Harbiylar o‘rtasida JCH: Baratov va Keldiyorova oltin medalni qo‘lga kiritdi
Sport
−
30 Oktabr 2021
2729Bugun, 30 oktyabr kuni Fransiya poytaxti Parij shahrida dzyudo bo‘yicha harbiylar o‘rtasidagi Jahon chempionati boshlandi.
40-marotaba tashkil etilayotgan musobaqaning ilk kunida O‘zbekiston terma jamoasi a’zolari Diyora Keldiyorova va Dilshodbek Baratov o‘z vazn toifalarida oltin medalga ega chiqishdi.
52 kg vazn toifasida O‘zbekiston sharafini himoya qilgan Diyora Keldiyorova harbiylar o‘rtasida jahon chempioniga aylandi. U to‘g‘ridan-to‘g‘ri yarim finaldan bahslarga qo‘shildi. Bu bosqichda fransiyalik Chenne Muniyerni, finalda esa yana bir mezbonlar vakilasi Juliye Veyl Dit Moreyni mag‘lubiyatga uchratib, birinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi.
Erkaklar o‘rtasida 60 kg vazn toifasidagi bellashuvlarda tatamiga chiqqan Dilshodbek Baratov avstriyalik Daniyel Leutgeb, eronlik Muhammad Hoseyn, finalda esa fransiyalik Jolan Florimontdan ustun keldi va shohsupaning eng yuqori pog‘onasiga ko‘tarildi.
Shuningdek, bugungi bellashuvlarda O‘zbekiston terma jamoasi a’zolaridan Shavkat Saitqulov, Artyom Shturbabin (ikkisi ham 66 kg), Obidxon Nomonov (73 kg) va Shukurjon Aminova (57 kg) ham bahslarda ishtirok etdi.
Ma’lumot uchun, ushbu musobaqada Tokio Olimpiadasi sovrindori Davlat Bobonov va Gulnoza Matniyozova ham ishtirok etmoqda.
LiveBarchasi