Havoning ifloslanishi sabab boshlang‘ich maktablar yopiladi
Olam
−
05 noyabr 2022
20629Hindistonning poytaxti Dehlida havoning haddan tashqari ifloslanishi oqibatida 5 noyabrdan boshlab boshlang‘ich maktablar yopilishi ma’lum qilindi. Bu haqda, Reuters nashri xabar bermoqda.
Qayd etilishicha, har yili qishda Hindiston poytaxtida havoning haddan ziyod ifloslanishi bilan bog‘liq holat kuzatiladi. Chunki sovuq atmosfera qurilish changlari, avtomobil chiqindilari va qo‘shni shtatlarda yonayotgan ekin qoldiqlari tutunini ushlab turadi. Bu esa shaharning 20 million aholisi orasida nafas olish bilan bog‘liq kasalliklarning ko‘payishiga olib keladi.
4 noyabr kuni havo sifati indeksi (AQI) poytaxtning aksariyat tumanlarida 400 balldan yuqori bo‘lganligi sababli “og‘ir” yoki “xavfli” deb baholadi. Bosh vazir Arvind Kejrival maktablardagi vaziyatni qo‘lga olishni va tegishli barcha choralarni ko‘rishni buyurdi.
“Hindiston havoning ifloslanishini nazorat qilish Federal kengashi poytaxtga zarur bo‘lmagan yuklarni olib o‘tadigan dizel yuk mashinalarining kirishini taqiqladi. Dehli ma’muriyati shu hafta boshida mintaqadagi aksariyat qurilish va buzish ishlarini to‘xtatdi. Ayni paytda mahalliy mutasaddilar jamoat transportini cheklash masalasini ko‘rib chiqmoqda”, deyiladi xabarda.
Dehli atrof-muhitni muhofaza qilish vaziri Gopal Rai Hukumat xodimlarining 50 foizi vaqtinchalik onlayn ish rejimiga o‘tishlari kerakligini aytdi va xususiy firmalarni xuddi shu ish rejimga o‘tishga chaqirdi.
Shahboz Abdusattorov
LiveBarchasi