qayta tiklangan Naibobod temiryo‘l stansiyasi ochildi. Bu haqda “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ xabar berdi.
Qayd etilishicha, tiklash ishlari kompaniya tomonidan Termiz mintaqaviy temiryo‘l uzeli va “So‘g‘diyona Trans” shu’ba korxonasi bilan hamkorlikda Afg‘oniston temiryo‘l boshqarmasi o‘rtasida tuzilgan shartnoma asosida amalga oshirilgan. Uning uzunligi 75 km, loyiha qiymati esa 129 mln dollarni tashkil etgan. Kompaniyaning “So‘g‘diyona Trans” shu’ba korxonasi 2011 yil dekabr oyida Afg‘onistonda ushbu liniyadan foydalanish va xizmat ko‘rsatish maqsadida ochilgan.
“Marosim davomida Naibobod stansiyasiga birinchi yuk vagonlari keldi, bu esa mintaqaning transport infratuzilmasini rivojlantirishda yangi bosqichning boshlanishini anglatadi”, deyiladi xabarda.
Qayta tiklangan liniyaning ochilish marosimida Prezidentning Afg‘oniston bo‘yicha maxsus vakili Ismatulla Irgashev va “O‘zbekiston temir yo‘llari” rahbarining birinchi o‘rinbosari Hikmatulla Rahmetov ishtirok etdi. “Tolibon” tomonidan bosh vazir o‘rinbosari Alxaj Mulla Abdulg‘ani Barodar, Balx viloyati gubernatori Muhammad Yusuf Vafo, jamoat ishlari vaziri Al-haj Muhammad Iso, jamoat ishlari vazirining temiryo‘l masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Al-haj Baxtulrahmon Sharafat va boshqa amaldorlar qatnashdi.
Unda Afg‘onistonning mintaqaviy yuk logistikasida muhimligi ta’kidlangan. Mozori Sharif – Qobul – Xarlachi yo‘nalishi bo‘ylab Transafg‘on temiryo‘li qurilishi loyihasini amalga oshirishni jadallashtirishga alohida e’tibor qaratilgan.
“Dengizga chiqish imkoni bo‘lmagan mamlakat Markaziy Osiyoni Janubiy Osiyo bilan o‘z hududidan o‘tadigan avtomobil va temiryo‘l yo‘nalishlari orqali bog‘lashda muhim rol o‘ynaydi. Shu nuqtai nazardan, o‘zbek temiryo‘l mutaxassislari tomonidan tiklangan Naibobod stansiyasi Rossiya, Qozog‘iston, Xitoy va Yevropa mamlakatlaridan Afg‘oniston orqali Pokiston, Hindiston va boshqa Janubiy Osiyo mamlakatlariga yuklarni tashish uchun muhim markaz bo‘ladi”, deyilgan xabarda.
LiveBarchasi