Hashamat va xavfsizlik: Shveysariya Putin va Bayden uchrashuviga qanday tayyorgarlik ko‘rmoqda?

Olam

image

Avvalroq Rossiya Prezidenti Vladimir Putin va AQSH Prezidenti Jo Bayden joriy yilning 16 iyun kuni Shveysariyaning Jeneva shahrida o‘zlarining ilk yuzma-yuz uchrashuvini o‘tkazishi haqida xabar bergan edik. 

Jahon hamjamiyatining e’tibor markazida bo‘lib turgan uchrashuv kuni yaqinlashgan sari, u haqida batafsil ma’lumotlar paydo bo‘lmoqda.

So‘nggi rasmiy xabarlarga ko‘ra, Rossiya va AQSH Prezidentlarining sammiti XVIII asrga oid “La-Granj” qasrida bo‘lib o‘tadi. Ushbu ko‘chmas mulk Shveysariyaning tarixiy va madaniy yodgorligi hamda Jeneva aholisi uchun eng tomoshabob joydir. Quyida ushbu ko‘hna qasr hamda tayyorgarlik jarayoni haqida so‘z boradi. 

Ushbu ko‘chmas mulk tarixi 1706 yildan boshlanadi. O‘sha yili bo‘lajak qasr quriladigan joyni bankir Mark Lyullen sotib oldi. Keyinroq bankir Lyullenning o‘g‘illari 1768-1773 yillar oralig‘ida “La-Granj” qasrini qurdi va u yerda fransuzcha uslubdagi bog‘ barpo etdi.

1800 yilda qasrni Sharq bilan savdo-sotiq va Marsel porti orqali yuk tashishdan katta foyda ko‘rgan jenevalik Fransua Favr sotib oldi.

Favr oilasi qasr oldidagi bog‘ni zamonaviylashtirib, sherlar bilan monumental kirish joyi, pergola (quyoshdan himoya qiluvchi, yuqoriga qarab o‘sgan o‘simliklar soyaboni — tahr.) va issiqxona qurdirdi.

Keyinchalik qasrda kutubxona paydo bo‘ldi. XIX asrga kelib villada rasmiy qabullar va ziyofatlar bo‘lib o‘ta boshladi. Shunday qilib, qasrda 1864 yilda “urushda kasallangan va yaralangan askarlarga yordam berish”ni tartibga soluvchi Birinchi Jeneva konvensiyasi imzolandi.

1917 yilda shveysariyalik siyosatchi Uilyam Favr (1843-1918) qasrni Jeneva shahriga vasiyat qilib qoldirdi. Uning davrida qasr hududida egri yo‘llar, ko‘lmak va toshdan bog‘ yaratilgandi. 1969 yilda esa ushbu qasrda Rima Papasi Pavel VI boshchiligida katta diniy marosim bo‘lib o‘tdi. Unda 70 mingga yaqin kishi ishtirok etgan. Qayd etish kerakki, Putin va Baydenning uchrashuvi oldidan ushbu qasrga yanada ko‘rk berilmoqda. 

Sammitga tayyorgarlik

OAV xabarlariga ko‘ra, qasrni, allaqachon, sammitga tayyorlash ishlari boshlangan. Rasmiylar ko‘kalamzorlashtirish va xavfsizlik bo‘yicha ish olib bormoqda. Harbiylar va politsiya “o‘ta muhim” sabablarga ko‘ra bog‘ni o‘rab olgan. Bog‘ atrofida radarlar va havo hujumidan mudofaa tizimlari bilan to‘siqlar o‘rnatilgan. “La-Granj” joylashgan rayonda harbiy, maxsus texnika aylanib yuribdi. Shuningdek, uchrashuv paytida har qanday turdagi samolyotlarning Jeneva ustidan uchib o‘tishi taqiqlanadi.

Shahar rasmiylari Jeneva aholisini sammit kuni imkoni boricha uyda o‘tirishga chaqirib, o‘sha kuni yo‘llar va ko‘chalarning to‘sib qo‘yilishini ta’kidlagan. Mahalliy kompaniyalar esa o‘z xodimlarini masofaviy ish formati bilan ta’minlashga chaqirilgan.

“La-Granj” joylashgan hudud Jeneva aholisi va sayyohlari orasida juda mashhur dam olish maskanidir. Bu yerdan siz eng go‘zal Jeneva ko‘lining hayratomuz manzarasi va favvorani ko‘rishingiz mumkin”, deydi shahar rasmiylari.

Ma’lum qilinishicha, ikki mamlakat delegatsiyalari va jurnalistlari “ushbu go‘zalliklar bilan tanishish imkoniyatiga ega bo‘ladi”.

1985 yilda Jenevada AQSHning o‘sha paytdagi Prezidenti Ronald Reygan va Sovet Ittifoqi rahbari Mixail Gorbachyov o‘rtasidagi birinchi yuqori darajadagi uchrashuv bo‘lib o‘tgan, ammo uchrashuv uchun boshqa qasr — “Maison Saussure” tanlangan edi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

212

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing