Harbiylar Iroq poytaxtiga kirdi
Olam
−
01 avgust 2022
41652Iroq poytaxti Bag‘dodga harbiylar kiritildi. Mamlakat xavfsizlik kuchlari “siyosatga aralashmaslikka” ishontirgan, deb yozmoqda “Al-Hadath” telekanali.
Bugun Bag‘dodga harbiylar kiritilgani ma’lum bo‘ldi. Shu bilan birga, rasmiylar namoyishchilarga qarshi tirik va rezina o‘qlar, shuningdek, tutunli bomba ishlatilmasligiga ishontirdi.
“Armiya Iroq xalqi xizmatida. Xavfsizlik kuchlarining vazifasi namoyishchilarni himoya qilish, jamoat va xususiy mulkni qo‘riqlash, har qanday qoidabuzarliklarning oldini olish va vaziyatni beqarorlashtirishga urinayotgan bosqinchilarni aniqlashdan iborat”, deyiladi Mudofaa vazirligi bayonotida.
O‘z navbatida, Iroq xavfsizlik xizmati xavfsizlik kuchlari va harbiylar “har qanday sharoitda ham” mamlakatga sodiqligini isbotlaganini va “siyosiy ishlarga aralashmasligini” ta’kidlagan.
Iroqda ommaviy norozilik namoyishlari bo‘lib o‘tmoqda. Ularning ishtirokchilari Eron tomonidan qo‘llab-quvvatlanadigan shia partiyalari boshchiligidagi Muvofiqlashtiruvchi tuzilma blokidan Muhammad al-Sudaniy nomzodi bosh vazir lavozimiga ko‘rsatilganidan norozi.
30 iyul kuni bir hafta ichida ikkinchi marta namoyishchilar Bag‘doddagi parlament binosiga bostirib kirishdi. Mahalliy Sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, natijada yuzdan ortiq kishi turli darajada tan jarohati olgan.
Iroqdagi siyosiy inqiroz 2021 yil oktyabr oyidan beri davom etmoqda. Deyarli bir yil davomida mamlakat parlamenti Hukumat tarkibini shakllantira olmadi, chunki siyosiy partiyalarning hech biri hal qiluvchi ko‘pchilik ovozga ega emas. 2022 yil iyun oyida “Sadrchilar harakati” partiyasi ko‘pchilik ovoz to‘play oldi, biroq parlamentdan chiqib, muxolifatga o‘tdi.
LiveBarchasi