Haydovchilarni tayyorlash hamda qayta tayyorlash sohasini litsenziyalash IIVga o‘tkazilmoqda
Jamiyat
−
29 dekabr 2022
4129Senatning o‘ttiz oltinchi yalpi majlisida “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi Qonun ko‘rib chiqilib, ma’qullandi.
Uni ko‘rib chiqish jarayonida senatorlar yo‘llarda sodir bo‘layotgan yo‘l-transport hodisalari jamiyatni xavotirga solayotganini qayd etib, ularning kelib chiqish sabablarini aniqlash va oldini olishda tegishli mas’ul xodimlarning mas’uliyatini yanada oshirilishi lozimligini ta’kidladi.
Shu bilan birga, o‘rganishlar ko‘rsatganidek, avtomototransport vositalari haydovchilarini tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish tizimida ham mavjud bo‘lgan kamchiliklar avtomobil yo‘llarida turli qoidabuzarliklar va o‘lim bilan tugayotgan yo‘l-transport hodisalarining sodir etilishiga sabab bo‘lmoqda.
Qonunga ko‘ra avtomototransport vositalari va shahar elektr transporti vositalari haydovchilarini tayyorlash hamda qayta tayyorlash bo‘yicha faoliyatni, shuningdek avtomototransport vositalari va shahar elektr transporti vositalari haydovchilarining malakasini oshirish yuzasidan xabardor qilish tartibida amalga oshiriladigan faoliyatni litsenziyalash bo‘yicha vakolatli organ maqomi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasidan Ichki ishlar vazirligiga o‘tkazilmoqda.
Bundan tashqari, Qonun bilan avtomototransport vositalari va shahar elektr transporti vositalari haydovchilarini tayyorlash hamda qayta tayyorlash sohasida faoliyatni litsenziyalash uchun to‘lanadigan davlat boji bazaviy hisoblash miqdorining 10 baravari miqdorida belgilanmoqda.
Shuningdek, “Davlat boji to‘g‘risida”gi hamda “Litsenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish tartib-taomillari to‘g‘risida”gi qonunlarga tegishli o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritilmoqda.
LiveBarchasi